partkom, raykom, gorkom, obkom, kolxoz, sovxoz kabilarning) hozirgi kunda eskirib, istorizmlar qatoriga qo`shilgani buning dalilidir.
Istorizmning muhim belgilaridan biri shuki, uning ifoda plani (nomemasi) va mazmun plani (sememasi) birga eskiradi, binobarin, leksema yaxlit holda hozirgi til birligi bo`lmay qoladi.
Leksik arxaizmlar - hozirgi paytda mavjud bo`lgan voqelikning eskirgan nomi yoki, aksincha, hozirgi tilda mavjud bo`lgan leksemaning eskirgan ma’nosi (sememasi). Demak, eskirish jarayoni leksemaga yaxlit holda yoki uning bir qismiga (ma’nolaridan biriga) aloqador bo`ladi, shunga ko`ra leksik arxaizm ikki turga bo`linadi.
1. A r x a i z m – l e k s e m a - hozirgi paytda mavjud bo`lgan voqelikning eskirgan nomi: lab (odam organizmidagi a’zolardan birining hozirgi nomi) – dudoq (shu a’zoning eskirgan nomi, arxaizm-leksema: «Yo`lchining kuchli, erkak nafasini, dudoqlarida uning bo`sasining jonli olovini bir lahza sezdi». O.); qassob («mol so`yuvchi»-hozirgi ma’no) – sallox («mol so`yuvchi»ma’nosidagi eskirgan so`z, arxaizm-leksema: «Tikka oldiga borib, devkor salloxlarday shoxidan ushlab «bismillohu ollohu akbar», deb...bo`g`ziga pichoq tortib yubordim, - dedi Shum bola».G`.G`.); elchixona («bir davlatning boshqa davlatdagi diplomatik vakolatxonasi») – saforat («...diplomatik vakolatxona»ning eskirgan nomi, arxaizm-leksema); qo`shin («askar», «armiya») – cherik («askar», «armiya» tushunchalarining eskirgan nomi, arxaizm-leksema: «Andoq qalin cherikka ne ish qila olg`ay edi. So`ngicha qovg`unchi bordi, o`zini daryog`a soldi, g`arq bo`ldi». «Boburnoma»dan; parol («maxfiy shartli so`z») - o`ron («parol», «maxfiy shartli so`z» ma’nosidagi arxaizm-leksema: «Ul yurushta ma’hud o`ron alfazi «Toshkand» bila «Sayram» edi. Toshkand desa, Sayram deyilgay, Sayram desa Toshkand». – «Boburnoma»dan) kabi.
2. A r x a i z m – s e m e m a - hozirgi tilda mavjud bo`lgan leksemaning eskirgan ma’nosi. Masalan: g`am so`zi hozirgi o`zbek tilida «qayg`u», «xasrat», «alam», «tashvish», «kulfat» ma’nolarida qo`llanadi, o`tmishda (eski o`zbek tilida) esa bu so`z «ishq», «muhabbat», «sevgi» ma’nolarini ham ifodalagan: «Bir yuzi gulgun g`amidin yuz tugon ko`nglumdadur, Xor-xorimning iloji bodan gulgun dengiz». – «Xazoyinul-maoniy»dan. Hozir g`am so`zining «ishq», «muhabbat» ma’nolari eskirgan bo`lib, arxaizm-semema sanaladi. Bunday holni harf so`zi ma’nolarida ham ko`ramiz. Bu so`z hozirgi o`zbek tilida «alifbodagi grafik belgi» ma’nosini anglatadi, eski o`zbek tilida esa harf so`zining «so`z», «nutq» ma’nolari ham bo`lgan: «Har harfi oning tanimda jon bo`ldi yana, Har lafzi hayoti jovidon bo`ldi yana» - «Xazoyinul-maoniy»dan. «...Ul masal borkim, «On guzarro burd». Aning davlatining va navkarining intiqomida bu harfni aning tiliga tengri soldi». - «Boburnoma»dan. Harf so`zining ana shu ikki gapdagi ma’nosi hozirgi o`zbek tiliga nisbatan arxaizm-semema hisoblanadi.
Ba’zan so`zning o`zi yoki uning ma’nolaridan biri emas, balki talaffuzi eskiradi, natijada shu so`zning eskirgan talaffuz varianti, demak, leksik-fonetik (yoki fonetik-leksik) arxaizm yuzaga keladi. Qiyos qiling: qo`biz (g`ijjakka o`xshash cholg`u asbobi) - qo`buz (shu asbob nomining eskirgan talaffuz varianti, leksik-fonetik arxaizm: «yana biri Sayid Yusuf o`g`loqchi edi... Mardonalig`i ham bor edi. Qo`buzni yaxshi cholur edi». – «Boburnoma»dan; bugun (payt ravishi)- bukun (shu so`zning eskirgan talaffuz varianti, leksik-fonetik arxaizm: Bukun sendin xabar topa olmaduq. – «Holoti Sayyid Hasan Ardasher»dan; ilon («sudraluvchi jonivorning bir turi») – yilon (shu jonivor nomining eskirgan talaffuz varianti, leksik-fonetik arxaizm: «Muloyim takallum vahshiylarni ulfat sari boshqarur, fusungar afsun bila yilonni to`shukdin chiqarur» - «Mahbubul-qulub»dan.
Talaffuzdagi arxaiklashish leksemalardagina emas, balki leksik ma’noga ega bo`lmagan so`zlarda (olmoshlarda, ko`makchilarda) ham uchraydi. Masalan: u, bu, shu, o`sha (kishilik va ko`rsatish olmoshlarining hozirgi fonetik-orfoepik shakllari) – ul, bul, shul, o`shal, o`shul (shu olmoshlarning eskirgan talaffuz variantlari). M i s o l l a r: Ahli irfon soliki atvori ul, Ma’rifat bozorining Attori ul («Lisonut-tayr»dan); Bul Rustamdurkim, amirul-mo`minin Umar ... Madoying`a Sa’d Vaqqosni arab cherikin boshlatib yibarganda... («Tarixi mulki ajam»dan); Janobi o`shal Hodixo`ja eshon, Olur o`zlarin ag`niyon zamon. (Muq.); Fath tolibg`a yetishmas, agar ermas muxlis, Kim o`shul fotihaning lozimasidur ixlos («Xazoyinul-maoniy»dan). Bunday arxaiklashish bilan ko`makchisida ham kuzatiladi: Xoh tanobingni duchandon qilay, Xoh karam birla boshingni silay. (Muq.). Bu gapdagi birla hozirgi bilan so`zining arxaiklashgan talaffuz variantidir.
Arxaiklashish hodisasining grammatik birliklarda uchrashi. Arxaiklashish hodisasi tilning grammatik birliklarida, xususan, affiksa morfemalarda va shu morfemalar ishtirokida shakllangan grammatik formalarda ham uchraydi. Masalan: fe’lning sifatdosh shakllari qadimgi turkiy tilda «-mish» va «-mыsh» (Tәnridә bolmыsh turk Bilgә qag`an. – «Tangridan bo`lgan turk Bilga xoqon»), «-duq» va «-dük», «-tuq» va «-tük» (barduq yerdә- «borgan yerda», boltuqda –«bo`lganda») morfemalari vositasida yasalgan, hozir esa bu funksiyada, asosan, «-gan» affiksi qo`llanadi: (bo`lgan, borgan kabi), «-duq» va «-dük», «-tuq» va «-tük» morfemalari esa grammatik (affiksal) arxaizmga aylangan. Ba’zi morfemalar hozirgi tilda bor bo`lsa-da, ularning talaffuzi eskirgan bo`ladi: «Yana bir Mahmud barlos edi. Navandokliq barloslardindur. Sulton Abusaiy Mirzo qoshida ham bek edi. Sulton Abusaid Mirzog`a Iroq viloyati musaxHar bo`lg`onda Kirmonni Mahmud barlosg`a berib edi...» («Boburnoma»dan). Bu gapda qo`llangan «-din», «-dur», «-g`a», «-g`on» morfemalari hozirgi «-dan», «-dir», «-ga», «-gan» morfemalarining eskirgan talaffuz variantlaridir, bunday variantlar tilshunoslikda fonetik-grammatik arxaizmlar deb ham yuritiladi.
Leksik arxaizmlarning leksik istorizmlardan farqlari.
1.Leksik arxaizm hozirgi paytda mavjud bo`lgan narsa-hodisaning eskirgan nomidir. Istorizm esa o`tmish voqeligining nomi.
2.Voqelikning hozir mavjudligi uning eski nomi (leksik arxaizmi) o`rnida yangi nomi bo`lishini taqozo qiladi: yuz (hozirgi nom) – yonoq (arxaizm), lab (hozirgi nom)-dudoq (arxaizm), dushman (hozirgi so`z) – yog`iy (arxaizm), qo`shin (hozirgi so`z) – cherik (arxaizm) kabi. Bu hol tilning lug`at boyligida sinonimik qatorlarni shakllantiradi.
Istorizmlar tomonidan nomlangan o`tmish voqeligi hozir yo`q, binobarin, ularning (istorizmlarning) hozirgi tilda sinonimlari ham bo`lmaydi.
3.Leksik arxaizmlarning yuzaga kelishida sinonim so`zlar orasidagi uslubiy munosabatlar muhim rol o`ynaydi: birining faollashuvi ikkinchisining passivlashuviga, arxaiklashuviga olib keladi. Istorizmlarda esa bunday munosabat bo`lmaydi: voqelikning yo`qolishi shu voqelik nomi bo`lgan so`zning (leksemaning) lug`atdan butunlay tushib qolishiga sabab bo`ladi.
Leksik neologizmlar tilda yangi paydo bo`lgan va yangilik bo`yog`ini yo`qotmagan so`zlar: internet, marketing, litsenziya va b.
Har qanday neologizm dastlab ayrim shaxs nutqida voqe bo`ladi, bunday paytda u individual nutq neologizmi sanaladi. Masalan; «Bek akang ko`rinmay qoldi-ku? dedi qesakpolvon labiga sigaret qistirib. Humkalla cho`ntagidan chaqqonlik bilan yoqqich olib unga olov tutdi...» (T.M.) Bu gapda yoqqich so`zi ruscha zajigalka so`zining kalkasi tarzida qo`llangan, uni asar muallifi (Tohir Malik) o`zi yasagan va o`zi individual nutq neologizmi sifatida birinchi bo`lib ishlatgan. Demak, bu so`z hozircha umumtil neologizmi darajasiga ko`tarilmagan, chunki u nutq ixtiyoridan til ixtiyoriga o`tmagan. Ba’zan ancha ilgari yaratilgan individual nutq neologizmilari ham umumnutq neologizmiga aylanmay qolib ketadi. Buni atoqli yozuvchi Abdulhamid Cho`lpon tomonidan o`z vaqtida yasalgan ozitqi so`zi misolida yaqqol ko`rsa bo`ladi: «...Har bir ona suti og`zidan ketmagan tentak gimnazistni bir «ozitqi» deb bilardi» Abdulhamid Cho`lpon bu gapdagi ozitqi so`zini achitqi, qichitqi tipidagi yasalmalar modeliga (qolipiga) suyanib yasagan va uni «yo`ldan ozdiruvchi» (ruscha «soblaznitel») ma’nosida qo`llagan. Bu nutqiy parchada ozitqi so`zining yangi lisoniy-badiiy topildiq sifatida alohida estetik qimmat kasb etganligi shubhasiz, ammo u shu matndan tashqariga, umumtil doirasiga chiqqan emas, demak, umumtil neologizmi holatiga o`tmagan.Bunday holat Oybekning «Nur qidirib» povestidan keltirilgan quyidagi gapda ham kuzatiladi: «... chorrahada, balandlikda qizil sallali, qisqa ishtonli qopqora regulirovshchik-yo`lbon qo`llarini ohangdor o`ynatib, ko`cha harakatini boshqaradi».(22-bet)(individual neologizm – yo`lbon, regulirovshchik-yo`lbon)
Umumtil neologizmi til hodisasi, individual neologizm esa uslubiy hodisa sanaladi. Leksikologiyada, asosan, umumtil neologizmi o`rganiladi.
Umumtil neologizmi ham nisbiy hodisadir: til taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida neologizm bo`lgan so`z keyinroq neologizmlik «bo`yog`i»ni yo`qotib, zamonaviy leksik qatlam birligiga aylanishi mumkin. Masalan, telefon, televizor, trolleybus, radio so`zlari dastlabki paytlarda neologizm bo`lgan, hozir esa ularning birortasida yangilik bo`yog`i saqlanmagan, demak, bu so`zlar allaqachon neologizmlik holatidan chiqib, qo`llanishi odat tusiga kirgan leksemalarga aylangan. Bunday holat ba’zan qisqa davr ichida ham yuz berishi mumkin: keyingi 5-10 yil ichida o`zbek tili leksikasida paydo bo`lgan test, litsey, ball, grant, kontrakt kabi yangi so`zlarda, shuningdek, hokim, tadbirkor, ishbilarmon so`zlarining yangi ma’nolarida «yangilik bo`yog`ini yo`qotish», «odat tusidagi so`zga yoki ma’noga aylanish» sur’ati shu daraja tezlashganki, natijada ularni ko`pchilik qiynalmay anglaydigan va qo`llaydigan bo`lib qolgan. Demak, bu so`zlar neologizmlik holatidan zamonaviy qatlam birligi holatiga o`tib bo`lgan yoki o`tish jarayonini boshidan kechirmoqda.
Leksik neologizm turlari. So`zning neologizmlik belgisi leksemaga yaxlit holda yoki uning bir qismiga (mas., ma’nolaridan biriga) aloqador bo`ladi, shunga ko`ra leksik neologizm quyidagi ikki turga bo`linadi:
N e o l o g i z m-l e k s e m a. Bunda leksema yaxlitligicha neologizm bo`ladi: devident, internet, faks, interfaks kabi.
N e o l o g i z m-s e m e m a. Bunda leksemaning o`zi emas, uning ma’nolaridan biri neologizm sanaladi. Bunga ko`k so`zining hozirgi tilda paydo bo`lgan «dollar» ma’nosini misol qilib ko`rsatish mumkin.
Neologizmning yuzaga kelishi quyidagi omillarga tayanadi:
1. Jamiyatda yangi voqelik paydo bo`ladi, bu voqelikni nomlash zarurati esa tilda yangi so`z yoki atamaning yuzaga kelishini taqozo qiladi. Bunda: a) voqelikning nomi boshqa tildan o`zlashtiriladi: komputer, monitoring, slayd kabi; b) voqelikning nomi o`zbek tilining o`zida yasaladi: MDH (mustaqil davlatlar hamdo`stligi) kabi.
2. Jamiyatda yoki tabiatda mavjud bo`lgan voqelikning nomiga sinonim tarzida yangi so`z yasaladi: eskirtma (arxaizm atamasining yangi yasalgan sinonimi), yangirtma (neologizm atamasining yangi yasalgan sinonimi) kabi.
Neologizm hodisasi frazemalar va grammatik birliklar doirasida ham uchraydi.
O`zbek tili leksikasida so`zlar hissiy-ta’siriy jihatdan jihatdan ikki qatlamga ajratiladi:
1. Umumiste’moldagi hissiy-ta’siriy bo‘yoqsiz (betaraf) so`zlar. Bunday so`zlarning semantik tarkibida faqat denotativ ma’no (atash, nomlash semalari) mavjud bo`ladi: yuz, oriq, ozg`in, jilmaymoq kabi.
2. Hissiy-ta’siriy jihatdan bo`yoqdor so`zlar. Bunday so`zlarning semantik tarkibida denotativ ma’no (atash, nomlash semalari) bilan birga uslubiy bo`yoqlar (ifoda semalari, konnotativ semalar) ham mavjud bo`ladi: turq (denotativ ma’no+uslubiy bo`yoq), dirdov (denotativ ma’no+uslubiy bo`yoq), qiltiriq, ipiltiriq (denotativ ma’no +uslubiy bo`yoq), irshaymoq (denotativ ma’no +uslubiy bo`yoq) kabi.
I z o h: yaxshi va yomon, g`azab va nafrat kabi so`zlarda uslubiy bo`yoq bordek tuyuladi, aslida esa ularda uslubiy bo`yoq yo`q, bu so`zlar belgi yoki voqelikni atash (nomlash) bilan cheklanadi, shunga ko`ra emotsional-ekspressiv jihatdan bo`yoqdor so`zlar sanalmaydi.
Emotsional-ekspressiv bo`yoqdor so`zlarning nutqda qo`llanishi. Uslubiy bo`yog`i bor bo`lgan so`zlardan nutqda his-tuyg`ularni, so`zlovchining voqelikka nisbatan salbiy yoki ijobiy munosabatini ifodalash maqsadida foydalaniladi. Masalan: Mamlakat bizlarga ishonsin! Biz shalvirab ishni xurjun qilaylik!.. (Uyg`.). Tursang-chi, muncha shalpayasan! (H.SH.). Bu misollarda bo`shashmoq leksemasi o`rnida shalviramoq va shalpaymoq so`zlari qo`llangan va shu so`zlarning mazmun planidagi uslubiy bo`yoqlar ("kinoya", "mazax", "kesatiq" semalari) hisobiga nutqda ekspressivlik ta’minlangan.
Nutqda ekspressivlikning ifodalanishi quyidagi usullarga tayanadi:
1. L e k s i k u s u l. Bunda uslubiy bo`yog`i bor bo`lgan so`z nutqqa kiritiladi (yuqoridagi misollar).
2. K o n t e k s t u a l u s u l. Bunda uslubiy bo`yog`i yo`q bo`lgan so`z ma’lum kontekst yoki nutqiy muhit ta’sirida uslubiy buyoqdor so`zga aylantiriladi. (bu haqda "Ifoda semalari" bahsiga qarang).
3. A f f i k s a ts i ya u s u l i. Bunda betaraf ma’noli so`zlarga sub’yektiv baho ifodalovchi affiksal morfemalar qo`shiladi. (Bu haqda ham "Ifoda semalari" bahsiga qarang).
4. F o n e t i k u s u l. Bunda so`z tarkibidagi undoshlardan biri qavatlantiriladi (geminatsiya), unlilar cho`ziladi, urg`uning o`rni o`zgartiriladi, shular hisobiga ekspressivlik ta’minlanadi. M i s o l l a r: Ishqilib, Zamira bechora uyatga chidayolmay ketib qolgan. Yashshamagurlar... (P.Q.). Akam bechora go`shangada ko`rib, xayro-o-o-on bo`lib qolganlar. (Mirm.).
5. S o` z n i m e t a f o r i k q o` l l a sh u s u l i. Bunda ko`p ma’noli so`zning metaforaga asoslangan majoziy (hosila) ma’nosidan uslubiy figura sifatida foydalaniladi: Muhtaram qayin otamizga! Siz bilan meni qorong`i zindonlarga tushirib, dor ostlarigacha tortgan... Homid ismli bir to`ng`izni, nihoyat ikki yillik sargardonlik so`ngida, yordamchilari bilan tuproqqa qorishtirishga muvaffaq bo`ldim. (A.Qod.). Bu gapda to`ng`iz so`zi ko`chma ma’noda Homidga nisbatan qo`llangan, shu bilan Otabekning bu shaxsga nisbatan salbiy his-tuyg`usi, nafrati ifodalagan. Yana: Mamajon lochin yigit, Serharakat, betinim. (Q.M.). Bu gapda lochin so`zi o`z ma’nosida emas, ko`chma ma’noda- yigitning epchilligini, chaqqon va jasurligini baholash maqsadida qo`llangan.
Nutq so`zlovchining til birliklari vositasida fikrni shakllantirishi (ichki nutq) va ifodalashi (tashqi nutq) jarayonidir. U adabiy nutq va so`zlashuv nutqi ko`rinishlarida namoyon bo`ladi:
Adabiy nutq adabiy til me’yorlariga bo`ysundirilgan, demak, ishlov berilgan bo`ladi.
So`zlashuv nutqi nutqning ma’lum me’yorlarga kiritilmagan, ishlov berilmagan ko`rinishidir. U ko`proq erkin muloqot paytida ishlatiladi.
Nutq ko`rinishlariga xoslangan leksik qatlamlar. Nutqning yuqoridagi ikki ko`rinishiga munosabat jihatidan lug`at boyligidagi so`zlar ikki xil qatlamga birlashadi:
I. U m u m n u t q q a t l a m s o` z l a r i. Bunday so`zlar adabiy nutqda ham, so`zlashuv nutqida ham bir xil darajada ishlatiladi. Lug`at boyligidagi so`zlarning ko`pchiligi shu qatlamga mansubdir: zamonaviy qatlam so`zlari, ishlatilishi chegaralanmagan leksikaning aksariyati, shuningdek sinonimik qatordagi dominantalar, uslubiy bo`yog`i bo`lmagan betaraf ma’noli so`zlar umumnutq qatlam birliklari sanaladi.
II. N u t q n i n g m a ‘ l u m k o` r i n i sh i g a x o s l a n g a n s o` z l a r. Bunday so`zlar nutqning faqat bir ko`rinishiga (mas., adabiy nutqqa) xoslangan bo`lib, boshqa ko`rinishida (mas., so`zlashuv nutqida) ishlatilmaydi yoki, aksincha, so`zlashuv nutqida qo`llanib, adabiy nutqda ishlatilmaydi.
1. A d a b i y n u t q n i n g o`zi ham ikki xildir: rasmiy nutq va badiiy nutq.
Do'stlaringiz bilan baham: |