G ‘ayri tilini sa ’y qiling bilgali yoshlar,
Lozim siza har tilni biluv ona tilidek...
Xor ho ‘Imasin onlar dog'i til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidan oni bag‘ri to‘la qondir.
Yangi zamon ruhi bilan sug‘orilgan bunday xalqchil she’rlarni Anbar Otin, Nozimaxonim, Mirmuhsin-Fikriy, Xislat, Noqis Kattaqo‘rg‘oniy, Bayoniy, Faqiriy, Xurshid, Kamiy, Toshxo‘ja Asiriy kabi shoirlar ijodidan ham keltirish mumkin7. Bu shoirlar ijodida vatanparvarlik, insonparvarlik, ma’rifatparvarlik va axloq-odob mavzulari asosiy o‘rinni egallaydi.
M. Behbudiyning “Padarkush” dramasi yozilgach (1911), uni nashr etish oson bo‘lmadi. Yerli xalqni ezib, uning taraqqiy etishiga, o‘z g‘ururini anglash, o‘z milliy adabiyoti, tili, madaniyatini rivojlantirishga to‘sqinlik qilib kelgan chorizm, uning Turkistondagi mustabidlari bu asarni o‘z vaqtida kitob holida bosib chiqarishga yo‘l qo‘ymadilar. Asar matbuotda ilk bor «Turon» ro‘znomasida 1912-yilda bosildi.
Drama 1913-yilda kitob holida o‘zbek tilida nashr etildi. Biroq uning muqovasida rus tilidagi: «Rusiyaning fransuz istibdodidan qutulishi va mashhur Borodino muhorabasi xotiralari yubileyiga bag‘ishlayman» degan yozuv bor edi. Chor senzurasidan o‘tish uchun muallif shunday qildi.
Pesa tezlikda Turkistonning ko‘plab shaharlarida mashhur bo‘lib ketdi: Samarqand, Toshkent, Buxoro singari o‘nga yaqin shaharda sahnada o‘ynaldi.
Asar 1914-yili Samarqandda qo‘yilganda «Oyna» gazetasi bunday yozgan edi: «Xalq nihoyat ko‘p kelib, bilet yetmagani va joy yo‘qligi uchun uch-to‘rt yuz kishi qaytib ketdi... Uch so‘m berib tikka turmoqqa ham rozilar bo‘ldi».
U vaqtda aktyorlar masalasi ham juda murakkab edi. Pesadagi Liza va boyning xotini timsollarini bir kishi o‘ynadi. U ham bo‘lsa erkak aktyor Abdulla Badriy edi. Asarni sahnaga qo‘ygan Samarqand truppasiga Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘zi rahbarlik qilgan edi. Pesa Toshkent truppasi tomonidan qo‘yilganda boy rolini Abdulla Avloniy o‘ynagan. «Turkiston viloyatining gazeti» (1914) pesa Yevropa teatrlari darajasida qo‘yildi, deb baholadi.
«Padarkush» dramasining asosini ma’rifatparvarlik g‘oyasi tashkil etadi. Xalq o‘qish, ma’rifat, ilm egallash bilangina qoloqlikdan chiqishi mumkin; turmushni yaxshilash natijasida jahonning taraqqiy etgan xalqlari darajasiga ko‘tarilish mumkin.
Jamiyatdagi barcha badbaxtlik, barcha baxtsizlik zamon talab qilayotgan ilmlarni egallamaslik tufaylidir. Jaholat, madaniyatsizlik va boshqa jamiki illatlarning sababi ham mana shunda — ilmga, ziyoga, ma’rifatga bepisandlik bilan qarashda, demoqchi bo‘ladi muallif butun asari davomida.
Boyning o‘g‘li Toshmurod qanday odam ekani dramaning boshidayoq bilinadi. Xonada mehmonlar bo‘lishiga qaramay, odobsizlarcha, na salom bor, na alik, hovliqqancha kiradi-yu, tomoshaga borajagini aytib, otasidan pul so‘raydi. Otasining: vaqtliroq qayt, yomon joylarga borma,— degan gapiga javoban Toshmurodning «ko‘p gapirasiz-da,» deb beandishalik va o‘ta beodoblik ko‘rsatishi bizda darhol unga salbiy munosabat uyg‘otadi.
Dramani o‘qir ekanmiz, Toshmurodning eski maktabga ham, yangi maktabga ham bormasligini bilib olamiz. Holbuki, u o‘n olti yoshlar atrofida, Demak, takasaltang.
Asarning ichiga chuqurroq kira borgan sari, aslida bolaning otaga, otaning bolaga o‘zaro mos, bir-biriga mutanosib ekanini idrok etamiz.
Ota dunyoning jamiki izzatini faqat boylikda deb tushunadi. Axir odamlar o‘qimishli kishidan, mulladan ko‘ra o‘qimagan bo‘lsa ham puli ko‘pni, boyni hurmat qiladi-ku, deydi u. Shuning uchun ham, uning fikricha, o‘ziga o‘xshagan boylarni faqat musulmonlar emas, hatto o‘ris va armanlar ham hurmat qiladi.
Dramada Domulla timsoli ham berilgan. U boyning bu fikrlariga qarshi chiqib, bolani albatta o‘qitish zarur, degan fikrni aytadi. Xulosa chiqarsak bo‘lmaydimi axir, yigirma-o‘ttiz yildan beri barcha yirik savdo ishlari yerli xalq emas, chetdan kelganlar qo‘lida. Agar o‘zimiz, bolalarimiz o‘qigan, savodli, ilmli bo‘lsak edi, shu ko‘yga tushmasdik, deydi Domulla. Lekin, boy bu fikrlarni loaqal bir o‘ylab ko‘rish o‘rniga, uning egasi ustidan tahqiromuz kuladi va «o‘qiganning biri siz, yemoqqa noningiz yo‘q» deb javob beradi.
Bundan sakson yil avval aytilgan bu gaplar hozirgi zamondoshimizni ham o‘ylashga unday oladi.
Asardagi teran ishlangan, zamonaviy ahamiyati jihatidan hozir ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan timsollardan biri Ziyoli obrazidir. «...Ilm va hunarsiz xalqning boyligi, yeri va asbobi kundan-kun qo‘lidan ketganidek, axloq va obro‘yi ham qo‘ldan chiqar, xatto dini ham zaif bo‘lur». Sermiqyos, katta ma’nodagi ilm-hunarimiz, o‘zligimiz, mustaqilligimiz qo‘ldan chiqishi tufayli salkam yetmish besh yil davomida xalqimiz qay ahvolga tushib qolgani. Behbudiy qahramonining bu fikrlari nechog‘liq to‘g‘ri bo‘lganiii ko‘rsatib turibdi.
Behbudiy shu ziyoli tilidan Turkiston xalqi uchun ikki yo‘nalishdagi olimlar zarur, degan fikrni ilgari suradi. Biri diniy yo‘nalishdagi ulamolar bo‘lib, ular xatib, imom, mudarris, mufti va boshqalardir. Bular xaloyiqning diniy va axloqiy ishlarini boshqaradi. Ular Turkiston va Buxoroda diniy ta’lim olgach, hatto rus tilini ham o‘rganib, so‘ng Makka, Madina, Misr va Istambulda tahsilni davom ettirishlari kerak.
Ikkinchisi esa zamonaviy yo‘nalishdagi olimlardir. Ularni Behbudiy «olimi zamoniy» deb ataydi. Bu yo‘nalish egalari, muallif fikricha, avvalambor, albatta, musulmoncha xat va savodni chiqarib, diniy jihatdan ham muayyan tahsil olib, «o‘z millatimiz tilini biladurg‘ondan so‘ngra» dunyoviy yo‘nalishdagi maktablarga borishi kerak.
Ziyoli fikricha, yoshlarimiz gimnaziyalarni o‘qib bitirganlaridan so‘ng Peterburg va Moskva dorilfununlarida doktorlik, qonunchilik, injenerlik, sudyalik, ilmi sanoat, ilmi iqtisod, ilmi xikmat, ilmi muallimlik sohalarini o‘zlashtirishlari lozim. Bu bilan kifoyalanib qolmay, bolalarimizni Farangiston, Amriqo, Istambul dorilfununlariga ta’lim-tarbiya uchun yuborishimiz zarur. Bu borada Kavkaz, Orenburg, Qozon boylaridan ibrat olish kerak, ularning kambag‘al bolalar o‘qishiga alohida e’tibor berishlaridan o‘rnak olsak arziydi.
Ko‘rinib turibdiki, «Padarkush» dramasidagi bu g‘oya muallifning yuqoridagi publisistik maqolalarida ilgari surilgan g‘oyalariga esh va hamohangdir. Bu hol Behbudiy ijodida ma’rifatparvarlik g‘oyasi markaziy o‘rinda turishini ko‘rsatadi.
Ziyoli tomonidan yuqoridagi fikrlar aytilishi ko‘rsatilgan joyda Behbudiyning badiiy jihatdan yuksak bir mahoratini sezamiz. Nihoyatda ixcham, qisqa bir manzara-chizgi orqali muallif Boyning xarakterkni yanada tiniqroq gavdalantirishga erishadi. Bunday tipiklashtirish orqali Behbudiy Turkistondagi xudbin puldorlarning umumlashma qiyofasini yaratadi.
Ziyoli kuyunchaklik bilan aytgan yuqoridagi gapga Boy qanday munosabatda bo‘ladi? U o‘tirgan joyida bir tarafga og‘gancha hurrak ota boshlaydi. Mana, bu puldorning el, ulus haqida qayg‘urib aytilgan dardman fikrlarga munosabati-yu, uning haqiqiy qiyofasi.
Bu kichkinagina manzaraga muallif katta mazmun sig‘dirolgan. Uzundan-uzun dialoglarda aytilishi mumkin bo‘lgan ma’noni dramaturg bir necha soniyali vaqtda, bir kichik detaldayoq bera, olgan.
Boyni o‘z o‘g‘li emas, aslida o‘g‘lining shishadoshi Tangriqul o‘ldiradi. Lekin, bundan qat’i nazar, drama «Padarkush», ya’ni «Ota qotili» deb ataladi. Bu bilan muallif ota o‘limi sababchisi o‘g‘lidagi norasolik, ilmsizlik, jaholat, badxulq odamlardan hamroh orttirish demoqchi bo‘ladi. Bundan tashqari, Behbudiy fikricha, jamiyat tanazzulining boisi millat farzandlarining davr talab qilgan darajadagi kamolotga intilmasligidadir.
«Padarkush» dramasi XX asr tongidagi o‘zbek adabiyotida chuqur iz qoldirdi, shakllanib kelayotgan yosh adiblarga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Qodiriy «Baxtsiz kuyov» dramasini Behbudiyning «Padarkush» asari ta’sirida yozganini o‘zi aytgan edi.
«Padarkush» dramasi ayrim kamchiliklardan ham xoli emas edi. Ayniqsa, ayrim qahramonlar harakati, xarakteridagi dalillash san’ati ba’zi o‘rinlarda kuchsiz. Xususan, qotillik epizodi sun’iyroq. Asarda g‘oya doim ham qahramonlar xarakteri, harakatidan emas, ko‘proq muallif maqsadlarini tezroq ochishga intilishdan kelib chiqadi. Bu, chamasi, obraz harakatini g‘oyaga bo‘ysundirishga berilib ketishdan va drama janridagi tajriba ozligi tufaylidir.
Behbudiy bu asarda adabiyotimizda birinchilardan bo‘lib, vatanda yashab turib bevatan qolish muammosini ham ko‘tarib chiqadi va bu muammoga javob topishga harakat qiladi. Bizlarni bevatan qilishi mumkin bo‘lgan narsa tarbiyasizlik va ilmsizlikdir, deyilar ekan, bu erda gap qotillik bois uzoq o‘lkalarga surgun qilinish va shundan kelib chiqadigan bevatanlik haqida borayotgan bo‘lsa-da, Behbudiy talqinida bu fikr anchagina tagzaminga ega ekanini sezib olish mumkin.
Xulosa Qilib aytganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy XX asr tongidagi o‘zbek madaniyati, adabiyoti va milliy tafakkuri tarixida teran iz qoldirgan ulkan arboblarimiz safidan munosib o‘rin egallashga haqli siymolardan biridir.
Abdulla Avloniyning «Turkiy «Turkiy Guliston yoxud axloq» nomli 1913 yilda yozilgan asari XX asr boshlaridagi o‘zbek pedagogikasi tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega. U shakl, qurilish (kompozisiya), mazmun va maqsad jihatidan buyuk fors shoiri SHayx Sa’diy (1203—1292) ning «Bo‘ston» hamda «Guliston» nomli jahonga mashhur asarlarining an’analari ruhida yozilgan. Buni asar nomidagi ishoraning o‘ziyoq ko‘rsatib turibdi.
Abdulla Avloniy «Turkiy Guliston...» asarini o‘z davrining maktablari, yoshlari, xususan, yuqori sinf o‘quvchilari uchun qo‘llanma tarzida yaratdi.
Asarning tub mohiyatini yoshlarni ma’rifatga chorlash, sharqona, ko‘p asrlik milliy an’analarimiz ruhidagi tarbiya ishining yo‘l-yo‘riqlarini talqin etish, ayni vaqtda, ta’lim-tarbiya sohasida yangi asrning ilg‘or talablarini qo‘yish, axloq muammolarining shaxs kamoloti va jamiyat ravnaqidagi o‘rnini yoritish tashkil etadi. Abdulla Avloniy «Turkiy Guliston...»da yaxshi va yomon xulq, ruh, fikr, axloq, uy va maktab tarbiyalari haqida mulohaza yuritar ekan, ularning har biridagi o‘ziga xos tomonlarni ochib berishga harakat qiladi. Uning o‘qish, o‘qitish, tarbiya ishlarida davr talabi asosida islohotni amalga oshirish nihoyatda zarur degan fikri o‘z zamoni uchun ham, bugungi kun uchun xam qimmatlidir. «Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidur», deb yozadi Avloniy.
Shunisi alohida diqqatga sazovorki, «Turkiy Guliston...» da tarbiyaviy ishlar bugun deyarli unutilib borayotgan diyonat, sa’y va g‘ayrat, riyozat, shijoat, qanoat, sabr, hilm, nafs, vijdon, iffat, hayo, viqor, hifzi lison, munislik, xayrixoxlik, oliyhimmatlik kabi yuksak axloqiy tushunchalar (ilmni egallash va vatanparvarlik g‘oyasi bilan chambarchas aloqada); zulm, nifoq, ta’ma, hasad, loqaydlik, giybat, haqorat, uyatsizlik, namimat (chaqimchilik), adovat, xasislik, vijdonsizlik, johillik, gazab, xiyonat singari shaxs tabiatidagi yomon xulqlar (millat va vatan saodatiga e’tiborsizlik va bepisandlik bilan bog‘langan holda muhim ijtimoiy muammo sifatida talqin etiladi. Ularning inson hayoti va takdiridagi o‘rni va rolini muallif lo‘nda, aniq va muxtasar ravishda talqin qiladi. Bu axloq luzumlarini chuqur o‘zlashtirish bugungi yoshlar uchun ham, shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.
Asar quruq pand-nasihatlardangina tashkil topgan emas. Undagi qator fikr, g‘oyalarda XX asr boshlaridagi Turkiston xalqlarining milliy uyg‘onish ruhi aks ettirilgan. Xususan, millat kelajagi haqida qayg‘urish, vatan istiqboli haqida o‘ylash, el va yurtga sodiq, vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga birinchi darajali e’tibor berish kerakligi «Turkiy Guliston,..»ning g‘oyaviy-badiiy mazmunida alohida o‘rin tutadi.
«Men xastayamu millatim o‘lmish nega bemor?!», deydi Avloniy kitobning boshlanishida va xasta dilni, bemor millatni davolashning asosiy yo‘li nimadan iborat?— degan savolga butun asar davomida javob berishga intiladi.
Asardagi barcha naql-hikoyatlar g‘oyasidan kelib chiqadigan badiiy mantiq shuki, insonni barkamol etish va millatni ravnaq toptirishning asosiy yo‘li — har bir shaxsning yuksak ahloqli va ma’naviy go‘zal, ilmli va ma’rifatli bo‘lishiga erishishdan hamda butun kuch-quvvat, aql-zakovat, bilimu idrok, aqchayu iqtisod — barchasini vatan ravnaqi va xalq saodatiga yo‘naltirishdan iboratdir.
Asarda XX asr boshlaridagi milliy uyg‘onish ruhi, ayniqsa, vatanga, millatga sodiq farzandlar tayyorlash zarurligi o‘tkir qo‘yilgan. «Amerikaliklar bir dona bug‘doy ekub, yigirma qadoq bug‘doy olurlar. Ovrupolilar o‘zimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturib, o‘zimizga yigirma besh tiyinga soturlar! Ammo biz osiyolilar, xususan, turkistonlilar dumba sotub, chandir chaynaymiz, Qaymoq berib, sut oshiymiz, non o‘rniga kesak tishlaymiz!» degan fikrlar ulug‘ adib Abdulla Avloniy asr boshidayoq bu masala xususida nechog‘lik chuqur va teran mushohada yuritganini ko‘rsatib turibdi.
Bu — o‘zligimizni anglash uchun, o‘z qadrimizga etish, istiqlolni qo‘lga kiritish uchun aytilgan dadil va jasur fikrlar edi. Biz haqiqiy Mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyingina o‘shanday kamchiliklarni bartaraf etish, o‘shal orzu, o‘shal da’vatni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Hozir alohida iftixor bilan takrorlayotganimiz — muqaddas hadisda aytilgan «Xubbul vatan-minal iymon»— «Vatanni sevmak iymondandir» deyilgan fikrga ham Abdulla Avloniy o‘zining «Turkiy Guliston...»ida alohida o‘rin ajratgan. YOxud yana bir misol. «Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona tili va adabiyotining saqlamagani aytilur,— deydi Abdulla Avloniy shu asarida.— Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdir. Hayhot, biz turkistonliklar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursin, kundan-kun unutmak va yo‘qotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga xukumatimiz bo‘lg‘on rus lisonin bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin o‘z erinda ishlatmak va so‘zlamak lozimdur».
Avloniyning asr boshidagi bu xasratli nidosi buyuk bobolarimiz arvohlarining ruhi yanglig‘ turkistonliklar boshi uzra deyarli sakson yil davomida charx urib yurdi va, nihoyat, mustaqillik zamonasiga kelib, siyosiy-iqtisodiy istibdod bilan bir qatorda bo‘lgan til istibdodiga ham chek qo‘yildi.
Axloqiy-falsafiy mazmunga ega bo‘lgan «Turkiy Guliston...» badiiy teran va go‘zal asardir. U «Axloq», «Tarbiya», «YAxshi xulqlar», «YOmon xulklar» deb nomlangan qismlarga bo‘linadi. Ularning ichida har bir muhim axloqiy tushunchani yoritishga alohida parcha ajratiladi va u mo‘‘jaz naql, ixcham hikoyatlar bilan bezaladi — pedagogik mazmun badiiy va tarixiy obrazlar vositasida yanada mustahkamlanadi.
Bu o‘rinda muallifniig ayrim qisqa-qisqa, badiiy jihatdan teran iboralari ko‘pincha maqol, matal yoxud aforizm darajasiga ko‘tariladi. Kezi kelganda muallif hadislarga mo‘l-mo‘l murojaat etadi, «Qur’oni karim»dagi ulug‘ falsafiy kalomlardan unumli foydalanadi. Ayniqsa, tarixiy shaxslar bilan bogliq naqllar, ixcham rivoyatlar, hikoyatlar uzukka ko‘z qo‘ygandek asar jozibasiga joziba qo‘shadi. Bunday tarixiy shaxslar ichida Iskandar, Suqrot, Arastu, Aflotun, Ibn Sino, Mavlono Rumiy, SHayx Sa’diy kabi buyuk daholarga duch kelamiz. Axloqiy tushunchalar haqidagi aksar parchalar go‘zal she’riy namunalar bilan yakunlanadi, bu usul o‘qilgan materialning o‘quvchi idrokida, qalbida yanada mustahkamroq saqlanib qolishini ta’minlab, ayni vaqtda uning uchun ijodiy fikr yuritish imkoniyatini yaratadi.
Avloniy umrining so‘nggi o‘n besh yilida badiiy ijoddan tashqari, davlat va jamoat arbobi sifatida ham faol mehnat qildi.
Inqilob o‘zbek xalqiga chinakam ozodlik beradi, deb o‘ylab, 1918 yil partiya safiga kirdi. Lekin jadidchilik goyalarining davomi o‘laroq millat va vatan haqidagi qayg‘urishlaridan voz kechmadi. U ma’lum muddat (1919— 1920) Turkiston Avtonom Sovet Sosialistik Respublikasiniig Afg‘onistondagi elchixonasida (Hirotda) rahbar o‘rinbosari va bosh konsul bo‘lib ishladi. Turkiston Markaziy ijroiya qo‘mitasiga a’zo, Turkbyuro ijtimoiy ta’minot tizimining madaniyat bo‘limi mudiri lavozimida mehnat qildi, maorif hamda kasaba uyushmalari ishlarida jonbozlik ko‘rsatdi. O‘rta Osiyo kommunistik universitetida professor sifatida dars berdi.
Fidoiy mehnatlari evaziga Abdulla Avloniyga 1925 kilda O‘zbekistonda birinchilar qatorida «Mehnat qahramoni» unvoni berildi. Abdulla Avloniy 1934 yil 24 avgustda Toshkentda vafot etdi.
Jadidchilik harakatidagi faolligi va sho‘rolar davridagi madaniy-ma’rifiy ishlarda millatparvarligi uchun Avloniyga deyarli o‘ttiz yil davomida nohaq ravishda «burjua millatchisi» degan yorliq yopishtirib kelindi. Hayoti va ijodi o‘rganilmadi. Mutaxassislar tomonidan fikr bildirilganda esa, asossiz ravishda nohaq, biryoqlama baho berildi.
60 – yillarning o‘rtalaridan Abdulla Avloniy kabilarning hayoti va ijodini adolatli o‘rganish boshlandi. Bu yo‘nalishda taniqli adabiyotshunos olim, professor Begali Qosimov e’tiborli ishlarni amalga oshirdi.
Hozirgi kunda Avloniyning qator badiiy asarlari, she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Uning hayoti va ijodi haqida ilmiy kitoblar, dissertasiyalar yozilgan. Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish Markaziy institutiga Abdulla Avloniy nomi berilgan. El-yurt uning nomini xurmat bilan tilga olmokda.
Do'stlaringiz bilan baham: |