Shakldosh so‘zlarga misollar:
1. Kamina 80 yoshni qoralayapman, mustaqil davlat O‘zbekistonning ardoqli farzandiman. 2. Men otam haqida roman qoralayapman. 3. Hammang o‘z aravangni tort. 4. Odinaxon dasturxon ustiga tort tortdi. 5. 31-avgust sanasi hech qachon hech kimning yodidan ko‘tarilmaydi. 6. Keltirilgan mollarni birma-bir sana. 7. Yuzta nomarddan bitta mard yaxshidir. 8. Yuz terisini toza saqlamoq uni har xil mikroblardan xoli qiladi.
Shakldoshlik bir xil so‘z turkumi doirasida ham, bir necha so‘z turkumi doirasida ham bo‘lishi mumkin:
a) bir turkum doirasidagi shakldoshlik asosan ot va fe’llarda uchraydi. Masalan: chang (ot, asbob), chang (ot, g‘ubor); suz (fe’l, suvda), suz (fe’l, ovqatni).
Bir xil turkumga grammatik qo‘shimchalar qo‘shilganda ham omonimlik davom etaveradi: changni (ot, asbobni), changni (ot, g‘uborni); suzdi (fe’l, suvda), suzdi (ovqatni).
b) turli turkum doirasida omonimlik hosil qilinishi:
- ikki turkum ichida: tut (ot, daraxt), tut (fe’l, harakat); ol (sifat, rang), ol (fe’l, harakat); qirq (son, miqdor), qirq (fe’l, harakat); bog‘lar (ot, joy), bog‘lar (fe’l, harakat).
- uch turkum ichida: tom (ot, uy tomi), tom (ot, kitobning I tomi), tom (sifat, to‘liq, butun, tom ma’noda), tom (fe’l, harakat); tik (sifat, tik jarlik), tik (ot, kanop yoki paxta tolasidan to‘qilgan qalin gazmol ), tik (fe’l, harakat).
- to‘rt turkum doirasida: hur (sifat, ozod, erkin), hur (ot, shahlo ko‘z qizlar), hur (fe’l, harakat, it hurdi), hur (taqlid so‘z, hur-hur shamol).
Har xil turkumga mansub omonimlarga grammatik qo‘shimchalar qo‘shilganda omonimlik bartaraf bo‘ladi. Masalan: tut – tutni (daraxt), tut – tutdi (fe’l)
O‘t kabi so‘zlarga qo‘shimcha qo‘shilgach, shakldoshlik qisman yo‘qoladi, ya’ni o‘t so‘zi maysa, olov, tan a’zosi ma’nosida saqlanadi, lekin fe’l ma’nosini yo‘qotadi.
Shakldoshlar (omonimlar) badiiy adabiyotda “tajnis”, “iyhom” san’atlarini yaratishda, nutqda esa turli so‘z o‘yinlarini hosil qilishda juda katta ahamiyatga ega.
Yoshliging g‘animat, bolam, o‘sib, un, (ulg‘ay-harakat)
Chiqarma behuda sado hamda un, (ovoz-un)
Ko‘r, quyosh tig‘ida va tegirmonda.
Ezilib so‘ng aziz bo‘ldi, bug‘doy-un, (don mahsuloti) (A.Abdumalikov)
Qaro zulfing firoqiga parishon ro‘zg‘orim bor,
Yuzingning ishtiyoqida na sabr-u na qarorim bor.
Labing ba’grimni qon qildi, ko‘zimdin qon ravon qildi,
Nega holim yomon qildi, men ondin bir so‘rorim bor. (Bobur)
Do'stlaringiz bilan baham: |