Bu esa har yerda, deyarli har kuni sodir bo‘lmoqda. Masalan:
Turarjoy binolarini buzishmoqda va u yerda istiqomat qilayotgan odamlarni kvartiralaridan majburan chiqarishmoqda (ko‘pchilik uchun bu o‘zlari ega bo‘lgan asosiy mulkdir);
Mulkdan foydalanish va tasarruf etish huquqini tartibga soluvchi ijara shartnomalariga ters o‘laroq, tadbirkorlardan maydonlar, fermerlardan yerlar tortib olinmoqda;
Fermerlar faqat ma'lum bir turdagi mahsulot yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotni davlatga past narxlarda sotishga majburlanmoqda (bu yerda yerdan va yetishtirilgan mahsulotdan foydalanish huquqlari buzilmoqda);
O‘z mahsulotini erkin sotishni taqiqlashmoqda, masalan, yaqindagina meva-sabzavotlar eksporti bilan bo‘lganidek (eksport kvotalari, faqatgina davlat kompaniyalari orqali eksport qilish, undan past sotishni taqiqlovchi cheklovchi narxlar o‘rnatilishi);
Biznes hamkorlar shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaydi, masalan, qarzlarni o‘z vaqtida qaytarmaydi, yetkazib berilgan mahsulotga haq to‘lamaydi (huquq-tartibot va sud tizimi esa jabrlangan tomonni umuman yoki yaxshi himoya qilmaydi);
Qarzni qaytarish, zararlarni qoplash va shu kabi sud qarorlari yillar davomida ijro etilmaydi.
Kimdir o‘zini men yollanma ishchiman, tadbirkorlarning huquqlari buzilishi menga daxl etmaydi, deb o‘ylasa adashadi. Juda daxl qiladi-da! Mamlakatda biznes yuritish risklari va xarajatlari qanchalik yuqori bo‘lsa:
biznes shunchalik yomon rivojlanadi, binobarin, kamroq ishchi o‘rin yaratiladi, kamroq maosh va soliq to‘lanadi (soliqlar esa, bilasiz, jamiyat uchun foydali ishlarga sarflanadi: ta'lim, tibbiyot va pensiyalar kabi);
mahalliy ishlab chiqaruvchilar qimmatroq va sifatsizroq mahsulot ishlab chiqara boshlaydi, bu esa mahalliy xaridorlarga o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatadi;
mamlakat iqtisodiyotiga (ham milliy, ham xorijiy) investitsiyalar kiritilishi kamayadi, bu esa iqtisodiyotning o‘sish sur'atlari va barcha fuqarolarning turmush darajasiga aks ta'sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, tartibga solinmagan (ya'ni, mohiyatan real egasi bo‘magan) mol-mulk, mulk huquqidan samarasiz foydalaniladi. Xo‘jasiz tashkilotlar (bu esa bizning jamiki davlat korxonalarimiz va garchi formal jihatdan xususiy bo‘lsa-da, davlat tomonidan nazorat qilinadigan korxonalarimiz) talon-taroj etiladi. O‘zini vaqtinchalik ishchi his qilgan fermerlar qisqa vaqt ichida yerdan imkon qadar ko‘proq narsa «sug‘urib» olishga harakat qiladi va investitsiya kiritmaydi, tuproqning hosildorligini oshirishga urinib ham o‘tirmaydi. Natijada, yildan yilga qishloq xo‘jaligi yerlari hosildorligi pasaya boradi. Avlodlarimizga tuproq o‘rniga qum qoldirish xavfi yuzaga keladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston jahonning eng qashshoq davlatlari orasidan o‘rin olgan. Bu yerga qanday tushib qoldik? Buning sababi juda ko‘p. Asosiy sabab — biz mulk huquqini himoyalashning ta'sirchan tizimini yarata olmadik.
Nima uchun bizda mulk huquqi bu qadar yomon himoyalangan, uni himoyalash va mustahkamlash uchun nimalar qilishimiz kerak? Asosiy sabablar va zarur chora-tadbirlar quyidagilardir:
Do'stlaringiz bilan baham: |