Gilli eritmalarning sifatini nazorat qilish
Burg‘ilash jarayonida gilli eritmalarning bir kecha-kunduzda o‘zgarish parametrlarini nazorat qilish uchun har bir quduq maxsus o‘lchash asboblari bilan ta’minlanadi.
Agar bir vaqtning o‘zida bir necha quduqlar qazilayotgan bo‘lsa, burg‘ilash eritmalarining parametrlari maxsus avtomashinalarga jihozlangan laboratoriyalar yordamida amalga oshiriladi.
Burg‘ilanayotgan har bir quduqda quyidagilar o‘lchanadi:
1) eritmaning suv beruvchanligi, parda (korka) qalinligi, siljishning statik kuchlanishi, qabul qilishganidagi cho‘kmaning balandligi (bir vaxtada ikki marta);
2) eritmaning SPV-5 bo‘yicha qovushqoqligi, qumning foizdagi miqdori, harorati, solishtirma og‘irligi (burg‘ilash normal sharoitlarda amalga oshirilganda 2 soatda, murakkablashgan sharoitlarda esa 0,5 soatda o‘lchanadi).
Hamma o‘lchamlar va nasoslarning ish unumdorligi maxsus daftarlarda qayd qilinadi. Burg‘ilash eritmalarni qayta ishlash jarayonida burg‘ilash ustozi maxsus daftarga qayta ishlashning boshlanishi, nomi, reagentlarning miqdori, og‘irlashtirgichlar, suvlar va boshqa eritmaga qo‘shiladigan qo‘shimchalar, eritmani qayta ishlashning oxiri, Shuningdek rN miqdorini aniqlashga alohida e’tibor beriladi. Chunki bu parametr eritma sifatining keskin o‘zgarishidan bir qancha vaqt oldin o‘zgarish boshlanganligi to‘g‘risida ma’lumot beradi.
Eritmalarni burg‘ilanayotgan tog‘ jinsi bo‘laklaridan va abraziv zarrachalardan tozalashda mexanik (tebranma va konveer elaklari) va gidravitatsion hamda gidrotsiklon usullaridan foydalaniladi.
Tebranma elak (SV-2) gorizontal tekislikka nisbatan 12-180 burchakda qiyshaygan ikki tebranma romdan tashkil topadi. U tarqatish navi va ikki elektr dvigateli bo‘lgan umumiy ko‘chmas romga o‘rnatilgan. Har qaysi tebranma romning oxirida ikkita maxsus barabani bo‘ladi. Unga oraliq tayanchi bo‘lgan to‘r tortiladi. Odatda, to‘r diametri 0,25 yoki 0,35 mm li zanglamas po‘latdan tayyorlanadi. To‘rning har bir santimetriga 16-12 ta teshiklar to‘g‘ri keladi. Romga ekstsentrik val o‘rnatilgan va ular elektr dvigateli yordamida harakatga keltiriladi. To‘rning tebranishi natijasida gilli eritmaning tiksotrop strukturasi buziladi, shartli qovushqoqligi kamayadi. To‘r orqali sizilgan va burg‘ilangan tog‘ jinsi bo‘laklaridan ajralgan gilli eritmalar yig‘uvchi idishga, keyin yon tarnov orqali aylanish sistemasining maxsus sig‘imli idishiga quyiladi. Burg‘ilangan tog‘ jinsi zarrachalari tebranish ta’sirida to‘rning qiya yuzasidan chiqarib tashlanadi.
Gilli eritmalarni tozalashda gidrotsiklon qurilmasi alohida o‘rin tutadi. Gidrotsiklon eritmadagi zichligi yoki zarrachalarining kattaligi bilan farqlanadigan donador tog‘ jinslarini ajratadigan moslama. Bu moslama zarrachalarni kattaligi bo‘yicha tasniflashda, foydali qazilmalarni zichligi bo‘yicha umumlashtirishda, eritmani qattiq zarrachalardan tozalashda keng foydalaniladi. Shuningdek u, neft va gaz quduqlarini burg‘ilash jarayonida gilli eritmalarni burg‘ilab maydalangan tog‘ jinslaridan tozalashda va eritmalarni qaytadan ishga yaroqli qilishda va boshqa texnologik operatsiyalarni bajarishda ham qo‘llaniladi.
Quduq tublarini havo (gaz) oqimi bilan tozalash
Quduq tublarini havo (gaz) oqimi bilan tozalashning asosiy mohiyati – quduq tubini tozalash, burg‘ilangan tog‘ jinslarini yer yuziga chiqarish, yuvish eritmasi o‘rniga dolotolarni sovutish uchun quduqqa siqilgan havo, tabiiy gaz va ichki yonuv dvigatellaridan chiqadigan gazlarni haydash hisoblanadi. Quduq tublarini havo (gaz) bilan tozalashda burg‘ilangan tog‘ jinslarini yer yuziga chiqarish quyidagicha amalga oshiriladi: kompressordan siqilgan havo yoki gaz haydash quvuri bo‘yicha burg‘ilash shlangasi va vertlyug orqali burg‘ilash quvurlar birikmasiga, keyin doloto teshiklari orqali quduq tubiga o‘tadi. Havo yoki gaz oqimi quduq tubidan burg‘ilangan tog‘ jinsi zarrachalarini olib, quvur orti bo‘shlig‘i bo‘yicha quduq og‘ziga qarab ko‘tariladi. Keyin havo yoki gazning burg‘ilangan tog‘ jinsi bilan aralashmasi chiqish teshigiga yo‘naladi. Uning oxiriga shlamtutgich joylashgan.
Quduq og‘zi odamlarni va asbob-uskunalarni quduqdan chiqadigan har xil changlardan saqlash uchun maxsus moslamalar bilan germetiklashtiriladi. Quduqlarni havo yoki gaz bilan tozalashning yuvish eritmasi bilan yuvishga nisbatan afzalligi quyidagilardan iborat:
- qazishning mexanik tezligi va quduq tubining burg‘ilangan tog‘ jinslaridan yaxshi tozalanganligi hisobiga dolotoning qazishi oshadi, eritma ustuning gidravlik bosimi bo‘lmaydi, dolotoning sovish sharoiti yaxshilanadi.
- darzli va g‘ovakli tog‘ jinslarida quduq burg‘ilashning sharoitlari yaxshilanadi. Chunki, quduqlarni tozalashda ularda yuvish eritmalarining yo‘qolishi sodir bo‘lmaydi.
- suvsiz xududlarda quduq burg‘ilashning sharoitlari yengillashadi.
- mahsuldor gorizontlarning yaxshi saqlanishi ta’minlanadi.
- quduqdan ko‘tariladigan yuvish eritmasi bilan ifloslanmagan kernga to‘g‘ri baho berish uchun sharoit tug‘iladi.
Lekin quduqlarni havo yoki gaz bilan tozalash usulini hamma geologik sharoitlarga ham qo‘llab bo‘lmaydi. Ayniqsa, suvli gorizontlarni, qovushqoq, yopishqoq tog‘ jinslarini burg‘ilash jarayonida quduqlarni havo yoki gaz bilan tozalash ancha qiyinlashadi.
Odatda, suv oqimli, o‘piriladigan tog‘ jinslari mavjud bo‘lgan quduq tublarini yuvishda havo aralashgan (havo oqimiga suv qo‘shilgan) gilli eritmalar qo‘llaniladi. Kavlanayotgan tog‘ jinslari tarkibida yonuvchi gazlar bo‘lgan hollarda, har xil portlash va yong‘inlarning oldini olish uchun quduq tublari tabiiy gazlar bilan tozalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |