Tuproqlari
Tuproq – inson faoliyati, iqlim, suv, shamol, tirik mavjudotlarning birgalikdagi ta’sirida o’zgargan tog’ jinsining yuqorigi yumshoq qavati. Ma’lumki, tuproq tabiatning eng muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Tuman hududida cho’l zonasiga xos tuproqlar tarqalgan bo’lsada, ular bir butun yaxlit maydonlar hosil qilmaydi. Tuproq ona jinsning xususiyati, joyning relyefi, sizot suvlarning kimyoviy tarkibi va chuqurligi kabi omillarga binoan, tuproqning tiplari almashib turadi. O’zlashtirilganlik darajasiga ko’ra, tuproqlar ikkita katta guruhga: cho’l va voha tuproqlariga bo’linadi.
Cho’l-qo’riq tuproqlari orasida qumli cho’l, taqir-taqirli tuproqlar va sho’rxoklar keng tarqalgan. Qumli cho’l tuproqlari tumanning janubi va sharqiy qismlarida uchraydi. Tuproq kesmasi bo’sh va g’ovak qum qatlamlaridan iborat. chirindiga kambag’al 0,27-0,66% ni tashkil etadi. Taqir tuproqlar mexanik tarkibining og’irligi, tekis yuzali relyefga ega bo’lganligi bilan farqlanib turadi. Taqirning yuza qatlami odatda, zich suv o’tkazmas qatlamga ega bo’lib, o’simlik qoplamiga ega emas. Bu tuproqlar odatda, sho’rlangan oziq moddalarga nisbatan boyroq.
Chirindi miqdori 0,41-1,06% atrofida bo’lib, sug’orma dehqonchilik uchun bir muncha qulayliklarga ega.
O’simliklari
Tumanimiz hududida cho’l va vohaga xos bo’lgan begona o’tlar va yovvoyi o’simliklar keng tarqalgan. Turlarning umumiy soni mingga yaqin. O’zbekistonda 4148 tur o’simlik ro’yxatga olingan. Viloyatning cho’l zonasida 55 oilaga mansub bo’lgan 580 turi aniqlangan. (Granitov,1964yil.) Mahalliy olimlardan A.P.Fayziyev viloyat hududida O’rta Osiyoga bo’lgan endemik o’simliklarning 173 turini aniqlangan. Buxoro vohasida yovvoyi o’tlarning 219 turi borligini ro’yxatga olganlar. (Guzoirov 1968 y.)
Tumanda o’simliklarning geografik tarqalishi, xo’jalik ahamiyatiga ko’ra, cho’l va voha o’simliklari guruhiga bo’linadi. Tuman hududdagi cho’llar asosan, cho’llardir. Ularda saksovul, quyonsuyak, qandim, chorke, patloq, choycho’p, selin, iloq, shuvoq, qumtariq, yaltirbosh vakillari uchraydi. Sho’rxok yerlarda sarsazan, qorabaroq va sho’ralarning bir qancha vakillari o’sadi.
Zarafshon va Amu-Buxoro kanali bo’ylarida to’qay o’simliklari ko’plab uchraydi. Ulardan turang’il teragi, suv toli, kaptar jiyda, kendir, yulg’un, bo’yra, qamish, shirinmiya, devpechak, yantoq va hokazolar keng tarqalgan. Madaniy ekinlarning dalalarida, chellari va ariq bo’ylarida begona o’tlar ham keng tarqalgan. Ulardan salomalaykum, sho’ralar, chokir, yantoq, ming devona, qizilmiya, qamishlar, qo’ypechak, zarpechak ( ajg’ich) yalpiz, zubturum, bo’ztikan, kurmak, oqbosh, bangidevona va boshqalarni uchratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |