Mog‘aki Attor masjidi O‘rta asr me’morchiligining saqlanib qolgan eng qadimiy yodgorligi.
Bu joyda zardushtiylar tomonidan I ming yillikda Olov Ibodatxonasi va bozor qurilgan bo‘lib, u yerda zardushtiylik butlari, dorivor o‘tlar va ziravorlar bilan savdo qilingan. 714-yilda qurilgan masjid arab shayxi, Markaziy Osiyo hududiga islomni olib kelgan birinchi odamlardan biri Qutayba ibn Muslim nomi bilan bog‘liq. Masjid nomi bir necha bor o‘zgartirilgan. IX–XIII asr boshlarida Moh (Oy) deb nomlangan; XVI asrda – Mog‘aki yoki Mog‘aki Attor (attorlar chuqurligi); XVII asrda u Mog‘aki ko‘hna (Eski Mog‘ak) deb o‘zgartirildi.
Odatda binoga olib boradigan zinapoyalar yuqoriga ko‘tariladi. Ammo Buxoroda yodgorliklarda buning aksi kuzatiladi - zinapoyalar pastga tushadi. Vaqt zinalari orqali tarix qa’riga kirib boriladi. Yodgorlik qanchalik eski bo‘lsa, uning atrofidagi madaniy qatlamlar shunchalik kuchli bo‘ladi. XXI asrdanXII asrgacha bo‘lgan farq Mog‘aki Attor masjidiga yaqinlashganda seziladi. U yer sathidan 4,5 metrdan pastda joylashgan.
IX–XI asrlarda bu joyda ikkita muhtasham bino bor edi. Pastki masjid 937-yildagi katta yong‘in paytida yonib ketgan va uzoq vaqt xarobaga aylangan. XII asrning ikkinchi yarmida uning o‘rniga yangi bino quriladi. U asta-sekin nuray boshlaydi. XV asrda janubiy portalning ravog‘i qulab tushadi. XVI asrning birinchi yarmiga kelib, masjid shu qadar yerga cho‘kib ketadiki, 1540–1550 yillarda shaharning bu qismini kapital rekonstruktsiya qilish paytida uni hatto uni buzmoqchi bo‘lishgan.
XX asrning boshlariga kelib, masjid deyarli tomigacha tuproq bilan qoplangan edi, faqat XVI asrning yarim vayrona gumbazlari va portalining bir qismi qad rostlab turardi. 1930-yillarda bu yerda muhim arxeologik tadqiqotlar va restavratsiya ishlari olib borildi, X asrga tegishli o‘yma bezaklar qoldiqlari va poydevorlar topildi. Tuproq qatlami ostida noyob ko‘k bezakli va o‘ymakor mayolikali masjidning janubiy portali ochildi. Portalning yon tomonlaridagi qo‘shqavat chorak ustunlar islomgacha bo‘lgan davrning aks-sadosi hisoblanadi, nafis bezak ko‘rinishidagi bejirim kompozitsiyalar bilan oro berilgan beshta ganch plitalarining bezaklari esa islomning qudrati va buyukligi haqida gapiradi.
1991-yildan boshlab Mog‘aki Attorda Gilamlar muzeyining ekspozitsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.