TIJ faoliyatining ikkinchi yo‘nalishi talabalarni fan olimpiadalariga tayyorlash. Talabalar fan olimpiadasining I bosqichi uchun ishlab chiqilgan test topshiriqlari, yozma ish variantlari, amaliy topshiriqlar va baholash mezonlari «Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari talablari» asosida yaratildi, amaldagi o‘quv dasturiga mazmunan mos kelishiga e’tibor qaratildi. Tashkiliy qo‘mita tomonidan I bosqichning adolat mezonlari asosida tashkillashtirilishi ta’minlandi.
Fan yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati:Darslarda berilgan bilimlarni yanada mustahkamlash, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda to‘garaklarning o‘rni va roli muhimdir. Shu sababdan iqtidorli talabalarning olib borayotgan tadqiqotlarini maqsadli yo‘naltirish maqsadida kafedra qoshida 6 ta fan yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar samarali faoliyat olib bormoqda. To‘garak ishlariga yetarli tajriba va bilimga ega bo‘lgan 4 nafar professor o‘qituvchilar jalb qilingan.
“Yosh buxgalterlar klubi” talabalar ilmiy jamiyati tomonidan quyidagi to‘garaklar tashkil etilgan(5.1-rasm.).
5.1-rasm.“Yosh buxgalterlar klubi” talabalar ilmiy jamiyati tuzulmasi “Boshlang‘ich buxgalteriya hisobi” to‘garagi. Ushbu to‘garak buxgalteriya hisobining nazariy asoslarini chuqurroq o‘rganishga yordam berish maqsadida 2008 yilda tashkil qilingan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 300 nafardan ortiq talabalar boshlang‘ich buxgalteriya hisobi bo‘yicha o‘z bilimlarini mustahkamlamoqda;
“Moliyaviy hisob-1” fani bo‘yicha to‘garagi “Buxgalteriya hisobi va audit” bakalavriatura yo‘nalishi talabalari hamda boshqa iqtisodiy yo‘nalishlar talabalari uchun Moliyaviy hisobning xalqaro standartlari asosida buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritishni chuqurroq o‘rgatish hamda Sertifikatlangan buxgalter va auditorlarning Yevro-Osiyo Kengashining CIPA (Certified international professional accountant – sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter) dasturi bo‘yicha CIPA-EN xalqaro imtihon tarmog‘iga «Moliyaviy hisob-1» fanidan topshiriladigan imtihonga tayyorgarlikka yordam berish maqsadida tashkil etilgan.
“Soliqlar va soliqqa tortish” to‘garagi. Soliq tizimidagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda iqtisodiy yo‘nalish talabalari uchun 2013 yilda tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar 20 nafardan ortiq talaba ushbu to‘garakka qatnashdi. Hamda ECBAKning CIPA (Certified international professional accountant) dasturi bo‘yicha CIPA-EN xalqaro imtihon tarmog‘iga “Soliq” fanidan imtihon topshirdi.
Shuningdek to‘garakning faol azolari 2014 yil 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston «Kamolot» YoIH Markaziy Kengashi tomonidan o‘tkazilgan «Soliq bilimdoni – 2014» ko‘rik tanlovida 3-o‘rinni, «Soliq bilimdoni – 2015» ko‘rik tanlovida ishtirok etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“BEM” to‘garagi. Axborot texnologiyalariga asoslangan kasbiy ko‘nikmalarni oshirish maqsadida buxgalterlik dasturlari bo‘yicha o‘qitish ko‘lamini kengaytirish maqsadida “BEM”to‘garagi tashkil qilindi. Hozirgi kungacha 25 nafar talaba ushbu to‘garakda qatnashdi va o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar;
“Ingliz tili” va “rus tili” to‘garaklari. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Xorijiy tillarni o‘rganish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida”gi 1875-qarori aynan yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarning oldiga ham muhim vazifalarni qo‘ydi. Shundan kelib chiqqan holda avvalo, bugungi kunning eng dolzarb masalasi bo‘lib turgan chet tili (xususan, ingliz tili)ni intensiv va chuqur o‘rgatish, talabalarning tanlagan sohalari bo‘yicha jahonda erishilgan yutuqlarni o‘rgana olishi va o‘z faoliyatlarida qo‘llay olish darajasiga yetkazish uchun ingliz tilida erkin muloqat qilishlariga erishish maqsadida 2016 yil 18 yanvardan boshlab “Ingliz-tili” va “Rus-tili” to‘garaklari ish boshladi.
Har o‘quv yili mobaynida talabalar ilmiy jamiyati rejasi bo‘yicha mutaxassislik fanlaridan dasturlarni o‘zlashtirishda yordam beradigan hamda buxgalteriya hisobining nazariy asoslarini chuqur o‘rgatadigan to‘garaklarda 100 dan ortiq talabaqatnashadi.
Seminar-trening ishtirokchilari ro‘yxati va ularni ishtirok etganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar kafedra iqtidorli talabalar hujjat jildida saqlanmoqda. Ushbu to‘garaklarda mashg‘ulotlarni moliyaviy hisobning milliy va xalqaro standartlari asosida o‘z malakalarini oshirgan “Buxgalteriya hisobi, tahlil va audit” kafedrasining yetakchi professor-o‘qituvchilari olib borishmoqda.