12-modda. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlarini taqiqlash
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining:
faoliyatning biror bir sohasida yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga cheklovlar joriy etishi, shuningdek faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishni yoki muayyan tovarlar ishlab chiqarishni man etishi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;
shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag‘larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining afzalligi to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi subyektga ko‘rsatmalar berishi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;
ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibatda raqobat cheklanishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashishi;
o‘z vazifalarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarning vazifalari bilan qo‘shib bajarishi;
ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilashi taqiqlanadi.
Alohida hollarda, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tabiiy ofatlar, halokatlarning oqibatlarini tugatish hamda epidemiyalarning oldini olish maqsadida ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan hujjatlar qabul qilishi va harakatlarni amalga oshirishi mumkin.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining tovar yoki moliya bozorining normal faoliyat ko‘rsatishiga, raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga, shu jumladan:
narxlarni yoki tariflarni oshirishga, pasaytirishga, saqlab turishga;
tegishli bozorni hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olishga;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlatishga olib keladigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
(12-moddaning uchinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi O‘RQ-459-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son)
Yuridik shaxslar birlashmalarining xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy faoliyatiga pirovard natijada raqobatni cheklab qo‘yadigan yoki cheklab qo‘yishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashishi taqiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |