ABDULLA ORIPOV
(1941)
Abdulla Oripov Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida dehqon oilasida 1941 yili dunyoga keldi. Obidiyda qishloq sovetidagi o‘rta maktabni 1958 yili oltin medal bilan tugatgach, O’rta Osiyo Davlat dorilfununi jurnalistika bo‘limiga kirib, uni 1963 yili muvaffaqiyatli bitirib chiqdi.
1963 yildan buyon turli nashriyotlarda muharrirlik, Yozuvchilar uyushmasi kotibi, mualliflar huquqini himoya qilish idorasining rahbari vazifalarida xizmat qili! kelmoqda.
A.Oripovning talabalik yillarida yaratilgan she’rlari respublika vaqtli matbuotida bosilib chiqdi. 1965 yili birinchi she’rlar to‘plami «Mitti yulduz» chop etildi, shundan buyon shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1967), «Onajon» (1969), «Ruhim» (1971), «O’zbekiston», «Qasida» (1972), «Xotirot» (1974), «Yurtim shamoli» (1974), «Hayrat» (1979), «Hakim va ajal» (1980) «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983) she’riy to‘plamlari bosilib chiqdi. Mazkur to‘plamlarga kirgan she’rlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, unda shoirning she’rdan she’rga, to‘plamdan to‘plamga, yildan yilga o‘sib, ijodiy barkamollashib borganligiga guvoh bo‘lamiz.
Ayniqsa, 60-yillardan keyingi asarlarida hayot va odamlar haqidagi jamiyat va tabiat haqidagi falsafiy mushohadalarning tobora chuqur tus olayotganligi seziladi. Kuchli ehtirosli tuyg‘ular bilan badiiy talqin birbiriga uyg‘unlashib boradi. Bu, bora-bora teran fikrlash bilan yuksak badiiylikning omuxtasiga aylanadi, shoirning kamolotidan darak beradi. U ona obrazini chizadimi, birinchi muhabbatga sodiq lirik qahramon obrazini yaratadimi, O’zbekiston haqida kuylaydimi, olam va odamlar haqida she’r to‘qiydimi, hamma-hamma o‘rinda hayot haqiqati bilan badiiy haqiqatga sodiq qoladi. Hatto eng qatag’onlik yillarida ham rostini, ha kuchi yetganicha, imkoni boricha va pardalarda bo‘lsa ham rost so‘zladi, shoir. «Toqat» she’rida ham shu ruh sezilib turadi.
Bozordan tutoqib qaytar uyga chol,
Go‘sht qayda? Yog‘ qani? Va’da so‘zdami?
Kampiri xo‘rsinib yupatar darhol.
— O’kinmang, taqchillik faqat bizdami??
Abdulla Oripov she’riyatining hozirgi bosqichi yana ham o‘zgacha, ma’naviy-badiiy jihatdan yuksaklikka ko‘tarilmoqda. Uning «Haj daftari» (1992)ga kirgan «Hadis»lari ham buni to‘la tasdiqlaydi. Hozirgacha u 50 ta hadis-she’r yaratgan bo‘lsa, kelgusida uni yuzga yetkazmoqchi. U mustaqil O’zbekiston madhiyasining muallifi hamdir. Eng muhimi, unda shoir Qur’oni karim va hadisi shariflardagi ma’naviyatni qayta, zamon ruhida tiklash, yangi bosqichga ko‘tarishga intilyapti.
Abdulla Oripov iste’dodli shoir bo‘lganidek, iste’dodli tarjimon hamdir. U Dantening «Ilohiy komediya» asarini o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan o‘girdi. Abdulla Oripov Nekrasov, L.Ukrainka, Shevchenko asarlarsh ham ona tiliga tarjima qilgan.
Ijodkorning she’riy majmualari rus va boshqa qa dosh xalqlar tillariga tarjima qilingan va alohida kitob holida nashr etilgan.
Abdulla Oripov — noyob iste’dod egasi. Chuqur falsafiyliklik, milliy g‘urur, isyonkor ruh, diniy-axloqiy teranlik shoir she’riyati asoslarini tashkil etadi. O’zbek xalqining milliy uyg‘onishi, hurfikrlilik va mustaqillik uchun kurash yo‘lida Abdulla Oripov shaxsi va o‘tkir shetzriyati misli ko‘rilmagan o‘rin tutganini qavd etib o‘tish joiz. Uning asarlari o‘zbek she’riyatini hamon boyitmoqda.
O’zbekiston xalq shoiri (1989) Abdulla Oripov munosib taqdirlangan. U Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotining laureatidir.
Shoir Hakida
Bolalik, o'spirinlik chog'larida dunyo, tevarak atrof, tabiat kishi ko'ziga yanayam sirli-sinoatli tuyuladi, yam-yashil maysalaru lolazor qirlar zavqingni toshiradi, uzoqdagi viqorli tog'lar tinmay o'ziga chorlaydi, oydin yoz osmonida milt-milt etgan yulduzlar sirli jilmayib, xayolingni olib qochadi. Shunday lahzalarda "zavqini qitiqlagan shirin tuyg'ularini" ko'ksiga sig'dirolmagan o'n yetti yoshli o'smir hayratu hayajonini she'riy misralarda izhor qilishga jazm etadi, tezroq voyaga yetib yurtga munosib farzand bo'lishni, yulduzlardek porlashni orzu qiladi:
Ipak iz qoldirib uchar quvnoqlar.
Bir-birin quvlashib, chaqishar chaqin.
Osmon go'zallarin kumush yotoqlar
Qo'yniga chorlaydi, subhidam yaqin.
Deyman: osmonlarning hiloli bo'lsam,
Hulkar va Zuhrosi bo'lgim keladi.
Shu go'zal o'lkamda kamolga to'lsam,
Porloq yulduzlarday kulgim keladi
Garchi yosh shoirning keyinroq yozilgan "Miltiraydi mitti yulduz" deb nomlangan she'rida o'z to'dasidan ajralib qolgan, shamdek titrab, ko'k gumbazining bir chetida "tanholikdan yosh to'kayotgan" osmon jismi haqida so'z borsa ham oltmishinchi yillar o'rtalaridan boshlab she'r olamida chaqnagan "mitti yulduz" to'g'risida gapira boshladilar. Yillar o'tdi, u o'zbek she'riyatini yangi bosqichga olib chiqqan yorqin yulduzga aylandi, shu'lasi yiroq-yiroqlarga taralib, butun turkiy adabiyotning, Sharqning yirik siymolari qatoridan joy oldi, she'rlari ko'plab G'arb tillariga tarjima qilindi. Nafosat olamida "Abdulla Oripov she'riyati" degan tushuncha mustahkam qaror topdi.
Insoniyat badiiy tafakkuri mo''jizalaridan biri bo'lgan she'riyat insonning olam va borliqqa hissiy-emotsional munosabati hosilasidir. Insoniyatning quvvai hofizasi zo'r shoirlari yaratgan she'riy durdonalar barcha xalqlarning, barcha avlodlarning ma'naviy mulki bo'lib qoladi. Vaqt o'tadi, davrlar yangilanadi, adabiyotga yangi avlodlar kirib keladi va bu ma'naviy boylikka o'z hissasini qo'shishga chog'lanadilar.
Abdulla Oripov adabiyotda biryoqlamalik, ritorika, deklarativlik, bayonchilik, "baxtli zamonaga" hamdu sano o'qish avj olgan, adabiyotning ijtimoiy-estetik qimmati puturdan keta boshlagan bir davrda she'riyat ostonasiga qadam qo'ydi.
Har bir shoir singari u ham havaskorlik, izlanish bosqichini bosib o'tdi. Yulduzlar, tog'lar, kapalak haqida yozdi. Ulardan she'r izladi. Biroq u o'qish-o'rganish bosqichini tez bosib o'tdi, she'riyatning missiyasini, inson va jamiyat hayotidagi o'rni va ahamiyatini juda erta angladi. 1962 yilda matbuot yuzini ko'rgan "Kuz xayollari", 1964 yilda "Sharq yulduzi" jurnali sahifalarida e'lon qilingan "Men nechun sevaman O'zbekistonni", "Miltiraydi mitti yulduz", "Burgut" kabi she'rlar o'z ovozi va uslubiga ega bo'lgan shoir shakllanayotganligidan darak berdi. Shoirning sobiq ittifoqda stalincha zo'ravonlik sharpalari hali butkul daf bo'lmagan, mustabid tuzum hukmronlik qilishda davom etayotgan, adabiyot esa "sots. realizm" iskanjasi ostida ezilish holatida bo'lgan bir sharoitda isyonkor ruh bilan sug'orilgan tug'yonli, lirik-falsafiy, teran mushohadali, hayotni o'zicha ko'rgan chinakam milliy va xalqchil she'rlari og'ir sukunatni titratib yuborgan momaqaldiroq yanglig' yangradi.
"Albomga", "Yuzma-yuz", "Temir odam", "Ayol", "Munojotni tinglab", "O'zbekistonda kuz", "Tilla baliqcha", "Dorboz", Otello", "Uyqu" kabi she'rlardagi o'ziga xos mushohada, dadillik, haqiqatni anglashga intilish, xalqning dardini aytish, eng muhimi erkni ulug'lash, istiqlolga talpinish tug'ma iste'dod sohibining barchani mahliyo qilib qo'ygan, qizg'in bahs-munozaralarga mavzu bo'lgan muhim fazilatlari edi. Uning she'rlaridan bahramand bo'lish "she'riyat bayrami"ga (Qaysin Quliev iborasi) aylanib ketardi.
Hayotning ichiga chuqur kirib borish, hayot haqiqatini tasvirlashdagi qat'iyat va izchillik, chuqur obrazlilik, fikr va tuyg'uning ajoyib bir tarzda omuxtaligi, shiddatkor ruh, ichki dramatizm, poetik tafakkurning teranligi, Sharq va G'arb she'riyatining eng yaxshi an'analari uyg'unlashganligi yosh shoir ijodiy evolyutsiyasini ta'minlagan omillar bo'ldi. Biroq yulduzday chaqnagan bu iste'dod uchqunlari vaqtincha emasmikan degan hadiklar ham yo'q emas edi:
Olti oykim, she'r yozmayman, yuragim zada:
Olti oykim, o'zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do'stlarim ham pana-panada
Iste'dodim so'nganidan qilar karomat.
Shukrlar bo'lsinkim, umumxalq ehtiromi, adabiy davralarning e'tirofi yosh shoirni havolantirib yubormadi. "Mitti yulduz"ning nurlari tobora avjlanib, ajib shu'lalar tarata boshladi. Tez orada "Sarob", "Bahor", "Avlodlarga maktub", "Sovg'a", "Minarai kalon tepasidagi laylak", "Biznikilar", "Jannat" singari har biri adabiyotimizda voqea bo'lgan she'rlar yaratildi.
Bu jihatdan ko'p tarxli "Avlodlarga maktub", "Sarob" she'rlari e'tiborlidir. "Avlodlarga maktub" she'rining yozilishiga 1966 yilgi Toshkent zilzilasi turtki bo'lgan. Shoir vaqtlar o'tib ma'shum zilzila haqida yozilgan gazetalarga ko'zi tushgan avlodlarni tasavvur qiladi. Ular qarashsa-ki, sahifalarda azob-uqubat, vahima jabrini tortgan odamlarning emas, balki xushnud odamlarning suratlari iljayib turibdi. Bu ne hol? Yer osti qattiq silkinib, uy-joylar buzilsa-yu odamlarning chehrasida shodmonlik? Shoir bu holning siridan avlodlarni voqif qiladi:
Do'stlarim, hayratda qolmangiz faqat,
Sirlilik bizlarning uslubga mosdir.
Tinchi yo'qolgan odamlarni jilmayishga majbur etgan kuch - bu "Sovetlar" uslubi edi. Shoir tag ma'noli misralar, so'zlar vositasida yolg'on jamiyatning, erkinlikka yot tuzumning mohiyatini ochib beradi. Bu tuzum hatto "insonning azaliy kasbi bo'lgan, dunyoday qadim" do'stlikni ham sal bo'lmasa biz kashf etdik, faqat bizga xos deb bong uradi:
Sizga falokatdan berganda xabar
Do'stlik borasida yozurlar albat.
Yozurlar: "...biz bo'ldik tengsiz birodar,
Bu xislat bizlarga xos erur faqat.
Saylanma
Mening tug'ilib o'sgan, bolaligim o'tgan joylar Qarshi (qadimgi Nasaf) shahridan besh-o'n chaqirim shimolroq tomondagi Qo'ng'irtov etaklaridir. Qo'ng'irtov degani u erda dov-daraxt yo'qligi, ko'rinishining kulrang-qo'ng'ir tusda bo'lganligidandir. Qo'ng'irtovda yagona sho'r suvli buloq bor, uni Qo'tirbuloq deydilar. Chunki uning sho'r, tuzlik suvidan odamlar turli dardlariga shifo topib yuradilar. Geolog do'stlarimizning aytishlariga qaraganda u nihoyatda eski tog'ning qoldig'i, cho'kirtaklari ekan. Bu tog'ning narigi tomoni Samarqand, berigi tomoni Buxoroi sharifga yuz tutib turibdi. Bobolarimizning aytishicha, qaysi bir zamonlarda Navoiy bobomiz Samarqanddan Buxoroga ana shu Qo'ng'irtovni oshib o'tgan emishlar. Albatta, bu gaplar xalqning xotirasida o'qtin-o'qtin chaqnab turadigan xayol uchqunlari bo'lishi mumkin. Qishlog'imizning nomini Neko'z deydilar. Uning ma'nosini men yaxshi bilmayman. Har holda u qadimiy o'zbek urug'larining bir shoxobchasi bo'lishi mumkin. Darvoqe, Amir Temur bobomizning onalarini Neko'zbegim ham deganlar.
Ota tarafdan katta bobolarim Norboy bobo, Boymurod bobo, Ubaydullo bobolar bo'lishgan. Undan keyin mening otam Orif bobo. Ona tarafimdan bobomni Erdona karvon deganlar. U kishi chamamda, qandaydir karvonchilik bilan mashg'ul bo'lgan.
Qishlog'imizda suv nihoyatda taqchil edi. Qashqadaryodan tortib kelingan ikkita ariq bo'lib, birini Xomariq (Xonariq ham bo'lishi mumkin), ikkinchisini G'adang deyishgan. G'adang arabcha so'z, ma'nosi yoyning o'qini bildiradi. Go'yo Qashqadaryo egik kamon bo'lsa, G'adang undan otilgan o'q kabi. Lekin bu ariqlarga suv juda qiyinchilik bilan chiqar, shu sabab odamlar ariqni tinimsiz chuqurlashtirgani-chuqurlashtirgan edi. Bu jarayonni hayrov der edilar. Suv etarli joyda albatta u-bu narsalar ekilardi, tog'ning etaklari lalmikor erlarda esa asosan bug'doy, arpa etishtirilardi. Ayonkim, bu poyonsiz qir-adirlarda chorva ko'p edi. Tuya, yilqi, qo'y deganday. Quduqlarning suvi batamom sho'r, ichishga yaroqsiz. Lekin uni negadir mol-hol ichib yuraverardi. Ayniqsa bahor paytlarida bu erlarga yog'in ko'p tushar, Qo'ng'irtov etaklari ming o't-o'lan, chuchmoyu qizg'aldoqlar bilan, quyontovug'u ismaloq bilan, karragu hazoriisfand bilan, qo'zigullar bilan qoplanar, atrof-tevarak jannatiy bir manzara kasb etardi. Sel suvlari to'planib qolgan kichik-kichik ko'llarni "qoq" deyishardi. Uning toza suvini odamlar tashib ichishar, bola-baqra chuchmomoyu ismaloq, zamburug' terib, Qo'ng'irtov etaklarida kunlarini kech qilar edi. Bu erlarga bahorda turna tushardi. Turnalar o't-giyohlarni terib eb, qo'y-qo'zilarning orasida bemalol, behadik yuraverishardi. Shuningdek, Qo'ng'irtovda u paytlari kiyik ko'p edi. U kiyiklarning zoti, keyin bilishimcha, xonguli ekan. Ular hozir Buxoro atrofidagi qo'riqxonada saqlanib qolgan. Emishi bor edi shekillik, bo'ri, tulki, shaqol ham ko'p edi bu joylarda. Keyinchalik, atrof-tevarakni odamlar ishg'ol qilib olishgach, yovvoyi hayvonlar o'z-o'zidan yo'qoldilar. Turnalar, laylaklar kelmay qo'ydi. Kiyikni esa hazrati Insonning o'zi eb bitirganiga o'zim guvohman.
Otam rahmatlik kolxozda rais bo'lib ishlar, raykomning kotiblari (ayniqsa o'ris kotiblar) qishlog'imizga tez-tez tashrif buyurishib, usti ochiq gazik mashinalarda ko'pincha tunda kiyik oviga chiqishardi. Kiyik jonivor kechasi qorong'ida mashina yorug'iga ro'para kelganda ko'zi qamashib joyida taqqa to'xtab qolardi. Ana o'shanda uni otib olsayam bo'ladi, tutib olsayam bo'ladi. Esimda, bir safar o'sha kotiblardan biri ovga chiqib, o'n ikkita kiyikni otib, mashinaga bosib kelishgan edi. Ulardan bittasini uyda qovurib eyishdi. Kiyikning go'shti qizg'ish bo'lib, g'oyatda issiqlikdir.
O'shanda onam rahmatlik haligi ovchi kotiblarni o'zicha o'kinib-o'kinib qarg'agani hamon yodimda. "Nafsingga o't tushgur, kiyik esang bittasini e, o'n ikkitasini o'ldirib nima qilasan", derdi onam. Ular qolgan kiyiklarni mashinaga bosib, shaharga ketishardi. Saldan keyin Qo'ng'irtov harbiylar ixtiyoriga o'tib, ular mashq qiladigan joyga aylandi. Qo'ng'irtovni okop-transheya qazib, tilka-tilka qilib tashladilar. Hamma yoqda tanklar o'rmalab, bombalar portlab yotardi. Bunday joylarda hatto yumronqoziq ham qolmagan edi. Keyinchalik harbiylar u joylarni tashlab ketishdi.
O'sha Qo'ng'irtovda bizning bolalik yillarimiz o'tgan. Bahor kelganda havoni o't-ulanning yoqimli xushbo'y xidi qoplar, sharros yomg'ir quyganda biz tog' cho'qqisi unguridagi kichik-kichik g'orlarga bekinib olardik. O'sha yuksaklikdan shimol tarafdagi yam-yashil bepoyon kengliklarni tomosha qilar edim, to'yib-to'yib nafas olar edim. Ayniqsa bu joylarda janub kechalari, yulduzli osmon nihoyatda go'zal bo'lar edi. Tim qora osmonda qo'l cho'zsang etgudek ulkan-ulkan novvotrang yulduzlar charaqlab turadi. Hayotimda bunday go'zal manzaralarni keyin uchrata olmadim.
Qishlog'imizda quduq suvi ichishga yaroqsizligini aytib o'tdim. Biz chuchuk suvni to'rt chaqirim naridagi Eshonquduq degan qishloqdan tashib kelar edik. Eshakka to'rtta ko'zani kajava qilib ortib olardik. Ko'zalar bir-biriga to'qishib sinib ketmasligi uchun alohida yog'och qoliplarda joylab qo'yilardi. Bu qoliplarning yana bir yaxshi tomoni shuki, ko'zaning dastasi sinib mundiga aylanib qolganda ham uni qolipga joylab, bemalol ishlataverish mumkin. Bir kuni ikki mahal suvga chiqardik, ayniqsa saraton kunlari Eshonquduqqa qatnash o'lguday zerikarli bo'lardi. Yuragim siqilib ketganidan bir nimalarni ming'ir-ming'ir to'qib, o'zimni ovutardim, shekillik.
Do'stlaringiz bilan baham: |