Intrazonal o’simliklar zonallik va mintaqalanish qonuniyatlariga qat’iy bo’ysinmaydigan, bir necha zonada,turli balandlik mintaqalarida ham uchraydigan o’simliklardir. O’tloqlar, botqoqlik, voha va to’qaylarning ayrim o’simliklari ana shunday intrazonal o’simliklardir.
O’tloq o’simliklari - o’tlarning muayyan guruhidan tashkil topgan. O’zbekistonda o’tloqlar daryo bo’yi o’tloqlari, to’qay o’tloqlari, tog` o’tlari, subalp va alp o’tloqlariga bo’linadi.
To’qay o’tloqlarida bug`doyiq, soxta qamish, sho’ra, ajriq o’sadi, ular daryolarning asosan quyi oqimidagi to’qaylarda uchraydi.
Tog` o’tloqlari tog`larning siyrak o’rmonli Quyoshga teskari yonbag`irlarida uchraydi va u yerlarda shambala, o’tloq qo’ng`irboshi, yaltirbosh, choyo’tga o’xshash o’tlar o’sadi.
Botqoqlik o’simliklari O’zbekistonda daryolarning qayirlarida, qisman yaylov mintaqasida uchraydi. O’zbekistonda asosan qamishli botqoqliklar mavjud bo’lib, ular tekislik daryolarining qayirlarida tarqalgan.
Vohalar kishilarning ko’p yillik mexnati bilan o’zlashtirilgan, madaniylashtirilgan landshaftlardir. Vohalarda madaniy o’simliklar bilan birga «begona» tabiiy o’tlar ham o’sadi. Ular madaniy ekinlar bilan birga o’sib, ular hosilining kamayishiga sabab bo’ladi. O’zbekistonning o’zida 500 turdan ortiq «begona» o’tlar mavjud. Eng ko’p uchraydiganlari g`umay, ajriq, kakra, sachratqi, qo’ypechak, oqbosh, qamish kabi ko’p yilliklar va ituzum, sho’ra, semizo’t, kurmak, bo’z tikan, chatir, sutlama singari bir yillik o’tlardir. Shu bilan birga vohalarda parazit o’simliklar-zarpechak, devpechaklar ham o’sadi.
O’zbekiston florasida dorivor o’simliklarning 577 turi borligi aniqlangan. Respublika hududidagi o’simliklarning 90 % i ozuqabop o’simliklardir. O’rtacha yillik o’simlik oziqasining zahirasi qumli yaylovlarda 3-5 s/ga, Ustyurtning gipsli yaylovlarida 2-4 s/ga, qishki va kuzgi yaylov sifatida foydalaniladigan sho’rxoklarda 2-4 s/ga, adirlarda 8-10 s/ga, tog`larda 10-15 s/ga, yaylov mintaqasida 10-12 s/ga, to’qaylarda 12-16 s/ga, qamishzorlarda 115 s/ga ga boradi. Sertalab ozuqabop o’simliklarga solodka, yantoqning bir qancha turi, qiyoq o’t va boshqalar kiradi.
O’zbekistonning o’rmon fondi 1995 yil 1 yanvar ma’lumotlariga ko’ra 9211,5 ming ga bo’lib (shu jumladan o’rmonlar 2776 ming ga), uning 85,4 % cho’l zonasida, 13 % tog`larda, 0,8 % vodiylarda, 0,8 % to’qaylarda joylashgan. O’zbekistondagi ekilgan o’rmonlarning umumiy maydoni 514,8 ming ga bo’lib, bular yong`oq, pista, bodom kabi 40 dan ortiq turdagi buta va daraxtlardan iborat. Respublikada o’rmonlardan oqilona foydalanish, ularni qo’riqlash va qayta tiklash, ihota daraxtzorlari barpo etish bilan o’rmon xo’jaliklari shug`ullanadi. O’zbekistonda dastlabki o’rmon xo’jaligi 1873 yilda hozirgi Chirchiq o’rmon xo’jaligi o’rnida tashkil etilgan. O’zbekistonda 1996 yili 91 ta o’rmon xo’jaligi korxonalari, qo’riqxonalari va milliy bog`lar bo’lgan.
Respublikaning o’rmon xo’jaligi korxonalarida yiliga 50-60 ming m3 yog`och, shu jumladan 2 ming m3 dan ziyoda binokorlikka yaroqli yog`och, 300 tonnadan ko’proq turli o’simlik, buta, daraxt urug`lari tayyorlanadi. O’rmon xo’jaliklarida 36 tadan ziyod yovvoyi dorivor va oziq-ovqat o’simliklari tayyorlanadi va 700 tonnadan ziyod xomashyo etkazib beriladi.
O’simlik O’zbekiston hududida nam tutuvchi, daryo suvini bir me’yorda saqlab turuvchi, tuproq, grunt yuvilishining oldini oluvchi, qumlarni mustahkamlovchi hamda havoni toza saqlab turuvchi muhim omil bo’lish bilan birga nafosat ahamiyatiga ham ega.
Inson mehnat faoliyati bilan biogeostenozlarga salbiy ta’sir ko’rsatib kelmoqda, ekologik muvozanatda o’zgarish yuz berib, ba’zi o’simliklar turi kamayib bormoqda. Natijada hozir O’zbekistonda o’sadigan o’simliklarning 10-12 % i yoki 400 turi muhofazaga muhtoj bo’lgan noyob turga aylanib qoldi. Ba’zi o’simliklar keskin kamayib ketib, ularning yo’qolib ketishi xavfi tug`ilgan (lola, yetmak, anzur piyoz, zira, sumbul).
Do'stlaringiz bilan baham: |