mavzu: Morfemika va morfema haqida umumiy ma’lumot. O’zbek tilida so’z yasalishi. Grammatika haqida umumiy ma’lumot. Morfologiya haqida umumiy ma’lumot
REJA:
1.Morfemika va morfema haqida umumiy ma’lumot.
2. Morfema va uning turlari: o‘zak morfema va affiksial (qo‘shimcha) morfema.
3. Affiksial morfemalarning turlari
4. Affiksial morfemalariing tuzilishiga ko‘ra turlari.
5. Tub va yasama so‘zlar.
6. O‘zbek tilida so‘z yasash usullari: affiksatsiya, kompozitsiya, semantik, fonetik, abbreviatsiya.
7. Affiksatsiya va kompozitsiya usullari- o‘zbek tilida so‘z yasashning eng asosiy usullari ekanligi.
8. Grammatika haqida umumiy ma’lumot.
9. So‘zning grammatik ma’nosi va grammatik shakli. So‘zlarning sintetik, analitik, juft va takroriy, aralash hamda nol ko‘rsatkichli shakllari.
10. Grammatik kategoriya haqida umumiy ma’lumot.
11. Grammatik kategoriya grammatik ma’no va ularni ifoda qiluvchi vositalar tizimi ekanligi.
12. Morfologiya va sintaksis grammatikaning qismlari ekanligi.
TAYANCH TUSHUNCHA VA IBORALAR: morfologiya, morfemika, morfema, o`zak morfema, affiks morfema, so`z yasovchi affiks morfema, unumli affiks morfema, omonim affiks, sinonim affiks, antonim affiks. dеrivatоlоgiya, tariхan so`z yasalish, hоzirgi so`z yasalish, sеmantik va fоnеtik usul bilan so`z yasash, affiksatsiya usuli bilan so`z yasash, kоmpоzitsiоn usul bilan so`z yasash; morfologiya, grammatik ma’no, grammatik kategoriya, so`z shakli, sintetik shakl, analitik shakl, juft shakl, takroriy shakl.
Morfemika grammatikaning alohida bir bo`limi bo`lib, so`zlarning morfemik tarkibini, undagi morfemalarning o`zaro munosabatini, turlarini o`rganadi.
Morfema – so`zning ifoda qilinishi jihatidan tovushdan keyin turadigan semantik–morfologik birlik bo`lib, so`zning eng kichik ma’noli qismidir. Morfema so`zning qayta bo`linmaydigan eng kichik ma’noli qismi sifatida leksik ma’noni ham, grammatik ma’noni ham anglatadi. Masalan, Mehnatkashlarimizning so`zi mehnat-, -kash, -lar, -imiz, -ning qismlaridan tarkib topgan. Bu qismlarning har biri shu tarkibda o`ziga hos ma’lum ma’nosida qatnashgan.
Leksik ma’no anglatish yoki anglatmasligiga ko`ra morfemalar 2 turga bo`linadi: 1. O`zak morfema. 2. Affiksal morfema.
Masalan, uzumzor, mevali, bog`bon, ishchi, ishla, ishdan, borgan, bordi, bolalar so`zlarining uzum, meva, bog`, ish, bor, bola qismlari o`zak morfemalar, -zor, -li, -bon, -chi, -la, -dan, -gan, -di, -lar qismlari affiksal morfema hisoblanadi.
So`z morfemalarini aniqlash uchun ularning hozirgi tilimizda xoh leksik, xoh grammatik ma’no anglata olishi hisobga olinadi. Ajratilmoqchi bo`lgan qism hozirgi tilda ma’no anglatmasa, boshqa so`zlar tarkibida ham kela olmasa, uni morfema deb bo`lmaydi. Shunga ko`ra, ma’noli qismlarning chegarasini turli so`z tarkiblarini qiyoslash asosida aniqlanadi. Masalan, ishchilar so`zining ish+chi+lar kabi morfemalarga ajratishga asos shuki, o`zak deb olingan ish so`zi o`z ma’nosida qatnashgan, keyingi so`zning yasalishi uchun asos bo`lib turibdi, turli so`zlar tarkibida kela oladi: ishga, ishchan, ishli, ishsiz, ishla kabi; -chi, affiksal morfema bo`lib boshqa so`zlar tarkibida ham gulchi, xizmatchi, traktorchi kabi shaxs oti yasab kela oladi; -lar, ham morfema sifatida turli so`zlar tarkibida ko`plik ma’nosini ifodalab kela oladi: kitoblar, bolalar, binolar kabi.
O`zbek tilida morfemalar o`zakka ketma-ket, biri orqasidan ikkinchisi qo`shiladi. So`zni morfemik tarkibga ajratish oxirgi morfemani belgilab olishdan boshlanadi va ketma-ket tarzda o`zak formemani belgilash bilan tugallanadi.
Masalan;
muzmuz+lamuzla+tmuzlat+ish;
ko`kko`k+arko`kar+tirko`kartir+ishko`kartirish+di;
oqoq+laoqla+voqlov+chi;
tomtom+chitomchi+latomchila+t.
O`zak morfema so`zda albatta ishtirok etadigan, leksik ma’noni beruvchi qismdir. O`zak morfema yangi so`z yasalishi uchun ham shakl yasalishi uchun ham asos bo`la oladi. Masalan, mevali, mevasiz, sermeva kabi tarkibli so`zlarda meva so`z yasalishi uchun asos bo`lsa; mevani, mevamiz, mevalar tarkibli so`zlarda meva shakl yasalishi uchun asos bo`ladi.
O`zak morfema so`zning leksik ma’nosini bildiruvchi asosiy qism bo`lganligi uchun asosiy morfema, affikslar shu o`zak bilan birgalikda, shu orqali qo`llanganligi uchun ergash morfema yoki yordamchi morfema atamalari bilan ham ataladi.
O`zak morfema ifoda etilishiga ko`ra so`zga o`xshaydi, ular ma’no jihatidan o`zaro bog`langan bo`ladi. Lekin o`zakni so`zning tarkibiga kiruvchi morfema sifatida so`z bilan tenglashtirib bo`lmaydi. Masalan, boshliq, mevazor, ishchi, ishla so`zlaridagi bosh-, meva-, ish o`zak marfemalar alohida olingan bosh, meva, ish so`zlariga aynan teng emas. Garchi ular fonetik jihatdan teng kelsa ham. Buni biz o`zaklarning ma’no doirasi bilan so`zlarning ma’no doiralari teng kelmaganligidan ko`rishimiz mumkin. O`zakning ma’nosi shu so`z tarkibi uchun aniq, cheklangan bo`ladi. Uning ma’nosi shu so`z tarkibi (yasalish tarkibi) doirasida belgilanadi. So`zning ma’nosi esa nutq, gap doirasida belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |