Fond qaytimi - ishlab chiqarilgan mahsulotning asosiy ishlab chiqarish fondlarining o‘rtacha yillik qiymati birligiga to‘g‘ri keladigan miqdori;
Fond sig‘imi - fond qaytimi ko‘rsatkichiga teskari ko‘rsatkich;
Fondlarning rentabelligi - asosiy ishlab chiqarish fondlarining o‘rtacha yillik qiymati birligiga to‘g‘ri keladigan foyda miqdori.
Asosiy ishlab chiqarish fondlarini baholash va ulardan foydalanishni tahlil qilishda mehnat va ishlab chiqarishning fond bilan qurollanganligi hamda uning yana bir turi - mehnat va ishlab chiqarishnng mexaniq qurollanganligi kabi ko‘rsatkichlarni ham e’tiborga olish lozim.
Qurilish tashkilotlari asosiy ishlab chiqarish fondlarini yangilab borishni davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi va Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasining 2003 yil 14 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra «Pudratchi qurilish tashkilotlari uchun qurilish texnikasi va asbob-uskunalarini sotib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘larga soliq solish bazasini kamaytirish qismida daromad (foyda) solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash tartibi to‘g‘risida NIZOM» qabul qilindi.
Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 sentyabrdagi 395-sonli "Kapital qurilishda xo‘jalik munosabatlari mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va pudratchi qurilish tashkilotlari uchun qurilish texnikasi va asbob-uskunalarni sotib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar summasiga soliq solinadigan bazani kamaytirish daromad (foyda) solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash tartibini belgilaydi. Unga quyidagilar ko‘zda tutiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 sentyabrdagi 395-sonli "Kapital qurilishda xo‘jalik munosabatlari mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq pudratchi qurilish tashkilotlarini qurilish texnikasi va asbob-uskunalarni sotib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘lari 2006 yilning 1 yanvarigacha daromad (foyda) solig‘ini hisoblashda soliq solinadigan bazadan chiqarib tashlanadi.
2. Pudratchi qurilish tashkilotlari tomonidan qurilish texnikasi va asbob-uskunalarni sotib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘lari buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo‘yicha aniqlanadi va quyidagilarda hisobga olinadi:
a) montaj talab etiladigan qurilish texnikasi va asbob-uskunalari kelib tushganda - o‘rnatishga asbob-uskunalar hisobi schyotida, "O‘rnatishga qurilish asbob-uskunalari" hisobidan ajratilgan holda;
b) montaj talab etilmaydigan qurilish texnikasi va asbob-uskunalari kelib tushganda - kapital qo‘yilmalar hisobi schyotida "qurilish texnikasi va asbob-uskunalarni sotib olish" hisobidan ajratilgan holda.
3. Pudratchi qurish tashkilotlari tomonidan qurilish texnikasi va asbob-uskunalarni sotib olishga yo‘naltirilgan mablag‘lari summasi haq to‘langan va pul tushgan sanadan qat’i nazar hisobot davrida daromad (foyda) solig‘ini hisoblashda soliq solinadigan bazadan chiqarib tashlanadi.
4. Soliq solinadigan bazani kamaytirish bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashda tegishli hisobot davri uchun daromad (foyda) solig‘ini hisoblash bo‘yicha hisob-kitoblarga qurilish texnikasi va asbob-uskunalarni sotib olishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma ilova qilinishi shart.
5. Korxonalar soliq solish bazasini kamaytirish bo‘yicha berilgan imtiyozlarni hisobga olgan holda daromad (foyda) solig‘ini to‘g‘ri hisoblash uchun javobgardirlar.
6. Daromad (foyda) solig‘ini hisoblash va o‘z vaqtida to‘lash yuzasidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining "Davlat soliq xizmati to‘g‘risida"gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish miqyosining o‘sishi va boshqa ijobiy o‘zgarishlar sharoitlarida, ba’zan korxonaning asosiy fondlari, jumladan, ishchi mashinalar va uskunalar, ishlab chiqarish binolari, qurilmalar va hokazolar etmay qoladi. Bunday hollar ro‘y berganda korxona shartnoma asosida o‘ziga kerakli bo‘lgan asosiy fondlarni yollaydi va ular ijaraga olingan hisoblanadi. Ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi o‘rtasida yuzaga keluvchi mulk munosabatlari lizing deb ataladi (ingl. Lease - ijara).