Asosiy xo‘jalik jamiyati bo‘lgan va sho‘ba xo‘jalik jamiyatlariga, o‘z nazorati ostidagi tashkilotlarga ega buxgalteriya hisobi subyekti konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzadi.
Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzish tartibi, shuningdek asosiy xo‘jalik jamiyatining nazorati ostidagi tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar buxgalteriya hisobi standartlari bilan belgilanadi.
Ushbu talablari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va budjet tashkilotlarining jamlanma moliyaviy hisobotiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-yanvar — 31-dekabr kalendar yili yillik moliyaviy hisobotning hisobot davridir.
1-yanvardan boshlab davriy moliyaviy hisobot tuzilayotgan davrning hisobot sanasini ham qamrab olgan davr kalendar yil mobaynida tuziladigan davriy moliyaviy hisobot uchun hisobot davridir.
Yangidan tashkil etilgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxs huquqi qo‘lga kiritilgan sanadan boshlab o‘sha yilning 31-dekabriga qadar bo‘lgan davr, yuridik shaxs bo‘lmaganlar uchun esa, ular davlat organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab o‘sha yilning 31-dekabriga qadar bo‘lgan davr birinchi hisobot yili deb hisoblanadi.
Agar yuridik shaxs (budjet tashkilotlaridan tashqari) 1-oktabrdan keyin ro‘yxatga olingan bo‘lsa, birinchi hisobot yili keyingi yilning 31-dekabrida tugaydi.
Ro‘yxatdan o‘tilguniga yoki yuridik shaxs huquqi olinguniga qadar amalga oshirilgan xo‘jalik operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar birinchi hisobot yilining moliyaviy hisobotiga kiritiladi.
Moliyaviy hisobot elektron hujjat tarzida taqdim etilishi mumkin.
Moliyaviy hisobot yilning har choragida taqdim etiladi. Kichik korxonalar va mikrofirmalar buxgalteriya balansidan hamda moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotdan iborat faqat yillik moliyaviy hisobotni taqdim etadi.
Moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan buxgalteriya hisobining ayrim subyektlari uchun moliyaviy hisobotni taqdim etishning boshqa muddatlari belgilanishi mumkin.