II.BOB. Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak.
II.1 Xalq boy bo’lsa, davlat ham boy va qudratli bo’ladi
2019 yil 17 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmonda uy-joylar, yoʻl qurilishi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari, kanalizatsiya va boshqa kommunal xoʻjalik obyektlari, ijtimoiy soha maskanlarini qurish va taʼmirlash hamda boshqa davlat dasturlari, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish uchun ajratilgan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tuman va shahar kesimida joylashtirilishi va muntazam ravishda yangilab borilishini taʼminlash boʻyicha aniq koʻrsatma berilgan.
Shuningdek, farmonda yana bir muhim masala yechimi koʻrsatib oʻtilgani katta amaliy ahamiyatga ega. Bunga koʻra, “Hudud” axborot tizimi yanada takomillashtirilib, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar integratsiya qilinadi. Natijada Xalq qabulxonalari xodimlari, sektorlar shtablari aʼzolari turli hujjatlarni toʻldirish, yuritish, saqlash, rasmiylashtirish kabi ishlardan xalos boʻlib, asosiy vaqtini fuqarolar bilan koʻproq bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida oʻrganish uchun uzoq hududlarga chiqish ishlariga sarflash imkoniyati koʻproq boʻladi.
Mazkur choraning mantiqiy davomi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hududiy boʻlimlari faoliyati hamda ular koʻrsatadigan xizmatlarga oid tartib-qoidalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, mobil ilovalar, veb-saytlar, elektron toʻlov vositalari orqali aholiga toʻliq va tezkor yetkazilishini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar koʻrilishi fuqarolarimizning ham vaqtini, ham mablagʻini tejashga xizmat qiladi.
Shu bilan bir qatorda, 2019 yilning 1 iyuliga qadar barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning viloyat boʻlinmalari veb-saytlarini, 2020 yilning 1 yanvariga qadar tuman va shahar boʻlinmalari veb-saytlarini tashkil qilish vazifasi qoʻyilgani fuqarolarga davlat organlarining hududiy boʻlinmalariga bevosita elektron murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqur oʻrin olayotgan ushbu tamoyil yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashiga zamin yaratmoqda. Bugun poytaxt Toshkent shahridan to mamlakatimizning eng uzoq hududida yashayotgan yurtdoshimizga qadar islohotlarning real natijasini oʻz hayotida koʻra boshlagani, bu yangilanishlar minglab oilalar hayoti, millionlab insonlarning ongi, qalbi va dunyoqarashi oʻzgarishiga ham turtki boʻlayotgani buning yaqqol isbotidir. Prezidentimizning “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishi barobarida islohotlar taʼsirchanligini yanada oshirishga, xalqimizning hayotdan rozi boʻlishi uchun yanada keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |