Tadqiqotning nazariy va amaliy ahamiyati. Ushbu ishda ko’rilgan masalalar o’zbеk tili ilmiy grammatikasi, o’zbеk tili funksional stilistikasi va tilshunoslikning sintaksis kabi sohalariga ma’lum bir hissa bo’lib qo’shiladi. O’zbеk tilining sintaktik xususiyatlarini, nutq madaniyatini o’rganishga qaratilgan fanlar bo’yicha darslik va o’quv qo’llanmalar yaratishga matеrial sifatida xizmat qilishi tabiiy. Shuningdеk, ijodiy tafakkurni o’stirishda ona tilimizning lisoniy imkoniyatlaridan xabardor bo’lish uchun zarur manba bo’lishi mumkin.
Tadqiqot manbayi. Ilmiy ishni yoritishda o’zbеk va g’arb olimlarining sintaktik birlik — sodda gap ta’limotidagi fikrlariga tayanildi. Sodda gaplar nazariyasining formal-funksional talqini hamda uning asosiy tamoyillari uslublarga oid bo’lgan manbalarda ko’rib chiqildi. Mustaqillik davrida rеspublikamiz hayotini mukammal aks ettiruvchi, uning kamchiliklari-yu yutuqlarini aniq ko’rsatuvchi, kеlajak rеjalarini bеlgilab bеruvchi I.A.Karimov ayrim publitsistik asarlari hamda badiiy matn, maqola, dialog, ariza, bildirishnoma, xat, buyruq, qaror, taklifnoma, tavsiyanoma, farmon, tushuntirish xati, e’lon manba bo’lib xizmat qildi.
Tadqiqot materiali: Ushbu mavzu BDU o’zbek filologiyasi kafedrasi yig’ilishida muhokama etilib tasdiqlangan. Mavzu yuzasidan kafedra yig’ilishida axborot berilgan va himoya oldi sinovlaridan o’tilgan. Ishdagi ayrim masalalar va xulosalar bo’yicha ilmiy to’plamlarda maqolalar ( 3 ta) nashr etilgan,.
Dissеrtasiyaning tuzilishi va hajmi. Dissеrtasiya kirish, uch bob, umumiy xulosa, adabiyotlar ro’yxatidan iborat. Ishning umumiy hajmi 83 bеtni tashkil etadi.
I bob. O’zbek tili sintaksisida gap muammosi
1.1. O’zbek tili sintaksisi taraqqiyoti xususida
Tilni o’rganish uzoq tarixga ega va u jamiyatning, jamiyat esa tilning kamol topishi, takomillashishiga imkoniyat yaratadi. Shuning uchun ham, til o’rganish hamma joyda bir xil kechmaydi. Prezident I. A. Karimov: “Ilm-u fan sohasidagi harakatlarimiz ham, ilmiy ishlarimiz va yutuqlarimiz ham dunyodagi eng ilg’or mezonlar bilan o’lchanishi lozim”, -degan edilar[ 2 ].
Bu fikr o’zbek tilshunosligi uchun ham bevosita daxldordir. Hozirgi o’zbek tilshunosligi g’arb va sharq tilshunosligi qo’lga kiritgan eng yaxshi yutuqlarni e’tiborga olmog’i lozim. O’zbek tilshunosligi shu kunga qadar katta yutuqlarni qo’lga kiritdi. O’zbek tilining barcha sathlari idrokiy bosqichda muvaffaqiyatli o’rganildi. Bugungi kunda o’zbek tilshunosligini eng ilg’or mezonlar asosida o’rganish zaruriyati tug’ildi.
Ana shu zaruriyat tufayli bugungi kunda o’zbek tilini an’anaviy metodlar orqali o’rganish bilan birga, jahon tilshunosligida keng qo’llanilayotgan sistemaviy –struktur metodlar asosida o’rganish tobora kengayib bormoqda.
Har qanday sistem tadqiqot lisoniy birliklarga ma’lum elementlar munosabatidan tashkil topgan butunlik sifatida yondashishni va elementlarning butunga bo’lgan munosabati hamda butun bilan butunning munosabatini yoritib berishni taqozo etadi.
Tilga va uning birliklariga sistema sifatida yondashuv shu kunga qadar tilshunoslik uchun qorong’i bo’lib kelayotgan jihatlarni aniqlashga yordam beradi.
Ona tilimiz - o’zbek tilini o’rganish ham davrlar davomida turlicha bo’lgan. O’zbek tilini o’rganish haqidagi dastlabki manba XI asrda yaratilgan shoh asar “Devonu lug’otit turk” da berilgan bo’lsa, XI asrdan XIX asrgacha uni tadqiq etishda arab tilshunosligining nazariy asoslariga tayanilgan. Bu tilshunoslik biz ko’nikkan asoslardan, talqinlardan ancha farq qiladi. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab to 80-yillargacha bo’lgan tilshunoslik shu davrda keng amalda bo’lgan Yevropa tilshunosligi me’yorlariga tayangan holda rivojlandi. Bu davrning boshida o’zbek tili amaliy talablar asosida M. A. Terentyev, V. P. Nalivkin, A. Alekseyev, A. Vishnegorskiylar asarlarida o’rganildi [9]. Shu davr va 20-yillargacha o’zbek sintaksisi masalalari hech kimni qiziqtirgani yo’q. Buning sababi shundaki, Yevropada hukmron bo’lgan yosh grammatiklarning, xususan, F. Vostokov, F. Fortunatovlarning tadqiqotlari, asosan, fonetika, leksikologiya, morfologiya masalalarini o’rganish bilan bog’liq bo’lib, sintaksis esa aksariyat hollarda ularning nazaridan chetda qolgan edi. E. V. Sevortyanning qayd etishicha, bu davrda turkologiyada ham gap haqida to’xtalib o’tilmagan [ 34]. Shu davrning 20-yillariga kelib, o’zbek tili grammatikasini fan sifatida o’rganishga intilish jonlandi: maktablar uchun darsliklar, qo’llanmalar yaratishga harakat qilindi.Adabiyotlarda sintaksisga ham ma’lum o’rin ajratilgan edi. A. Fitratning 1924- yilda nashr etilgan “Nahv”(Sintaksis)i, uning 1925-1930- yillar davomida uch marta qayta chop etilgan nusxalari e’tiborga loyiqdir [36]. 1930-yilda chop etilgan darslik nisbatan mukammal bo’lib, unda sintaksisning masalalari o’sha davr saviyasiga mos ravishda berilgan. 1929-yilda Q. Ramazon, Sh. Zunnunlarning “O’zbek tili” (Ish kitobi, II bo’lim), 1933-yilda H. G’oziyevning “O’zbek tili grammatikasi” (II bo’lim. Sintaksis), 1940-yilda shu muallifning “O’zbek tili grammatikasi” chop etildi.
1940-yilda chop etilgan A. G’ulomovning “O’zbek tili grammatikasi” (II qism. Sintaksis) darsligi faqat sintaksisga bag’ishlangan edi. Bu darslikning boshqa darsliklardan afzalligi va tarixiy ahamiyati shundaki, unda “an’anaviy sintaksis” deb nomlangan sintaksisning nazariy tahlil usullari shakllangan, bular quyidagilar:
sodda gap ikki bosh bo’lak - ega va kesimning birikuvidan iborat;
kesim ega haqidagi xabarni tasdiq yoki inkor formada ifodalashga xizmat qiladi, u ega bilan shaxs-sonda moslashadi. Ega hukmronlik mavqeyiga ega.
A.G’ulomovning 1941-yilda nashr etilgan “O’zbek tilida aniqlovchilar” kitobida barcha yoyiq aniqlovchilar aniqlovchi gap deb olinadi va ular ishtirokida tuzilgan gaplar qo’shma gaplar qatoriga kiritiladi. 1948-yilda A. Kononovning “Grammatika uzbеkskogo yazыka” kitobi chop etildi va u N. K. Dmitriyevning turkiy tillar grammatikalariga va bir nazariy asosda A. Fitrat, H. G’oziyev asarlari orqali kirib kela boshlagan Yevropa tilshunosligi sintaktik tushunchalari hamda tahlil usullari negizida turkiy tillar sintaksisi tahliliga bag’ishlangan mukammal asar edi.
Hammaga ma’lumki, mustabidlik davrida o’zbek tilshunosligi rus tilshunosligi nazariyasiga moslashtirilgan, tilimizning betakror va noyob xususiyatlari e’tibordan chetda qolgan edi. Ona tilimiz orqali o’sha davrlarda milliy o’zligimiz, ruhiyatimizni ifodalay olmas edik. Tilshunos olim Humbolt tilni mohiyatiga ko’ra ruhiy faoliyat, ruhiy quvvat degan, chunki xalq tili uning ruhiyati, xalq ruhiyati uning tilidir. 70 yil davomida xalqimiz o’z tilini mustaqil ravishda o’rgana olmay yashagan. Bu olimlarimiz aybi yoki xohishi emas, bu - o’sha davr taqozosi edi.
N. Turniyozov “… rus tilshunosligida erishilgan yutuqlardan oqilona foydalanmay, xususan, rus tili andozalaridan ko’r-ko’rona foydalanganimiz tilshunosligimiz taraqqiyotiga salbiy ta’sir etdi”,- deb qayd etadi [35]. Lekin, o’sha davrda ona tilimiz mohiyatini tadqiq etish imkoniyati yo’q edi. Bu imkoniyatning paydo bo’lishiga ikki buyuk tarixiy voqea - ona tilimizga davlat tili maqomining berilishi va Respublikamizning mustaqillikka erishgani sabab bo’ldi.
Xalqimiz erishgan mustaqillik fanimizni “o’zbek tili hodisalarini rus tili qoliplariga solib tushuntirish” tutqunligidan ham ozod qildi, unga mustaqil taraqqiyot yo’liga o’tib, milliy ong, milliy tafakkur va mafkuraning muhim suyanchiqlaridan, yosh avlodga ijodiy tafakkur ko’nikmalarini singdirishning asosiy vositalaridan biriga aylanishga imkon berdi.
Yuqorida qayd etilgan mana shu ikki tarixiy voqea H. G’. Ne’matov rahbarligida bir guruh olimlar tomonidan tayyorlanib, 1984-yilda e’lon qilingan mashhur “Tezislari” da sistemaviy sintaksis muammolari tadqiqiga keng yo’l ochib berdi [ 28]. “Tezislar” mualliflari turkiy tillar, xususan, o’zbek tili mohiyatidan kelib chiqib tahlil qilish, izlanish va xulosa chiqarish tarafdorlaridir.
Mustaqillik sharofati bilan kashf etilgan maktab - Buxoro lingvistik maktabi va bu maktab shakl-vazifaviy (formal-funksional; sistemaviy-struktural) yo’nalishga asoslangandir. Bu yo’nalishda ish olib borgan olim-u tadqiqotchilar fonetik, leksik, morfologik, sintaktik birliklarni til sathida tadqiq etdilar. Sintaksisning tadqiq obyektlaridan biri bo’lgan gapga ham til sathi hosilasi sifatida yondashganlar va to’g’ri yo’l tutdilar ham. Hozirgi kunda faqatgina o’zbek tili sintaksisi bobida ajdodlarimiz taxmin sifatida olg’a surgan g’oya - kesimning hukmronligi, gapning asosi ekanligi g’oyasi olimlarimiz tomonidan milliy istiqlolimiz sharofati bilan isbotlandi va rivojlantirildi. O’zbek tilshunoslarining o’z yelkalariga katta mas’uliyat olib, bizga qoldirgan bebaho merosiga ehtirom bilan yondashishimiz, o’zbek tilshunosligi tarixida uning har bir jabhasida sistem-struktur tadqiq usullarini qo’llayotgani va alohida maktab, yo’nalish barpo etilganini mustaqillikning bizga bergan mevasi deb, bilishimiz, tabiiy.
O’zbek tili sintaksisi tilshunoslikning alohida bo’limi sifatida dastlab Fitrat tomonidan “Nahv” atamasi ostida o’rganildi. Fitratning sintaktik qarashlari uning “O’zbek tili qoidalari to’g’risida bir tajriba “Nahv” da berildi [36]. Bu asar haqida “O’zbek nahvi to’g’risida mening bir tajribamdir”,- deydi muallif. Hali o’zbek tili sintaksisining mundarijasi belgilanmagan, sintaktik tushunchalarni ifodalovchi atamalar tizimi izga solinmagan bir davrda mazkur asarning vujudga kelishi o’zbek tilshunosligi tarixi uchun katta voqea edi.
“Nahv” “butundan qismga” tamoyiliga amal qiladi. Shuning uchun ham sintaksisning asosiy o’rganish birligi bo’lgan gap haqida ma’lumot berishdan boshlanadi.
Gap maqomini belgilashda mantiqiy yo’nalishning ta’siri seziladi. “Bir fikr, bir o’y anglatuvchi so’z qo’shumi” ni gap hisoblaydi. Qizig’i shundaki, gap haqida umumiy ma’lumot berilgandan so’ng, punktuatsion ma’lumot berishni lozim deb biladi. Punktuatsion belgilar gapdan anglashilishi kerak bo’lgan fikrning yozuvda to’g’ri ifodalanishi uchun yordam berishi Fitratni shunday yo’l tutishga da’vat etadi. Punktuatsion belgilar “turush belgilari” atamasi bilan nomlanadi. Fitrat 12 ta tinish belgisi va ularning vazifasi haqida ma’lumot beradi. Bular quyidagilardan iborat: nuqta, nuqtali vergul, vergul, so’roq, undov, qo’sh nuqta, tirnoqlar, yoylar, to’rtqo’l yoylar [], ulkan yoylar {}, tire, ko’p nuqta.
Nutq faoliyati uchun eng asosiy birlik gapdir. Chunki, ijtimoiy hayotda so`zlovchining fikr ifodalashi, axborot uzatishi, tinglovchining axborot qabul qilishi, ya’ni kishilarning o`zaro fikr almashuvi so`z yoki so`z birikmasi orqali emas, balki gap orqali amalga oshadi. «Til ~ nutq ~ nutq qobiliyati»dan asosiy maqsad gap tuza olish va uni bayon etishdan iborat. Inson tilida nimaiki bo`lsa, barcha-barchasi gapni turfa shakl va mazmunda qurish uchun xizmat qiladi. Zеroki, gap ma’lum fikrni, hukmni ifodalaydi. Fikrning manbai esa rеal borliq yoki tuyg`u-hissiyotlardir. Masalan, Daraxt gulladi gapini olaylik. Ushbu gap bizning ongimizda ikki tasavvur – prеdmеt (daraxt haqidagi tasavvur) va uning holati (gullamoq haqidagi tasavvur)ni jonlantiradi va o`zaro yaqin ikki tasavvurning qo`shilishidan hukm (fikr) yuzaga kеladi. Hukm esa gap orqali ifodalanadi. Tildan maqsad – gap qura olish, gapdan maqsad esa fikr ifodalashdir. Shu o`rinda til bilan tafakkurning chambarchas bog`liqligini eslashning o`zi kifoya.
Do'stlaringiz bilan baham: |