5-SAVOL
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining kelib chiqish sabablari va xususiyatlari.
Iqtisodiyotdagi inqiroz mazmunan kelib chiqish sababiga ko’ra asosan ikki turga bo’linadi:
a) ishlab chiqarishning ortiqchaligi va bozorning to’yinganlik darajasining ortishi;
b) taklifning talabdan ortda qolishi, kam ishlab chiqarish yoki bozor taqchilligi.
Birinchi holatda inqiroz naflilikning pasayish qonuniga monand tarzda bozorlar to’yinish darajasining ortishi va unga teskari mutanosiblikda talab hajmining qisqarishi, tovar va xizmatlar sotuvining pasayib, ishlab chiqarish zahiralarining ko’payib ketishi bilan kuzatiladi. Aylanma mablag’larning tovar zahiralari bilan bandligi, “muzlashi” hamda talabning qisqarishi oqibatida korxonalar o’z ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga va shu orqali talab va taklif muvozanatiga intiladilar. Amalda esa, ishlab chiqarish hajmining qisqarishi ish o’rinlarining qisqarishiga, bu esa o’z navbatida uy xo’jaliklarining to’lovga qobillik darajasiga salbiy ta’sir ko’rsatib, mavjud talab hajmining yanada pasayishiga moyillik uyg’otadi. Pirovardda ishsizlik o’sadi, moliya-kredit munosabatlari izdan chiqadi, tavakkalchilik xavfi kengayib, foiz stavkalari oshadi, lekin bu investitsiya oqimi kamayishiga xalal bermaydi, aholi turmush darajasi pasayib boradi.
Bozor taqchilligi bilan bog’liq inqirozlar odatda raqobatlashmagan, yuqori monopollashgan hamda ma’muriy-buyruqbozlik hukm surgan iqtisodiy muhitda yuzaga keladi. Bozorning monopollashuv darajasining yuqoriligi sharoitida monopol korxonalar va ishlab chiqaruvchilar manfaatlari tovarlar hajmi, assortimenti bilan emas, balki, kam hajmdagi tovar va unga qo’yilgan yuqori narxlarda o’z ifodasini aks ettiradi. Bu borada masalaning zaif tomoni shundan iboratki, monopol korxonalarning ishlab chiqarishni ko’paytirish o’rniga narxni oshirish siyosatini qo’llashi, iqtisodiyotda yalpi narx o’sishiga hamda tannarxning to’xtovsiz ko’tarilishi bilan bog’liq holda samaradorlikning pasayishiga olib keladi. Ma’muriy-buyruqbozlik hukmronligi sharoitida esa tovar taqchilligi sharoitida narx o’sishining oldini olish maqsadida sun’iy chora va cheklovlarning qo’llanilishi, davlatning iqtisodiyotga, ayriboshlash munosabatlariga to’g’ridan-to’g’ri aralashuvi iqtisodiy samaradorlik va mehnat unumdorligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Past narxlar, ya’ni, narx darajasini sun’iy ushlab turishi siyosatini qo’llash sharoitida korxonalarni subsidiya va dotatsiyalar bilan rag’batlantirish har doim ham ijobiy natija bermaydi. Chunki, bunda byudjet xarajatlarining o’sishi, uning taqchilligini, bu esa o’z navbatida iqtisodiyotga jalb qilinayotgan investitsiyalar va boshqa moliyaviy oqimlarning narx darajasini, milliy valyutaning xarid qobiliyatini “ushlab turish”ga, korxonalarning ishlab chiqarishni rivojlantirishga emas, balki, ular zararni qoplash evaziga, ishlab chiqarishning mavjud hajmini saqlab turishga safarbar etilishiga olib keladi.
2008-yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi kelib chiqish mazmuniga ko’ra birinchi turdagi inqirozga mansub. Ayni paytda mazkur inqirozning birinchi navbatda moliya (qimmatli qog’ozlar) bozorlarida yuz berishini esa quyidagilar bilan izohlash mumkin.
Birinchidan, rivojlangan mamlakatlar, jumladan, AQSHda davlat tashqi qarzdorligini yumshatish maqsadida muomalaga tovar bilan ta’minlanmagan pul massasining ko’plab chiqarilishi moliyaviy resurslar bilan real ishlab chiqarish hajmi o’rtasidagi mutanosiblikning keskin buzilishiga olib keldi. Pul massasining nomutanosib tarzda oshishi ma’lum darajada 25 yildan oshiq vaqt davomida uy xo’jaliklari jamg’armalarining pasayib borish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan bo’shliqni to’ldirish uchun “xizmat qilishi” ko’zda tutilganligi ham tabiiy, albatta. Lekin bu holat yuqori foyda orqasidan quvayotgan yirik korporatsiyalar hamda moliya muassasalarining majburiyatlari bilan nizom mablag’lari o’rtasidagi muvozanatni sezilarli darajada izdan chiqardi.
Ikkinchidan, 2006 yilning ikkinchi yarimidan boshlangan ipoteka bozoridagi talabning keskin pasayishi natijasida tizimdagi deyarli barcha tuzilmalar o’z faoliyatini zarar bilan yakunladilar. Bu holat 2007 yilda ham to’xtovsiz davom etib, yilning 3-choragiga kelib, AQSH ipoteka bozoridagi tahlikali vaziyat Yevropa ittifoqi, Yaponiya, Avstraliya, Kanada va boshqa qator rivojlangan mamlakatlarga ham tarqaldi. Jahon moliya tizimida likvidlik defitsiti, ya’ni to’lovga layoqatlilik darajasining pasayishi keng kuzatila boshlandi. Bunga javoban mazkur mamlakatlar markaziy banklari pul bozori stavkalarini pasaytirish tadbirlarini amalga oshirdi. 2007 yil sentyabrida AQSH Federal zahira tizimi (FZT) qayta moliyalashtirish stavkasini 5,25 foizdan birdaniga 4,75 foizga yoki 9,5 foizga pasaytirdi. Banklardan pul oqimlarining chiqib ketishi kuchaya boshladi. Buni Angliya Markaziy banki tomonidan “Northern Rock” ipoteka bankini qo’llab-quvvatlash uchun ajratgan 20,0 mlrd. yevro hajmidagi moliyaviy ko’magining amalda omonotchilar bilan hisob-kitob uchun sarflanganligi, deyarli kuniga 4,0 mlrd. yevroning chiqib ketishiga olib kelganligida kuzatish mumkin3. 2008- yilning kuziga qadar bo’lgan davrda kattaligi bo’yicha AQSHda 5-o’rinda hisoblanib kelingan “Bear Stearns” va “Sitigroup” tarkibiga kiruvchi “Sitibank” nemis bankining savdoga qo’yilishi, AQSHdagi eng yirik ipoteka institutlari – Federal milliy ipoteka assotsiatsiyasi (“Fanni Mae”) va Uy-joyni ipoteka kreditlash federal korporatsiyasi (“Freddie Mac”) boshqaruvining mamlakat moliya vazirligi tassarufiga o’tkazilishi va nihoyat 15 sentyabr kuni ipoteka bozorida ko’rilgan zararlar tufayli “Lehman Brothers” investitsion banki bankrotligining e’lon qilinishi fond bozorlarida talvasali vaziyatni keltirib chiqardi. Iste’molchilar bozordan chiqa boshladilar. Ayni paytda Federal milliy ipoteka assotsiatsiyasi hamda Uy-joyni ipoteka kreditlash federal korporatsiyalarining AQSH ipoteka bozori bitimlaridagi ulushi deyarli 70 foizga to’g’ri kelgan. Ipoteka bozoridagi krizis tufayli kompaniyalar 14 mlrd. dollar atrofida zarar ko’rganlar. Natijada ularning kapitallashuv darajasi “Fanni Mae” kompaniyasida 40 mlrd. dollardan 7,6 mlrd. dollarga, “Freddie Mac” kompaniyasida esa 22 mlrd dollardan 3,3 mlrd. dollarga tushib ketgan. Bozor to’yinish darajasining yuqoriligi, tashqi va ichki qarzdorlikning to’xtovsiz o’sib borishi, davlat nazorat funktsiyasida moliyaviy dastaklarga katta e’tibor qaratilishi sharoitida noto’g’ri moliyaviy siyosat, moliya institutlar likvidlik darajasining hamda uy xo’jaliklari jamg’armalarining muntazam pasayib borishi, iste’mol narxlar darajasining o’sishi kabilarning o’zaro uyg’unlikda kuzatilishi 2008- yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining kelib chiqishiga sabab bo’ldi. 2008- yilning oktyabridan shiddat bilan kengayib, chuqurlashib borgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz dunyo xo’jaligi, jumladan, uning mintaqalari hamda mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy va ayni paytda turli darajada ta’sir ko’rsatdi. Aslida rivojlanishdagi faollikning pasayishi ancha oldin, 2006-2007 yillardan asta-sekinlik bilan kuzatila boshlangan. Jumladan, AQSH YaIMning o’sish sur’ati 2005- yildagi 2,9 foizdan, 2006- yilda 2,8 foizga, 2007- yilda 2,0 foizga, 2008- yilda 1,6 foizga pasayib borgan. O’sish sur’atining pasayishi Yevropa Ittifoqi va Yaponiyada 2007- yildan boshlanib, 2006- yilga nisbatan mos ravishda YeIda 3,3 dan 3,1 foizga, Yaponiyada 2,4 dan 2,1 foizga pasaygan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa iqtisodiy o’sish sur’atining pasayishi faqat 2008- yilga kelib kuzatildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |