Affiksal polisemiya. Affikslar ham xuddi so`zlar kabi ko`p ma’noli (polisemantik) bo`lishi mumkin. Bir turkumga tegishli bo`lgan har xil ma’noni bildiradigan birgina affiksga polisemantik affiks deyiladi. Masalan, -chi, affiksi turlicha shaxs oti ma’nolarini bildirib kela oladi.: ishchi, traktorchi, o`yinchi, gulchi, tarixchi, hikoyachi, sportchi, paxtakorchi kabilar; -li, affiksi bir o`rinda ega ekanlik ma’nosini (mevali, bolali, aqlli, kitobli) bildirsa, ikkinchi o`rinda ortiq darajada ega ekanlik ma’nosini (yog`li, suvli, shirali) bildiradi.
Affiksal omonimiya. Ma’no va vazifasiga ko`ra turlicha affikslarning shaklan teng kelib qolishiga affiksal omonimiya deyiladi. Affiksal omonimiyaning qo`yidagi ko`rinishlari mavjud:
1. So`z yasovchi affikslar shaklan teng kelib qoladi. Bunda omonim affikslar bir so`z turkumi doirasida bo`lishi ham, turli so`z turkumlari doirasida bo`lishi ham mumkin. Masalan, o`r+oq (ot) – qo`rq+oq (sifat), yashir+in (sifat) – erk+in (sifat), yon+g`in (ot) – oz+g`in (sifat), bilim+don (sifat) – qadr+don (sifat), soch+iq (ot) – chin+iq (fe’l) kabi.
2. So`z yasovchi affiks bilan shakl yasovchi affiks shaklan teng kelib qoladi. Masalan, maqtan+choq (sifat yasovchi) – qo`zi+choq (otning kichraytish – erkalash shakli), o`s+ma (ot yasovchi) – qovur+ma (sifat yasovchi) – o`qi+ma (fe’lning bo`lishsiz shakli) kabi.
3. Shakl yasovchi affikslar shaklan teng kelib qoladi. Masalan, mashina+m, mashina+ng (otning egalik shakli), o`qidi+m, o`qidi+ng (fe’lning shaxs-son shakli), o`qi+sh, yoz+ish (fe’lning harakat nomi shakli), ishla+sh+di, kul+ish+di (fe’lning birgalik daraja shakli) kabi.
Affiksal sinonimiya. Bir turkum doirasidagi affikslarning biror ma’nosida teng kelib qolishiga affiksal sinonimiya deyiladi. Affiksal sinonimiya boshqa-boshqa affikslarning bir asosga qo`shilishi natijasida sodir bo`ladi. Masalan, savlat+li–ser+savlat, mahsul+dor – ser+mahsul kabi.
Affikslar sinonimiyasi vazifasi bir xil bo`lgan affikslar doirasida bo`ladi. So`z yasovchi bilan so`z yasovchi (unum+dor – ser+unum, til+chi – til+shunos), shakl yasovchi bilan shakl yasovchi (ayt+giz – ayt+dir, o`zgar+t – o`zgar+tir) sinonimik munosabatga kirishadi.
Affikslar sinonimiyasi ko`pincha o`zbek tilidagi affikslarning boshqa tillardan o`zlashgan affikslarning biror ma’nosida umumiylikka ega bo`lishlari asosida kelib chiqadi. Masalan, -chi affiksi bir ma’nosida tojikcha –shunos affiksi bilan (til+chi – til+shunos), ikkinchi ma’nosida tojikcha –kor affiksi bilan (xizmat+chi – xizmat+kor), uchinchi ma’nosida tojikcha -kash affiksi bilan (childirma+chi – childirma+kash) sinonimik munosabatga kirishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |