1. Don va uni qayta ishlasjdan olingan mahsulotlarni saqlash borasidagi muammolar
Mazkur Nizom don va don mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, ichki tashish, qayta ishlash va sotishning dastlabki miqdor va sifat jihatidan hisobini yuritish va hujjatlar bilan rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomning amal qilishi davlat ehtiyojlari uchun don xarid qilish, ularni saqlash, qayta ishlash hamda don va don mahsulotlarini sotish faoliyatini amalga oshiruvchi mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tatbiq etiladi. Bunday korxonalar sirasiga don tayyorlash korxonalari, elevatorlar, tegirmonlar, yorma, omixta yem va urug‘ni qayta ishlash korxonalari va boshqa korxonalar kiradi.
2. Don va don mahsulotlarining miqdor va sifat jihatidan dastlabki hisobi (keyingi o‘rinlarda “dastlabki hisob” deb ataladi):
don va don mahsulotlarining saqlanishi va ulardan oqilona foydalanilishi ustidan nazorat qilishni;
don va don mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, ularga ishlov berishda, shuningdek don mahsulotlari ishlab chiqarishda ularning massasi va sifati o‘zgarishini aniqlashni;
sotuvchilar (yetkazib beruvchilar) hamda xaridorlar (oluvchilar) o‘rtasida, shu jumladan ichki tashishda don va don mahsulotlari uchun hisob-kitoblarning to‘g‘riligini;
don va don mahsulotlari sifati yomonlashuvining oldini olishni ta’minlashi shart.
3. Dastlabki hisob don va don mahsulotlari bilan barcha xo‘jalik operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni, ularni yalpi, uzluksiz va hujjatli hisobga olish yo‘li bilan yig‘ish, ro‘yxatdan o‘tkazish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimini ifodalaydi.
4. Miqdor va sifat jihatidan dastlabki hisobni tashkil etishni va uning to‘g‘riligini korxona rahbari ta’minlaydi.
5. Don va donni qayta ishlash mahsulotlarining miqdor jihatidan hisobi va ular bilan operatsiyalar fizik og‘irlikda bir kilogrammgacha aniqlikda olib boriladi. Bundan tashqari, un va yormaning, shuningdek zavodda idishga joylashtirilgan makkajo‘xori va boshqa ekinlar urug‘ining hisobi idishlar soni bo‘yicha yuritiladi.
6. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
don — g‘alla va dukkakli ekinlar, moyli ekinlarning oziq-ovqat, yem va texnik maqsadda foydalaniladigan doni;
don mahsulotlari — un, yorma, non-bulka va makaron mahsulotlari, omixta yem, yem aralashmasi, kepak va donni qayta ishlashdan olingan qo‘shimcha mahsulotlar;
don va uni qayta ishlash mahsulotlarining sifat sertifikati — don va uni qayta ishlash mahsulotlari sifatining normativ hujjatlar talablariga, shuningdek ularning ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotni tayyorlagan korxona nomiga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat;
IChTL — ishlab chiqarish texnologiya laboratoriyasi;
yiroqdagi punktlar — korxonaga tegishli bo‘lgan, don topshiruvchilardan donni qabul qiluvchi va uni vaqtincha saqlash funksiyasini bajaruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan punktlar;
reklamatsiya dalolatnomasi — don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifat va miqdor jihatidan muvofiq bo‘lmaganda, ularni qabul qilishda e’tiroz bildirish uchun tuziladigan dalolatnoma.
7. Moddiy javobgar shaxslar — don va don mahsulotlarining miqdor va sifat jihatidan saqlanishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar: elevatorlar va mexanizatsiyalashtirilgan don saqlash omborlarining katta masterlari (ishlab chiqarish uchastkalari boshliqlari), ishlab chiqarish uchastkalari masterlari, ombor mudirlari, yiroqdagi punktlarning omborlarga bevosita mutassaddilik qiluvchi mudirlari, makkajo‘xori urug‘ligiga ishlov beruvchi makkajo‘xori donini kalibrlovchi sexlar boshliqlari, omixta yem komplekslarining ishlab chiqarish boshliqlari, omborlarga mutasaddilik qiluvchi urug‘lik tozalovchi korxonalar (sexlar) boshliqlari. Tegirmonlar, yorma, omixta yem va urug‘lik tozalovchi korxonalarda (sexlarda) tayyor mahsulotlarning miqdor va sifat jihatidan saqlanishi uchun, ular omborlarga berilgungacha, korxonalarning ishlab chiqarish sexlari boshliqlari javob beradilar.
8. Korxona rahbarlari har bir moddiy javobgar shaxs bilan alohida, ishga qabul qilish vaqtida unga topshirilgan hamda shartnoma amal qilishining barcha davrida u qabul qilib olgan barcha moddiy boyliklar uchun to‘liq mulkiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzadilar. Shartnomalar ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq bilan bir vaqtning o‘zida tuziladi.
Korxona rahbari moddiy javobgar shaxsni mazkur Nizom bilan tanishtirishi shart. Don va mahsulotlarni saqlashga javobgar bo‘lgan shaxslar almashtirilganda, uning javobgarligida bo‘lgan barcha moddiy boyliklar yangi tayinlanayotgan shaxsga qat’iy ravishda tarozida tortib yoki qoplangan mahsulot miqdori joylarini qayta hisoblash orqali topshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |