13-modda. Insofsiz raqobatni taqiqlash
Insofsiz raqobat, shu jumladan:
boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektga zarar keltirishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri taqqoslashlar. Bunda xo‘jalik yurituvchi subyektning tovarini xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsiflarni yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda tovarning ustunligi haqida taassurot hosil qiluvchi so‘zlardan yoki belgilardan foydalanish orqali boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) o‘zga tovari bilan taqqoslash yoxud ko‘rsatilgan so‘zlarni yoki belgilarni o‘z ichiga olgan tasdiqlar yolg‘on, noaniq bo‘lgan yoki buzib ko‘rsatilgan hollar noto‘g‘ri taqqoslashdir;
yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individuallashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda tovarni realizatsiya qilish, shu jumladan tovarni xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bo‘lgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, o‘rovlarda joylashtirish yo‘li bilan yoki sotilayotgan yoxud fuqarolik muomalasiga o‘zgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish yo‘li bilan, shuningdek ushbu belgidan domen nomida foydalanish orqali qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda realizatsiya qilish;
tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish, xo‘jalik yurituvchi subyekt (raqobatchi) tomonidan fuqarolik muomalasiga kiritiladigan tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamg‘alanishini, etiketkasini, o‘rovini, ranglar uyg‘unligini, tovar belgisini takrorlash, reklama materiallaridan yoki xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovarini individuallashtiruvchi boshqa elementlardan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish;
(13-moddaning birinchi qismi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi O‘RQ-429-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni, shu jumladan tijorat sirini egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;
tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektning kirishiga to‘siq qo‘yish taqiqlanadi.
Yuridik shaxsni individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga bo‘lgan mutlaq huquqni olish, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyekt (raqobatchi) tomonidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovarga nisbatan belgi bilan aynan o‘xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilmaydi.
(13-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi O‘RQ-429-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
Monopoliyaga qarshi organning ushbu modda ikkinchi qismining tovar belgisiga bo‘lgan mutlaq huquqni olish xususidagi qoidalari buzilganligini e’tirof etish to‘g‘risida chiqargan qarori tovar belgisiga huquqiy muhofaza berish haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish uchun manfaatdor shaxs tomonidan intellektual mulk bo‘yicha vakolatli organga yoki sudga yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |