28-modda. Buxgalteriya axborotining maxfiyligi
Ushbu moddaga muvofiq buxgalteriya axborotlari xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ishlab chiqarish, texnologik moliyaviy va boshqa turdagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotlar saqlanganligi sababli maxfiy (tijorat siri) hisoblanib, ularni oshkor qilish uning manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin. Maxfiy buxgalteriya axborotlarining ro‘yxati va hajmi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan aniqlanib, bu haqda manfaatdor shaxslar yozma ravishda xabardor qilinadi.
Auditorlar, soliq inspektorlari va buxgalteriya hisobi axborotlarini olish huquqiga ega boshqa shaxslar qonunchilikda ko‘zda tutilgan hollardan tashqari, maxfiylikka rioya qilishlari lozim. Sir hisoblangan axborotlarni oshkor qilish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
29-modda. Buxgalteriya hujjatlarini saqlash
Qonunning 29-moddasida buxgalteriya hujjatlarini saqlash tartibi belgilangan. Buxgalteriya hujjatlari yozuvlar, mikrofilmlar xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat markaziy arxivi Qoidalarida belgilangan davr (3 yildan kam bo‘lmagan) davomida saqlanishi lozim.
Hujjatlashtirish oldiga qo‘yiladigan umumiy talablar va hujjatlashtirishni boshqarish barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun majburiydir. Qoidalarga muvofiq sub’ekt hujjatlarini tanlanishi, hisobga olinishi, saqlanishi, ishlov berilishining sifati, uning faoliyatida vujudga keladigan doimiy saqlanadigan hujjatlarning ishlatilishi, ularni saqlash uchun o‘z vaqtida arxivga topshirishni ta’minlash lozim. Manfaatdor shaxslar belgilangan tartibda nusxa ko‘chirish xarajatlrini to‘lab, zarur hujjatlardan nusxa olishlari mumkin. Buxgalteriya hujjatlarini olish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
30-modda. Buxgalterlarning jamoat birlashmalari Ushbu modda yangidan kiritilgan bo‘lib, unga muvofiq buxgalterlar umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalterlarning jamoat birlashmalarini tuzish huquqiga ega. Buxgalteriya hisobi milliy standartlariga rioya qilinishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini uyg‘unlashtirish, buxgalterlarning manfaatlarini himoyalash uchun O‘zbekiston Respublikasi buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi (O‘zBAMA) tashkil etilgan. O‘zBAMA faoliyatining asosiy maqsadlari:
buxgalterlar jamoatchiligi orasida yangicha iqtisodiy tafakkurni shakllantirish va rivojlantirish;
O‘zbekiston Respublikasida buxgalterlar va auditorlar kasbini rivojlantirish, ularni Buxgalterlar Xalqaro Federatsiyasi(BXF-IFAC) a’zoligi talablariga javob beradigan Jahon standartlariga yaqinlashtirish;
buxgalterlar va auditorlarning kasb faoliyatiga oid himoyasini ta’minlash;
buxgalterlar va auditorlar kasb darajasi va nufuzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bankini shakllantirish hamda undan foydalanish.
31-modda. Nizolarni hal etish Buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Ushbu moddani shunday izohlash mumkin-ki, buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish bilan bog‘liq barcha nizolar, ularning xususiyatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.