3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
yoshlarga oid davlat siyosati — davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
yoshlar (yosh fuqarolar) — o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar;
yosh oila — er-xotinning ikkisi ham o‘ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol);
yosh mutaxassis — oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini bitirgan, ta’lim muassasasini bitirganidan so‘ng olgan ixtisosligi bo‘yicha uch yil ichida ishga kirgan va ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan ixtisosligi bo‘yicha ishlayotganiga uch yildan ko‘p bo‘lmagan o‘ttiz yoshdan oshmagan xodim;
yoshlar tadbirkorligi — yuridik shaxs tashkil etmagan holda yosh fuqarolar tomonidan, shuningdek ta’sischilari yosh fuqarolar bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati.
Yoshlar ishlari agentligi (1996-2017-yillarda Kamolot Yoshlar Ijtimoiy Harakati, 2017-2020-yillarda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi) — yoshlar bilan bogʻliq muammolarni yechish, iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirish bilan shugʻullanadigan agentlik. Agentlik Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 30-iyundagi PF-6017-son farmoni bilan tashkil etildi.
Yoshlar ishlari agentligining vazifalari Oʻzbekiston Prezidentining farmoniga[1] muvofiq belgilandi va bular quyidagilardan iborat:
yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
mamlakatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish, ularni „Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari!“ g‘oyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;
yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qilish;
yoshlarga oid dasturlar, loyihalar va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish uchun ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalarni taqsimlash, ulardan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlash;
tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini tashkil etish va bandligini taʼminlash;
iqtidorli yoshlarni yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalariga taʼlim olish uchun yuborish, xalqaro tanlovlarda ishtirok etishini taʼminlash, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini qamrab olgan beshta muhim tashabbusni keng joriy etishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish, ularning intellektual salohiyati va isteʼdodini rivojlantirish;
yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunarlar, raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini puxta egallashlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ularni ish bilan taʼminlash jarayonlariga ko‘maklashish;
yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar sohasidagi xalqaro reytinglarda mamlakat mavqeini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, xorijda taʼlim olayotgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish;
yoshlar faoliyati bilan bog‘liq sohalarga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Shuningdek, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyun kungi „O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida“gi PQ-4768-son qarori qabul qilinib, agentlikning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |