29. Jahon xo’jaligi aloqalarini xalqaro tartibga solish.
Butun jahon xo’jalik hayotining baynalminallashuvi davlatlararo xo’jalik aloqalarni tartibga solishning mexanizmini yaratish zarurligiga olib keldi. Hozirgi davrda qandaydir tartibga soluvchi tuzilma amal qilmaydigan xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasini topish qiyin. Jumladan, moliya, valyuta va kredit sohalarida Xalqaro valyuta fondi (XVF), Xalqaro ta’mirlash va rivojlanish banki (XTRB), jahon savdosi sohasida – Tariflar va savdo bo’yicha bosh kelishuv – Jahon savdo tashkiloti (TSBK – JST)ni ko’rsatish mumkin.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish milliy-tashkiliy shakllardan boshlanadi. Xo’jalik hayotining baynalminallashuv jarayoni dastlab milliy davlatlar faoliyatini xalqaro uyg’unlashtirishga, keyin esa davlatlararo va xalqaro tashkilotlar tuzilishiga olib keldi.
Huquqiy ma’noda tartibga solish xalqaro tartiblarni o’rnatishga, ya’ni me’yoriy chegaralar va qoidalarni aniqlovchi kelishuvlarni ishlab chiqarishni yoki xalqaro aloqalarning qandaydir sohasini hal qilishda tomonlar zimmasiga majburiyatlarga amal qilishni yuklaydi. Umumqabul qilingan andozalar va qoidalarni o’z ichiga oluvchi xalqaro tartiblar o’z navbatida milliy tatibga solishga ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Birinchi xalqaro tashkilotlar XX asrning 20-yillarida tuzilgan bo’lsada (Millatlar ligasi – 1919 yil, Xalqaro hisob-kitoblar banki – 1929 yil), xalqaro darajada jahon xo’jalik aloqalarini ko’p tomonlama tartibga soluvchi tuzilmalar ikkinchi jahon urushidan keyin shakllana boshladi.
1945 yil maxsus xalqaro uyg’unlashtiruvchi muassasalar – Xalqaro valyuta fondi (XVF) va Xalqaro ta’mirlash va rivojlantirish banki (XTRB) tashkil topdi. Hozirgi davrda ham ularning ikkalasi muhim xalqaro tashkilot hisoblanib, jahon savdosi, xalqaro kredit va valyuta munosabatlari sohalarini davlatlararo tartibga solishning tartib-qoidalarini aniqlab beradi. Urushdan keyingi davrda tuzilgan Tariflar va savdo bo’yicha bosh kelishuv (TSBK), yevropa iqtisodiy hamkorligi tashkiloti (EIXT), NATOning iqtisodiy masalalarni uyg’unlashtiruvchi komiteti (IMUK) xalqaro iqtisodiy munosabatlarni erkinlashtirish davriga to’g’ri keldi.
Jahon savdosini erkinlashtirish ko’p tomonlama shartnoma asosida harakat qiluvchi, xalqaro savdo tartib qoidalarini qayd qiluvchi, 1948 yilning 1 yanvaridan buyon Tariflar va savdo bo’yicha bosh kelishuv (TSBK) nomi bilan faoliyat ko’rsatib, 1995 yil 1 yanvardan Jahon savdo tashkiloti (JST) deb yuritiluvchi xalqaro tashkilot doirasidagi faoliyat bilan bog’liq. Hozirgi davrda JST jahon savdo aylanmasining 45 qismidan ko’prog’ini tartibga soladi. JST milliy va mintaqaviy darajada vaqti-vaqti bilan kuchayib boruvchi protektsionizmga qarshi turadi, milliy manfaatlarni o’zaro kelishtirishga yordam beradi. Uning faoliyati savdoda kamsitmaslik, savdoda tarifli va tarifsiz cheklashlarni aniqlashda teng asosda maslahatlashish kabi tamoyillarga asoslanadi. JST faoliyatining asosiy shakli qatnashuvchi tomonlarining ko’p tomonlama savdo muzokaralarini o’tkazish hisoblanadi. Ammo jahon savdosi raqobat kurashi asosida boradi, shu sababli o’zaro maqbul qarorlarni qidirib topishga va savdoni xalqaro darajada tartibga solishga ko’plab qiyinchiliklar bilan erishiladi.
Davlatlararo tashkilotlar ichida barcha sanoat jihatdan rivojlangan mamlakatlarni birlashtiruvchi IHRT muhim rol o’ynaydi. Uning doirasida ichki iqtisodiy tadbirlarning boshqa mamlakatlar milliy iqtisodiyoti samaradorligiga ta’sirini, ularning to’lov balansi holatini o’rganish amalga oshiriladi, milliy iqtisodiyotning jahon xo’jaligi tamoyillariga tez moslashishini ta’minlash maqsadida makroiqtisodiy tartibga solish bo’yicha tavsiyanomalar beriladi. IHRT jahon xo’jaligi doirasida ko’p omilli fuktsional aloqalarni o’rganishni amalga oshiradi, valyuta va budjet siyosati, narxlar, savdo va boshqa sohalar bo’yicha ilmiy asoslangan iqtisodiy prognozlar tavsiya etadi.
Sharqiy yevropa mintaqasida tarkibiy qayta qurishga moliyaviy ta’sir ko’rsatish va yordam tashkil qilish maqsadida 1991 yil yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) tuzildi. Shuni ta’kidlash lozimki, jahon iqtisodiy munosabatlarini xalqaro tartibga solish tizimida doimiy o’zgarishlar ro’y berib turadi. 80-yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sabablar taqozo qilgan dunyo siyosiy vaziyatdagi o’zgarishlar, jahon xo’jalik aloqalari tizimini ko’p tomonlama tartibga solish shakllari evolyutsiyasiga olib keldi. Bular ichida sobiq sotsialistik mamlakatlarda vaziyatning o’zgarishi, tashqi faoliyatida mustaqil sub’ektlarni tashkil qiluvchi davlatlar sonining keskin ko’payishi hamda dunyo mamlakatlari ichida ro’y beradigan o’zgarishlar muhim o’rin tutadi. 80-yillarning o’rtalarida dunyoda AQSH, G’arbiy yevropa va YAponiyadan iborat ancha qudratli raqobatlashuv markaz vujudga keldiki, bu ham jahon iqtisodiy munosabatlarini tartibga solishga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Jahon xo’jalik aloqalarini tartibga solishga xalqaro tashkilotlar a’zolar tarkibidagi o’zgarishlarning ham ta’siri bo’ldi. XVF, XTRB, TSBK (XST)ga Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidagi ozod bo’lgan mamlakatlar va keyin qator sobiq sotsialistik mamlakatlar faol kira bordiki, bu ham jahon xo’jaligi aloqalarini tartibga solishda ma’lum o’zgarishlarga olib keladi.
Evropa Ittifoqi (EI) doirasida yagona bozorni bunyod etishga harakat tufayli yagona umumevropa fuqaroligi, iqtisodiy, valyuta va siyosiy ittifoq ta’sis etiladi. Bu Ittifoqning Shartnomada belgilangan vazifalarini bajarish uchun bir qator yevropa muassasalari tuzildi.
Yevropa Ittifoqining ijroiya organi Yevropa hamjamiyati Komissiyasi (EHK)dir. Uning a’zolarini milliy hukumatlar tayinlaydi, lekin ular o’z faoliyatlarida mutlaqo mustaqildir.
Ittifoqning qarorlar qabul qilish organi Vazirlar Kengashi hisoblanadi. Uning tarkibida ichki ishlar, moliya, ta’minot, qishloq xo’jaligi kabi Vazirlar Kengashi mavjud bo’ladi. Yevropa hamjamiyati Komissiyasi faoliyatini nazorat qilish, hamjamiyat budjeti va qonunlarini ma’qullash hamda ularga o’zgartirish kiritish huquqi Yevropalament zimmasiga yuklatiladi.
Yevropa Ittifoqida 1999 yildan boshlab yagona pul-kredit siyosati o’tkazila boshlandi. Shu munosabat bilan yagona valyuta – EKYU, 2004 yildan boshlab yevro joriy etildi va yangi muassasa – Yevropa Markaziy banki tuzilib, u milliy banklar bilan birga y Yevropa banklar tizimining asosini tashkil qildi.
Shuningdek, hozirgi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi yuz berishi va ko’plab mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatib, katta ijtimoiy-iqtisodiy talofatlar keltirishi rivojlangan mamlakatlar hukumatlarini jiddiy tashvishga solib qo’ydi. Ushbu inqirozga qarshi birgalikda kurashish va uning oldini olish maqsadida dastlab 2008 yil noyabr oyida Vashingtonda, keyin 2009 yil aprel oyida Londonda jahon yalpi mahsulotining 85 foizini ishlab chiqaradigan 20 ta yirik davlat ishtirokidagi sammit o’tkazildi. Prezidentimiz dastlabki sammit muhokamalarida inqirozni keltirib chiqargan sabablar tahlili bo’yicha sammit ishtirokchilarining yagona yondashuvga ega emasligi, shu bois ushbu global moliyaviy inqirozning jiddiy va uzoq davom etadigan oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan umumiy va samarali dastur ishlab chiqish haqida hali erta ekanligini qayd etib, «shu bilan birga, mazkur sammitning bo’lib o’tgani, unda jahon moliya inqirozi bilan bog’liq muammolar va vujudga kelgan vaziyat muhokama qilinganining o’zi umid uyg’otadigan ijobiy hol ekani shubhasiz»14, deya baholadilar.
Jahon xo’jaligi murakkab tizim hisoblanadi. Turli milliy iqtisodiyotlar (yoki ular tashqi iqtisodiy qismlari)ning barcha majmui tovarlar, xizmatlar va ishlab chiqarish omillarining harakati bilan mustahkamlangan bo’ladi. Shu asosda mamlakatlar o’rtasida xalqaro iqtisodiy munosabatlar vujudga keladi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar (ba’zida ularni tashqi iqtisodiy aloqalar, jahon xo’jaligi aloqalari deb ham yuritiladi) – bu jahonning turli mamlakatlari o’rtasidagi xo’jalik aloqalari majmuidir.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar quyidagi shakllarda namoyon bo’ladi:
tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi;
kapital va chet el investitsiyalarining harakati;
ishchi kuchi migratsiyasi;
ishlab chiqarishning davlatlararo kooperatsiyasi;
fan va texnika sohasidagi ayirboshlash;
valyuta-kredit munosabatlari.
Tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi eng avvalo milliy xo’jaliklarning xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokiga bog’liq. Xalqaro mehnat taqsimoti rivojlanishi natijasida jahon bozori tarkib topadi. Jahon bozoriga tovar va xizmatlarning xalqaro harakati sifatida qarash mumkin. Jahon bozori o’zining rivojlanishida bir qator bosqichlardan o’tadiki, ulardan har biri milliy xo’jalikning xalqaro iqtisodiy munosabatlarga jalb qilinishining ma’lum darajasi bilan tavsiflanadi. Tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi va jahon bozorining asosiy belgi va xususiyatlarini 27-bobda batafsil ko’rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |