Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning keng ko‘lami ta’lim tizimi bilan bog‘liqligi hech kimga sir emas. Bunday islohot maktabgacha ta’lim-tarbiya tizimidan boshlandi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyachilar tayyorlashning mexanizmi yangi pog‘onaga ko‘tirildi. Bu borada qisqa fursatda keng ko‘lamli natijalarga erishildi.
Bundan tashqari aytishimiz mumkin bo‘lgan islohotlardan biri shuki, 11 yillik maktab ta’limiga qaytilishi bolalarimizning ta’lim olish sifati va tarbiyasini yanada ko‘tarish imkonini berdi. Umumiy o‘rta ta’limdagi o‘zgarishlar ham jadallik bilan ketmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish tizimi rivojlangan xorijiy davlatlarnng ilg‘or tajribalari asosida qayta tashkil etilmoqda. Milliy ta’zim tizimini isloh qilish yorqin kelajak sari zafarli qadamlardan biri hisoblanadi, albatta.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyasini qabul qilishga oid O‘zbekiston tashabbusiga yana bir bor jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratganliklari tahsinga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ta’lim tizimini isloh qilinayotganligini, bu borada yoshlarga oid davlat siyosatining roli va ahamiyatini xalqaro miqyosda namoyon qilish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari aytganlaridek, “Yoshlar huquqi deganda, biz, birinchi navbatda, ularning tinch va sog‘lom yashash hamda ta’lim olishga bo‘lgan to‘laqonli huquqini tushunamiz. Shu bois, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning barkamol bo‘lib voyaga yetishi, sifatli va mukammal ta’lim olishini ta’minlash biz uchun hamisha ustuvor vazifa hisoblanadi”.
Hozirgi pandemiya davrida ko‘pgina davlatlarda iqtisodiy nochorlik kuzatilayotgan bo‘lsada, lekin O‘zbekiston Respublikasida ta’limga bo‘lgan e’tibor va uni rivojlantirish harakatlari yanada jadal tus olmoqda. Bunday harakatlardan jahon hamjamiyati ham lol qolmoqda. Jumladan, mazkur uquv yili boshlanishida qariyb 650 ming nafar 1-sinf o‘quvchisiga Prezident sovg‘alari sifatida 72 milliard so‘mlik o‘quv qurollari topshirildi. Shuningdek, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari va nogironligi bo‘lgan bolalarga qishki kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollaridan iborat 426 milliard so‘mlik moddiy ko‘mak berildi. Ayni vaqtda, bugungi vaziyatdan kelib chiqqan holda, o‘quvchi va pedagoglarning salomatligini asrash maqsadida maktablarni zarur tibbiy va antiseptik vositalar bilan ta’minlash uchun Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 17 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Keyingi vaqtda mamlakatimizda maktab ta’limi umummilliy harakatga aylanib, soha rivojida yangi davr boshlanganidan xabardormiz. Ana shu harakatning amaliy ifodasi sifatida so‘nggi ikki yilda 556 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 77 ta yangi maktab qurildi. 1 ming 930 ta maktabda qayta qurish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Shu bilan birga, xususiy ta’lim tizimiga keng yo‘l ochilmoqda. Bu borada litsenziya olish tartibi soddalashtirildi. O‘tgan uch yil davomida ularning soni 6 marta oshib, 140 taga yetgani diqqatga sazovordir. Matematika hamda kimyo-biologiya fanlarini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Ularga asosan har bir tuman va shaharda ana shu fanlarga ixtisoslashgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Shu yilning o‘zida matematika yo‘nalishida 56 ta, kimyo-biologiya yo‘nalishida 27 ta maktab tashkil etilgani bu ishlarning boshlanishidir. Pandemiya davrida bunday chora-tadbirlarni amalga oshirish qahramonona harakat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Uchinchi Renessans masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, strategik vazifa singari milliy g‘oya darajasiga ko‘tarilmoqda. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni deb baholadilar, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev. Shu munosabat bilan ham ta’lim tizimi tarixida birinchi marotaba 14 nafar sinf rahbari davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi. O‘qituvchilarning huquqlari davlat himoyasida bo‘lishini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi masalasiga qat’iy to‘xtalib o‘tildi. Ta’bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, o‘qituvchi-professorlarga bo‘lgan e’tibor – yorqin kelajakka bo‘lgan e’tibor deb ta’riflash mumkin.
So‘nggi 4 yilda mamlakatimizda 47 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy o‘quv yurtlarining soni 125 taga yetdi. Professor-o‘qituvchilarning xorijdagi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot maskanlarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini ta’minlaydigan mexanizm yaratildi. Ularning oylik ish haqi miqdori 2018 yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Bu yildan boshlab 10 ta oliy ta’lim muassasasi o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazildi. Shu jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti ham o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan tizim asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli Farmonida belgilab qo‘yilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda Toshkent davlat yuridik universiteti jonbozlik ko‘rsatmoqda, deb aytish mumkin. Universitetimiz xalqaro oliy ta’lim makoniga qo‘shila boshladi. Jumladan:
- Xalqaro (IAU) va Yevropa (EUA) universitetlar assotsiatsiyalari, Xalqaro (IALS) va Yevropa (ELFA) yuridik maktablari assotsiatsiyalari, Observatory Magna Charta Universitatum kabi nufuzli tashkilotlarga a’zolikka qabul qilindi;
- O‘quv reja va dasturlari eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida tubdan qayta ishlandi, o‘qitishning zamonaviy uslublari keng joriy etilmoqda. O‘quv jarayonini to‘la raqamlashtirish va zamonaviylashtirishga qaratilgan “Elektron universitet” (E-University) tizimi ishga tushirildi;
- Xorijiy hamkorlar bilan “ikki tomonlama diplom” (double degree) taqdim etishni nazarda tutuvchi qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilmoqda;
- Universitet ilmiy salohiyati 38 foizga yetib, professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan nufuzli Scopus xalqaro ilmiy bazasiga kiritilgan jurnallarda 70 dan ortiq maqolalar chop etildi.
Yurtboshimiz tomonidan e’tirof etilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda Biz – o‘qituvchi-professorlar Hukumatimiz tomonidan, Universitetimiz rahbariyati tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz.
So'nggi bir necha yil davomida, tarix nuqtai nazaridan o'ta qisqa vaqt mobaynida dunyo yangi ko'rinishdagi O'zbekiston vujudga kelganini e'tirof etmoqda. Avval sovet totalitar tuzumining saqlanib qolgan oxirgi orolchalaridan biri sifatida ta'riflangan, insoniyat taraqqiyoti shohko'chalaridan chetda qolib, iloji boricha o'zgarishlar, chinakam islohotlardan voz kechib, rivojlanishning “o'zining alohida modeli” sifatida palleativ yarim choralarni tanlagan davlat birdaniga dunyodagi islohotlarning etakchilaridan biriga aylandi. Xalqaro miqyosda batamom o'zga qiyofaga ega bo'lgan O'zbekiston paydo bo'ldi. Mamlakatning jahondagi obro'si va ta'siri misli ko'rilmagan darajada ko'tarildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan boshlangan dadil o'zgarishlar jamiyatimiz, davlatimiz rivojlanishining yangi mafkurasi, o'zgacha paradigmasini belgiladi.
Ko'p yillar mobaynida mamlakat rivojiga xos bo'lgan sustkashlik, turg'unlik, ko'ndalang turgan vazifalarni bajarmasdan, ularni paysalga solish, muammolar va ziddiyatlarni berkitish siyosatiga barham berildi. Me'daga tekkan “bosqichma-bosqich, asta-sekin” degan gaplar unutilib, bugun jadallik bilan chuqur islohotlar olib borilmoqda. Jamiyatda yangi muhit yaratildi. Ilgari deyarli bo'lmagan ijtimoiy, siyosiy hayot paydo bo'ldi, ommaviy axborot vositalari jonlandi, fuqarolik jamiyati faollashmoqda eng muhimi, odamlar o'z erkinligi va huquqlarini anglamoqda, ularda daxldorlik hissi va jamiyat taqdiri uchun mas'uliyat oshmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” da'vatkor g'oyasini ilgari surdi. Bunda nihoyatda chuqur ma'no bor. Milliy tiklanish, o'zligimizni anglash, milliy davlatchiligimizning asoslarini qaytadan barpo etish bosqichi tugadi. endi O'zbekistonni o'z tarixiy, tsivilizatsion o'rnini yangidan tiklash, o'zbek xalqining genetik insoniy salohiyatiga monand taraqqiyot darajasini ta'minlash, uchinchi Renessans barq urish davri keldi.
Bu faqatgina shior yoki umumiy da'vat emas. Uning aniq yo'nalishlari, muayyan dasturlari mavjud. Birinchi navbatda, biz tarixga nazar tashlab, ilgarigi Renessanslar saboqlaridan xulosa chiqarib, harakatlarimizni zamonamiz talablari, davr imperativlari bilan uyg'unlashtirmog'imiz lozim.
Avvalgi ikkita Renessans davrida o'lkamiz dunyo mamlakatlari orasida rivojlanishning eng yuqori cho'qqisiga chiqdi. Siyosiy, harbiy, iqtisodiy, ilmiy salohiyat bobida o'sha yillarda hech bir boshqa mamlakat o'lkamizga tenglasha olmas edi. Manbalarga qaraganda, birinchi Renessans davri, ya'ni 9-10 asrlarda Samarqandda zarb etilgan dirham tangasi butun Evropa va YAqin SHarq mamlakatlarida muomalada bo'lgan pul mablag'larining uchdan birini tashkil etgan. Hattoki skandinaviyalik vikinglar ham o'z ulushlarini dirhamlarga almashtirishga harakat qilgan. YA'ni aynan Samarqand dirhami o'sha paytda kuchli qiymatga ega, umume'tirof etilgan xalqaro ayirboshlov vositasi, xalqaro valyuta funktsiyasini bajargan. Bunda o'sha davlatning mavqei, salohiyati, unga bo'lgan ishonch, uning iqtisodiy salohiyati va quvvati namoyon edi
Tabiiyki, bugun biz uchun muhim savol — o'sha davrdagi zalvorli yutuqlar zaminida nima yotgan? Qaysi omillar Markaziy Osiyo Renessanslari vujudga kelishini ta'minladi? Ularning tugashiga nima sabab bo'ldi?
Birinchidan, insoniyat ko'rgan barcha Renessanslarga — Evropa, Islom, Markaziy Osiyodagi uyg'onish davrlarining barchasiga birdek xos bo'lgan xususiyat antropotsentrizmdir. Ularning barchasida fan, ta'lim va madaniyat gumanistik g'oyalarga tayanib, avvalambor, dunyoviy xarakterga, ratsional mazmunga ega bo'lgan. Ilmiy izlanish, madaniyat va san'at ijodi markazida hazrati inson, uning hayoti va faoliyati, fikr va hissiyotlar, umid va istaklar, muammo va ziddiyatlar gavdalangan. Bundan xulosa shuki, Renessans inson ehtiyojlari, erkinliklari va huquqlarini ta'minlashdan boshlanadi.
Bejiz emaski, so'nggi to'rt yil mobaynida bu sohaga mamlakatimizda alohida e'tibor berilmoqda. Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiya izchil amalga oshirilmoqda. Diniy erkinlikni ta'minlashga qaratilgan qator huquqiy va institutsional choralar ko'rildi. Sud-huquq tizimida insonparvarlik jarayoni ildiz otmoqda. endi u faqatgina jazolash emas, balki, birinchi navbatda, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish muassasasiga aylanmoqda. Majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini tugatish bo'yicha amaliy natijalarga erishildi
Gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o'rni tobora kuchaymoqda. YAngi parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobar ko'paydi. Korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko'tarildi. Oktyabr` oyida esa mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri bo'lgan Inson huquqlari bo'yicha kengashga a'zo bo'ldi.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyodagi birinchi Renessans ma'rifatparvarlik, diniy qadriyatlar gullagan davrga to'g'ri keladi. O'sha paytda fan va san'atning mislsiz yuksalishi bu yurtda bilim, ma'rifatga yuksak e'tibor muhiti qaror topgani bilan bog'liq.
“Alaq” surasida har bir musulmonga ilmga tinmay intilish buyurilgan. Uning birinchi oyatlaridayoq quyidagi so'zlar nozil: “O'qing! Sizning Parvardigoringiz insoniyatga qalamni o'rgatgan o'ta karamli zotdir!”
Islom dinining bunday ezgu o'gitlaridan oziqlangan ilm-ma'rifatga intilish qadriyatlari bugun jamiyatimizda yanada yangicha ma'no-mazmun kasb etmoqda. Kitobga bo'lgan ishtiyoq qayta tiklanmoqda. “YAngi O'zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g'oyasi asosida ta'lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Pedagog xodimlarning ish haqi so'nggi to'rt yil mobaynida bir-yarim barobar ortdi, 15 ming erkak o'qituvchi maktabga qaytdi. Jamiyatda o'qituvchi maqomi va obro'sini yuksaltirish maqsadida aniq choralar ko'rilmoqda.
Maktablar zamonaviylashtirilmoqda. Ularning qariyb 6 mingi o'ta tez internetga ulandi. Zamon talabiga monand, tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maktablar soni ko'paymoqda. Faqatgina shu yilning o'zida matematik yo'nalishda 56 ta va kimyo-biologik yo'nalishda 27 ta maktab barpo etildi. Kelgusi yili 82 ta informatsiya-kommunikatsiya maktabi ochiladi.
Ta'lim tizimi diversifikatsiyalashmoqda: uch yil mobaynida xususiy maktablar soni 6 barobar ortdi. Uchinchidan, Markaziy Osiyoda ma'rifat davri paydo bo'lishi jamiyatda yuqori iqtidorli, ilmga intilgan, erkin fikr yurituvchi va davlat tomonidan e'zozlangan hamda rag'batlangan shaxslar mujassamlangani bilan bog'liq. Fan, innovatsiya har bir Renessansning poydevoridir. Bugungi dunyoda raqobat tobora keskin tus olmoqda. To'rtinchi sanoat inqilobi davrida raqobatbardosh bo'lish faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish bilan bog'liq. Innovatsiya — bu bugun xohishga bog'liq ixtiyoriy qaror emas. Bu — zaruriyat, davr talabi, mamlakat, jamiyatning taqdirini hal qiluvchi, hayot-mamot masalasidir.
So'nggi to'rt yilda mamlakatimizda 43 ta yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 125 taga etdi. Bu yil oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yosh hujjat topshirdi. Bu ko'rsatkich o'tgan yildagiga nisbatan 40 foiz ko'pdir.
Milliy davlatchiligimiz va o'zligimiz timsoli bo'lgan ona tilimizni rivojlantirish, uni to'laqonli zamonaviy fan va oliy ta'lim tiliga aylantirish bu borada eng muhim yo'nalish bo'lib qoladi.
O'z davrida Markaziy Osiyoda fanning gullashi shahar tsivilizatsiyasidan kelib chiqqan. Yunon jug'rofi Strabon eramizning birinchi asrida mintaqani “1 ming shahar o'lkasi” deb ta'riflagani ma'lum.
Bejiz emaski, O'zbekistonda urbanizatsiya dasturi hukumat faoliyatining eng muhim yo'nalishlaridan biridir.
Ilmiy izlanishlarning samaradorligi fanning amaliyotga yaqinligi bilan bog'liq. Mintaqa ko'pgina tadqiqotchilar tomonidan “gidravlik tsivilizatsiya” sifatida ta'riflangan va hayotiy ehtiyojlarning o'zi, ya'ni murakkab suv inshootlarini qurish va ularni ishlatish bilan bog'liq muammolar qator tabiiy fanlar rivojini ta'minlagan.
So'nggi yillarda O'zbekiston olimlari fundamental fan va uning natijalarini amaliyotga tatbiq etish borasida bir qator yutuqlarni qo'lga kiritmoqdalar
To'rtinchidan, birinchi va ikkinchi Renessanslar jamiyatda erkin fikr yuritish mahsuli bo'lgan. Yaratilgan betakror ilmiy va madaniy durdona asarlar aynan jo'shqin intellektual hayot natijasidir.
Ibn Sino, Beruniy va boshqa mutazilitlar ilmiy hamjamiyat oldida eng qaltis savollar berishdan hayiqmagan. Ular dovyuraklik bilan aqidaparast, aksilratsional oqimlar vakillari bilan ochiq bahs qila bilgan va shuning evaziga ilm cho'qqilarini zabt etgan.
Uyg'onish davri, Renessans — fikr monopoliyasiga zid. U g'oyalar xilma-xilligini talab qiladi.
Bugun jamiyatimizda tobora erkinlashtirish, so'z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari ildiz otmoqda. Bu ortga qaytmas tus olganini yana bir bor ta'kidlamoqchiman. Ommaviy axborot vositalari hukumat faoliyati haqida aholini xabardor qilish va ayni vaqtda unga xalq fikri, orzu-umidlari, noroziligini etkazish, hokimiyat shaffofligini ta'minlashda tobora faol rol` o'ynamoqda. Bu ham davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, ham jamiyat barqaror rivojining omilidir.
Beshinchidan, Renessans, uyg'onish davri haqida gapirar ekanmiz, uning hal qiluvchi omillaridan biri — bu dunyoga ochiqlik va tashqi aloqalarning keng qamrovligidir. Avvalgi Renessanslar yirik makromintaqada mushtarak madaniy, gumanitar makon vujudga kelgani bilan izohlanadi. Mintaqamizga azal-azaldan xos bo'lgan doimiy xalqaro muloqot, madaniy almashinuv xalqimizda o'ziga xos mentalitet shakllanishiga sabab bo'ldi. Uning belgilari sifatida bag'rikenglik, ksenofobiya va diniy fanatizm deyarli yo'qligi, o'zga madaniyat, dunyoqarash va yangiliklarga ochiqlikni ko'rsatish mumkin.
Bundan tashqari, uzoq masofali savdo Markaziy Osiyoning yuksalishida va gullab-yashnashida katta rol` o'ynagan. Buyuk ipak yo'li nafaqat tovarlar, balki madaniyat, g'oya, ilmiy kashfiyotlar ayirboshlash vositasi bo'lgan. Mana shunday xalqaro savdo bo'g'ini sifatidagi mavqening yo'qotilishi keyingi o'rta asrlarda O'zbekiston hududining qoloq bir yurtga aylanishiga sabab edi.
Bugun yangilangan O'zbekistonning tashqi siyosati aynan ochiqlik ruhida va tashqi aloqalarni barcha yo'nalishlarda — G'arbu SHarq, Janubu SHimol yo'nalishida birdek rivojlantirishga qaratilgani bejiz emas.
BMTning 75-Bosh Assambleyasida so'zga chiqib, O'zbekiston lideri mintaqamizning ko'hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega ekanini qayd etib, kelasi yil YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida” mavzuida xalqaro forum o'tkazish taklifini kiritdi.
Oltinchidan, tarix shuni isbotlaydiki, jamiyat taraqqiyoti, ilm va fan rivoji mamlakatdagi siyosiy muhit, davlat rahbarining siyosiy irodasi, dunyoqarashi, yondashuvi va shaxsiy pozitsiyasiga bog'liq
Oxirgi yillar mobaynida O'zbekiston rahbari dunyoda eng nufuzli davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yangi formatsiyadagi va katta obro' qozongan arbob sifatida tan olindi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning davlat rahbari sifatida asosiy siyosiy platformasi va bosh maqsadi O'zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirish va bunga jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiya bilan erishishdir.
Bu esa O'zbekistonning mavqeini ko'tarish, milliy maqsadlarimizni ilgari surishning eng muhim omilidir.
Xulosa shuki, O'zbekistonda bugun jadallik bilan kechayotgan ana shunday islohotlar, jamiyatdagi yangilanishlar mamlakatda kezayotgan uyg'onish ruhidan dalolatdir. Uchinchi Renessans uzoq istiqbol masalasi emas. U bugun, ushbu onda jamiyatimiz, uning har bir jabhasida muttasil etilib kelayotgan real voqelikdir. Ishonchimiz komilki, yurtimizda boshlangan bu yangilanishlar izchil davom etadi va xalqimiz orzu qilgan buyuk davlat, farovon kelajak barpo etishda mustahkam poydevor bo'ladi
Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorugʻ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʻliq.
Do'stlaringiz bilan baham: |