1-§. Chiziqli dasturlash modellaridan foydalanish zaruriyati. 2-§. Chiziqli dasturlash modelining asosi.
3-§. Chiziqli dasturlash modeli muammolarini yechish bosqichlari.
a) Muammolar va vazifalar;
b) Vaziyatli masalalar; v). Test savollari
Mavzuning maqsadi
Ushbu mavzu «Boshqaruv hisobi»ning asosiy mavzularidan biri bo‘lib, unda xo‘jalik yurituvchi subyektlarda qaysi yo‘l bilan cheklangan resurslardan eng samarali foydalanish yo‘llari, xarajatlarni imkon qadar kamaytirish va shunga muvofiq foyda miqdorini ko‘paytirish yo‘nalishlari, modellari xususiyati batafsil yoritilgan.
Asosiy e’tibor, yuqorida sanab o‘tilgan asosiy moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng optimal yechimni topish chiziqli dasturlash modeli orqali samarali amalga oshirilishi mumkinligiga qaratilgan.
Chiziqli dasturlash modelida faraz qilinadiki, ma’lum miqdordagi moliyaviy, mehnat va moddiy resurslar asosiy maqsadni amalga oshirish uchun ma’lum miqdordagi xarajat va chiqimlarni vujudga keltiradi. Shu o‘rinda xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbarining asosiy vazifasi mavjud shu imkoniyatlar doirasida eng ko‘p foyda olish uchun qaysi tovardan qancha miqdorda ishlab chiqarishni belgilashi talab qilinadi.
Mulk shakli va faoliyat turidan qat’i nazar, o‘zaro raqobat muhiti kuchayib borishi jarayonida xo‘jalik yurituvchi subyektlarni boshqarish yuqori malaka va chuqur iqtisodiy bilimlarni talab qiladi. Iqtisodiy
jarayonlarning modellashtirilishi ishlab chiqarish qonunlariga asoslangan mavjud barqaror aloqalar asosida amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish to‘liq inson manfaatlari va maqsadlari yo‘lida jamiyatning rivojlanish qonunlariga bog‘langan holda xizmat qilsa-da, u tabiat qonunlarini bilish asosida tashkil etiladi va bu qonunlarga bo‘ysunadi. Shu boisdan tabiatdagi singari iqtisodiyotda ham barqaror qonuniy bog‘lanishlar mavjuddir. Shuning uchun ularning matematik tuzilishini shakllantirish, iqtisodiy jarayonlarni matematik modellashtirish mumkin.
Buning uchun xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbari yoki ana shu iqtisodiy jarayonni matematik modellashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib olayotgan har bir mutaxassis bir qator iqtisodiy bilimlarni, shuningdek, matematik modellashtirish asoslarini, uning amalga oshirilish bosqichlarini puxta bilib olishlari lozim bo‘ladi.
Chiziqli dasturlash modellaridan foydalanish zaruriyati
Har qanday xo‘jalik yurituvchi subyekt – mahsulot ishlab chiqaruvchimi, xizmat ko‘rsatuvchimi yoki ish bajaruvchimi, xuddi shuningdek, mulk shaklidan ham qat’i nazar, o‘z faoliyatlarini olib borishlarida juda ko‘plab moddiy, moliyaviy va mehnat resurslari cheklanishlariga (pul mablag‘lari yetishmasligi, aylanma mablag‘lari tanqisligi, malakali ishchi kuchi kamligi, yuqori texnologiyalarga asoslangan asbob-uskunalar yetishmasligi va sh.k.) duch keladi.
Agar ishlab chiqarishda cheklashlar bo‘lmasa, u holda sotish bo‘limining xodimlari va menejerlari mahsulot chiqarishni ko‘paytirish yoki mahsulotlarni eng yuqori marjinal foyda bilan sotishga harakat qilsalar haq bo‘ladilar. Lekin, ishlab chiqarishda cheklashlar mavjud bo‘lsa, u holda eng yuqori marjinal foydaga ega bo‘lgan mahsulotlar uncha daromadgir bo‘lmasligi mumkin. Faqat ishlab chiqarish jarayonlari va uning barcha cheklanishlarini aniq modellashtirish yordamida ishlab chiqarish va sotish uchun ancha foydali bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni aniqlab olish mumkin.
Barcha mahsulot turlari faqat bir xil stanokda ishlab chiqilsa, bu holda bitta omilli cheklanish mavjud bo‘ladi (masalan, stanokning ish vaqti, ya’ni «mashina/soat» ko‘rsatkichi)
Masalan, xo‘jalik yurituvchi subyekt faqat ikki turdagi mahsulotning birini ishlab chiqarishni tanlashi mumkin. Quyidagi ma’lumotlar mavjud:
Ko‘rsatkichlar
|
Mahsulotlar turlari
|
“1”
|
“2”
|
1. Bir dona mahsulotning sotish bahosi
|
10
|
15
|
2. Bir dona mahsulotning o‘zgaruvchan xarajati
|
4
|
7
|
3. Marjinal foyda, pul birligida
|
6
|
8
|
4. Mahsulot birligi, mashina/soat
|
3 soat
|
6 soat
|
Jadval ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, agar ishlab chiqarish bo‘yicha cheklanishlar bo‘maganda edi “2” mahsulotni ishlab chiqarish foydaliroq bo‘lar edi. Chunki uning har bir donasi “1” mahsulotga nisbatan 2 p.b. ko‘p marjinal daromad keltirmoqda. Haqiqatdan ham, mabodo ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yoki shunga o‘xshash boshqa cheklovlar bo‘lmaganda edi, ushbu xo‘jalik yurituvchi subyekt “2” mahsulot turidan ishlab chiqaravergan bo‘lar edi.
Faraz qilaylik, xo‘jalik yurituvchi subyekt ana shu mahsulotlarning har ikkalasini ham bir xildagi stanoklarda ishlab chiqaradi. Shu holatda ko‘rinib turibdiki, “2” mahsulot turini ishlab chiqarish maqsadga muvofiq bo‘lmagan bo‘lar edi. Chunki, ishlab chiqarish hajmi stanoklar
ish vaqti bilan cheklanganligi tufayli “1” mahsulot turini ishlab chiqarish ancha foydaliroqdir. Bu mulohazani jadval ma’lumotlari asosida yengil tarzda tekshirib olsa bo‘ladi. Stanok bir sutka davomida 24 soat ishlaydigan bo‘lib, faqat “2” mahsulot turidan ishlab chiqariladigan bo‘lsa, u holatda 4 dona “2” mahsulot turi ishlab chiqarilib (bir sutka 24 soat : bir dona 6 soatda ishlab chiqariladi), marjinal foyda 32 p.b. teng bo‘lgan bo‘lar edi. Mabodo, faqat “1” mahsulot turidan ishlab chiqarish amalga oshirilsa, u holatda 8 dona ishlab chiqarilib, shu mahsulotdan ko‘riladigan marjinal foyda miqdori 48 p.b. tashkil qiladi. Aniqrog‘i “1” mahsulot turini ishlab chiqarish “2” mahsulot turini ishlab chiqarishga qaraganda 150% rentabellidir.
XULOSA:
Agar, ikkala mahsulot ishlab chiqarishi bo‘yicha cheklanish bo‘lmaganda edi, xo‘jalik yurituvchi subyekt har ikki turdagi mahsulotni ham ishlab chiqargan bo‘lar edi.
Bitta cheklanish mavjud bo‘lgani uchun xo‘jalik yurituvchi subyekt bitta turdagi, ya’ni “1” turdagi mahsulotni ishlab chiqarishni qabul qiladi.
Ko‘p omilli cheklanish
Mahsulot ishlab chiqarish hajmining cheklanishiga ikki va undan ortiq omillarning ta’sir etishi
(masalan, stanokning ish vaqti, ya’ni «mashina/soat», mahsulotlarni testdan o‘tkazish vaqti va shu kabi ko‘rsatkichlar)
Masalan:
Oldingi misolni davom ettirib, faraz qilaylik, ishlab chiqarish hajmiga yana bir omil ta’sir etyapti.
Bu omil har bir mahsulotni testdan o‘tkazish uchun bizning ixtiyorimizda 12 soat vaqt bor. Har bir mahsulotni testdan o‘tkazish bir xil, 2 soatdan talab qiladi. Shu holatda, bir soatda «1» mahsulotning testi natijasidagi marjinal foyda 3 ga (6 p.b. : 2 soat) va “2” mahsulotniki esa 4 p.b. (8 p.b. : 2 soat) teng bo‘ladi. «Test» ko‘rsatkichi «mashina/soat» ko‘rsatkichiga nisbatan asosiy ko‘rsatkichga teskari ta’sir ko‘rsatadi.
Shu omil ta’siri natijasi bo‘yicha xulosa qilinadigan bo‘lsa, «test» omilida afzallik «2» mahsulotga beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |