2-mavzu: Tilning mohiyati.
1-savol: Nemis olimi Avgust Shleyxer tilni tabiatiga ko‘ra qanday hodisa sifatida baholagan?
Javob: Tilshunoslik fani tarixida tilning tabiati va mohiyati kabi masalalarni o‘rganishda turli nazariyalar va oqimlar mavjud bo‘lgan. Nemis olimi Avgust Shleyxer (1821-1868) o‘zining “Darvin nazariyasi va tilshunoslik” (1863) nomli asarida tilning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va evolyusiyasi tabiat qonunlariga bo‘ysungan holda ro‘y beradi, til tirik organizm kabi paydo bo‘ladi, rivojlanadi va o‘ladi degan nazariyani ilgari suradi. Shu ma’noda u tilni tabiiy hodisa deb hisoblaydi. Ammo fan taraqqiyoti bu nazariyaning noto‘g‘ri ekanligini isbotladi.
2-savol: Tilning ijtimoiy mohiyatini qanday izohlaysiz?
Javob: Til kishilik jamiyatining mahsuli bo‘lib, jamiyatga xizmat qiladi. Tilning ijtimoiy tabiati uning ayrim shaxsda emas, balki jamiyatda mavjudligini taqozo etadi. Tilning taqdiri jamiyat taqdiri bilan chambarchas bog‘liqdir. Insonning butun hayoti til bilan bog‘liq bo‘lib, til yordamida kishilar ob’ektiv borliqni o‘rganadilar va o‘zaro fikr almashadilar. Til jamiyat faoliyatining barcha sohalariga va jamiyat a’zolarining hammasiga teng xizmat qiladi. Shuning uchun ham til sinfiy xarakterga ega emas.
Til ijtimoiy hodisa sifatida tabiiy hodisalardan ajralib turadi. Kishilarning tabiiy-biologik va fiziologik xususiyatlari tabiat qonunlariga muvofiq rivojlanadi. Tilda so‘zlashish va fikrlashish uchun kishilik jamiyati bo‘lishi shart.
Til nasldan naslga, avloddan avlodga o‘tadigan irsiy hodisa emas, balki jamiyat taraqqiyotining mahsulidir.
3-savol: Tilning ijtimoiy hodisa ekanligini asoslaydigan qanday fikr-mulohazalar bildira olasiz?
Javob: Ingliz oilasida tug‘ilgan bolani go‘daklikdan o‘zbek oilasida tarbiyalansa, u faqat o‘zbekcha so‘zlaydi, o‘z ona tilini esa bilmaydi. Lekin uning biologik belgilari, ya’ni yuz tuzilishi, sochining rangi o‘zgarmasdan qoladi. Chunki bular tabiiy hodisa sanaladi.
Boshqa bir misol: 1920 yilda Hindistonda yuz bergan voqea. Bo‘rilar oilasida o‘sgan va doktor Singx tomonidan tarbiyalangan Amola va Kamola ismli qizlar taqdiri. Ular ma’lum vaqt doktor Singx oilasida yashagan va tik yurishni, qisman so‘zlashishni o‘rganganlar, lekin odamlar orasida yashashga ko‘nikolmay, vafot etganlar. Bu hodisa ham tilning ijtimoiy hodisa ekanligini ko‘rsatadi.
Bobur avlodaridan bo‘lgan Akbarshoh davrida bo‘lgan voqea ham tilning ijtimoiy hodisa ekanligiga bir dalildir. Akbarshoh hech qaysi tilda gapira olmagan inson yahudiy tilda gapira oladi degan g‘ayriilmiy bir gapni eshitib qoladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun 12 ta yangi tug‘ilgan chaqaloqni uzoq bir g‘orda 12 yil parvarish qildiradi. Ularga qarovchi enagalar ham, qorovullar ham kar va soqov edilar. Oradan 12 yil o‘tgandan so‘ng bolalarni shoh huzuriga olib kelishganda ma’lum bo‘ldiki, bolalar hech qaysi tilda gapira olmas edilar, ya’ni ular gung edilar. Bolalar jamiyatdan uzilib qolgan edi, shuning uchun so‘zlashish qobiliyatidan mahrum bo‘lgan edilar.
4-savol: Til va tafakkurning munosabati haqida nima deya olasiz?
Javob: Kishilar til yordamida fikr almashadilar. Til tafakkur bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, fikrni moddiylashtiridigan, reallashtiradigan vositadir. Fikr faqat til orqali reallashadi va tilsiz fikr mavjud bo‘la olmaydi.
Tafakkur inson oliy nerv sistemasining faoliyati bo‘lib, tilda o‘z ifodasini topadi. Uning moddiy qobig‘i tildir. Ong amalda til shaklida mavjud. Demak, til materiallarisiz fikr yuzaga chiqmaydi. Til bilan tafakkur bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan ajralmas birlikni tashkil qilsa ham, ular bir xil hodisa emas. Til bilan tafakkur murakkab qarama-qarshiliqlarga boy bo‘lgan dialektik birlikni tashkil etadi.
Til fonetika, grammatika qonunlari asosida tashkil topgan material hodisa bo‘lsa, tafakkur borliqning inson miyasida aks etishining oliy shakli sifatida ideal hodisadir. Tilning qurilish qonunlari grammatikada o‘rganilsa, tafakkur qonunlari va birliklari logikada o‘rganiladi. Ularni bir-biriga qorishtirish mumkin emas.
Rus fiziologi I.P.Pavlov ikkinchi signallar sistemasi haqidagi ta’limotida insonning fikrlash jarayonida tilning rolini ko‘rsatib berdi va fikrlash til orqali amalga oshirilishi mumkinligini isbotlab berdi.
5-savol: Tilning vazifasi nimalardan iborat?
Javob: Til kishilar o‘rtasidagi muhim aloqa vositasidir. Kishilar til orqali o‘zaro fikr almashadilar. Bundan tashqari til olamni idrok qilish quroli hamdir. Til tarbiya vositasi hamdir. Til estetik vazifani ham bajaradi. Inson qalbida go‘zallik, ezgulik tuyg‘ulari til orqali shakllanadi. Til millatlararo aloqa vositasi ham sanaladi.
6-savol: Tildan boshqa aloqa vositalari ham bormi?
Javob: Yozuv, qo‘l alifbosi va ko‘rlar alifbosi, telegraf alifbosi va morze alifbosi, yo‘l qoidalari belgilari, ilmiy simvolikalar (masalan, ximiyaviy elementlar simvollari) tildan boshqa aloqa vositalari sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |