Annotatsiya
Mazkur darslikda byudjet tashkilotlarida hisobini tashkil etishning dolzarb masalalari hamda ilmiy va uslubiy jihatlari yoritilgan. Darslikda byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobiga doir iboralar, tushunchalar, o‘zlashtirish uchun savollar, adabiyotlar ro‘yhati keltirilgan.
Darslik Oliy ta’lim muassasalari 5230900 – “Buxgalteriya hisobi va audit” (tarmoqlar bo‘yicha) hamda 5341800 “Byudjet hisobi va nazorat” yo‘nalishlari va ularning negizida tayyorlanadigan mutaxassisliklar talabalari, o‘qituvchilar, stajyor tadqiqotchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, undan byudjet sohasida faoliyat qilayotgan buxgalter mutaxassislar shuningdek bu fanga qiziquvchilar foydalanishlari mumkin.
Taqrizchilar:
B. Pardaev - O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i o‘rinbosari, i.f.n.
R.Holbekov - Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti
“Buxgalteriya hisobi” kafedrasi mudiri i.f.d., professor .
A.Karimov - Toshkent moliya instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, i.f.d., professor
So‘z boshi
Bugungi kunda mamlakatimiz byudjet tizimida amalga oshirilayotgan isloxatlarni amalga oshirilishi borasida yuqori malakali mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Ayniqsa byudjet tizimida isloxatlarni amalga oshirilishi natijasida xalqaro standartlar talablari asosida buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritish bo‘yicha qonunchilik asoslari shakllantirildi. Bu jarayonda yuqori malakali buxgalter mutaxasislar tayyorlash ko‘p jixatdan o‘quv-uslubiy ba’zani shakllantirishga qaratilishi ushbu darslikni yaratilishiga asos bo‘ldi.
Ma’lumki byudjet tashkilotlari mablag‘larini maqsadli, samarali sarflanishi, shuningdek mol-mulklari va majburiyatlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilishlarida buxgalteriya hisobining ma’lumotlariga asoslanadi. Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritish orqali daromadlar va xarajatlar smetalari ijrosi jarayonida mablag‘lar va ularning tashkil bo‘lish manbaalari harakatini aks ettirib ijrosi natijalari bo‘yicha tegishli tartibda buxgalteriya va moliyaviy axborotlar shakllantiriladi. Uning yordamida smetalar ijrosi jarayoni bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etiladi.
Bugungi kunda byudjet tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini o‘rni va ahamiyati oshib bormoqda. Jumladan, byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritishning uslubiy asoslari Davlat moliyasi statistikasi bo‘yicha qo‘llanma - 2001 va boshqa tegishli xalqaro standartlar talablari asosida takomillashtirilmoqda.
Darslik yuqorida keltirilgan barcha masalalarni o‘z ichga qamrab olgan bo‘lib “Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi” fanini chuqur o‘zlashtirish imkonini beradi hamda o‘quvchi yoshlar va soxa mutaxaassislarida byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish bo‘yicha nazariy, amaliy ko‘nikma shakllantiradi.
Mazkur darslik olti bobdan iborat. Unda byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi yuritishni tashkiliy, texnik va uslubiy jihatlari keng yoritilgan bo‘lib byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini tashkil etish, uning nazariy-uslubiy asoslari, byudjet tashkilotlarida nomoliyaviy aktivlar hisobi, moliyaviy aktivlar hisobi, debitorlar va kreditorlar hisobi, moliyaviy natijalar hisobi, byudjet tashkilotlari moliyaviy hisobotlarining tarkibi va ularni shakllantirish mavzulari shuningdek mavzuga aloqador nazorat savollari, glosariy aks ettirilgan.
Darslikni yaratilishida byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini tashkil etishga oid amaldagi me’yoriy-xuquqiy xujjatlar, maxsus adabiyotlar, ilmiy maqolalar va halqoro amaliyot tajribalari boshqa tegishli manbaalardan keng foydalanildi.
Darslikni mazmun va shakl jihatidan yanada yaxshilash maqsadida bildiriladigan barcha fikr-mulohazalar va takliflar uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz.
Mualliflar
Do'stlaringiz bilan baham: |