17-modda. Aksiyalarni (ulushlarni) olishda monopoliyaga qarshi talablar
Monopoliyaga qarshi organ shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga oldindan rozilik beradi.
Quyidagi hollarda monopoliyaga qarshi organning shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyekt ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga oldindan roziligini olish zarur bo‘ladi, agar:
bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa;
bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum eng kam oylik ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa.
Ushbu moddaning talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
xo‘jalik yurituvchi subyektni tashkil etish chog‘ida uning muassislariga;
xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan o‘z aksiyalarini olishga doir bitimlarga;
aksiyadorlik jamiyati o‘z ustav fondining (ustav kapitalining) miqdorini saqlab qolgan taqdirda, boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga o‘zgartirilganda;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalar (ulushlar) ishonchli boshqaruvga berilganda, shuningdek aksiyalar (ulushlar) keyinchalik qayta sotish maqsadida investitsiya vositachilari tomonidan olinganda;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalar (ulushlar) xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq olinishiga doir bitimlarga;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalari (ulushlari) davlat xususiylashtirish dasturlari doirasida olinishiga doir bitimlarga;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalar (ulushlar) jismoniy shaxs tomonidan olinishiga doir bitimlarga, agar ariza bilan murojaat etilgan paytda bunday jismoniy shaxs biror-bir xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortig‘ini tasarruf etmagan bo‘lsa.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishga doir bitimlarni ko‘rib chiqish hamda bunday bitimlarni tuzish uchun oldindan rozilik olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(17-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi O‘RQ-459-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |