BOLALARDA QADU QOMATNING SHAKILANISHI VA KAMCHLIKLARI
Reja:
1.Bolalik va o`smirlik davrlari.
2.Bolalar va o`smirlar davrlarining xususiyatlari.
3.Bolalar va o`smirlar jismoniy rivojlanishini aniqlash va baholash.
4.Qad-qomat va uning buzilishlari.
5.Sog`liq guruhlari.
Bolalik va o`smirlik davrlari.
Chaqaloq tug`ilgandan to 18 yoshga kirguncha bolalik va o`smirlik davri hisoblanadi. Bu quyidagi davrlarga bo`linadi:
- chaqaloqlik davri - tug`ilgandan-1 oylikkacha;
- ko`krak yoshi davri - 2oylikdan-1 yoshga to`lgunicha;
- maktabgacha tarbiya yoshi davri - 2-6 yosh;
- kichik maktab yoshi davri - 7-11 yosh;
- o`rta maktab yoshi davri - 12-14 yosh;
- katta maktab yoshi davri - 15-18 yosh;
- o`smirlik davri- 12-18 yosh.
Bolalar va o`smirlar davrlarining xususiyatlari.
Yuqorida ko`rsatilgan bolalik va o`smirlik davrlarining har biri o`ziga xos anatomik-fiziologik va tibbiy-ijtimoiy xususiyatlarga ega.
Chaqaloqlik davri. Bola tug`ilishi bilanoq, uning kindigi kesilib, ona organizmidan ajratiladi. Shu vaqtdan u ona tanasidan alohida, mustaqil yashay boshlaydi. Bola bir oylik bo`lguncha chaqaloq hisoblanadi.Bu davr bola uchun eng murakkab davr bo`lib, u tashqi muhitga moslasha boshlaydi.Ma`lumki, bolaning yuragi va katta qon aylanish doirasi, buyraklari, ichki sekretsiya bezlari, qon ishlab chiqarish a`zolari, nerv sistemasi va boshqalar u tug`ilgunigacha ishlab turadi, ba`zi a`zolari esa (nafas, ovqat hazm qilish, kichik qon aylanish doirasi) tug`ilgandan keyin ishlay boshlaydi.
Chaqaloqlik davrida bolaning organizmi nihoyatda nozik bo`lib, u har xil kasalliklarga tez chalinadi.Shuning uchun uni parvarish qilish muhim ahamiyatga ega. Shu boisdan xalqimiz urf-odatiga ko`ra, chaqaloq 40 kunlik bo`lguncha chilla davri deb ataladi.Bu davrda ona va bola juda avaylab ehtiyot qilinadi. Buning natijasida ular har xil kasalliklardan muhofaza etiladi.Bolaning kindigi kesilgandan keyin uning o`rni bitgunicha (8-12 kun) jarohatni toza saqlash, unga mikrob tushishidan ehtiyot bo`lish zarur.Kindik yarasiga brilliant yashili surtib turiladi.
Bolaning terisi juda yupqa, nozik bo`lganligi uchun uni nihoyatda toza saqlash kerak.Yo`rgaklari toza, dazmollangan bo`lishi, parvarish qiluvchi kishi qo`lini sovunlab yuvib turishi va og`iz-burniga to`rt qavatli doka niqob tutishi kerak.
Chaqaloqning hazm qilish a`zolari juda nozik bo`lganligi sababli uni ovqatlantirish qoidalariga alohida e`tibor berish kerak. U onasini emib o`sa boshlaydi. Ona suti bo`lmasa yoki yetishmasa, sun`iy sut aralashmalari beriladi. Bolani har 3 soatda (bir kecha-kunduzda 7 marta, kechasi 6 soat tanaffus) emizish kerak.
Agar chaqaloq yaxshi parvarish qilinsa, ovqatlantirish qoidalariga amal qilinsa, u normal rivojlanadi, bezovta bo`lmaydi, bir kecha-kunduzda 22 soat uxlaydi, ya`ni faqat ovqatlanish vaqtida uyg`onadi. Chaqaloq parvarishi va uning kasalliklari haqida oldingi mavzuda batafsil ma`lumot berilgan.
Ko`krak yoshi davri. Bu ikki oylikdan bir yoshgacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi. Bu davrda me`da-ichak, nafas a`zolari, tomoq-quloq kasalliklari ko`proq uchraydi.Shuning uchun ularni shamollashdan, gripp va shunga o`xshash kasalliklardan asrash kerak.Ayniqsa, me`da-ichak kasalliklarini oldini olishda idish-tovoqlarning tozaligi, ovqatlantirish tartibiga rioya qilish muhimdir.
Bola 1 oylik bo`lgunicha bir kecha-kunduzda 22 soat, 2 oyligida-20 soat, 3 oyligida 18-19 soat uxlaydi.
Ikki oylik bola bir kecha-kunduzda 800 ml sut qabul qilishi kerak. Undan keyin har oyda bir kecha-kunduzda bola qabul qiladigan sutning miqdorini 50 ml ga ko`paytirib boriladi. Lekin 1 yoshgacha bo`lgan bolaning bir kecha-kunduzda qabul qiladigan suti 1 litrdan oshmasligi kerak.
Bola o`sa borishi bilan asta-sekin uning sezgi a`zolari, nerv sistemasi, tayanch-harakatlanish sistemasi rivojlana boradi. Bir oylik bolada ko`rish a`zosining faoliyatini yaqqol kuzatish mumkin, ya`ni u o`yinchoq qimirlagan tomonga ko`z soqqasini harakatlantiradi.
Uch oylik bola 18-19 soat uxlaydi. Uch oylik bola tovush chiqqan tomonga qaray boshlaydi, kuladi, qo`llari bilan o`yinchoqqa talpinadi, boshini tik tuta boshlaydi, tikka qilganda oyoqlarini yerga tiraydi. Besh oylik bola o`ziga yaqinlarini taniy boshlaydi, kuladi, qiyqiradi, 7 oylikda bemalol o`tiradi, emaklaydi, 8 oylikda buyumlarni ushlab o`rnidan tura boshlaydi, 11 oylikda oddiy so`zlarni ayta boshlaydi va qo`lidan yetaklasa yuradi, 12 oylikda o`zi yura boshlaydi va ayrim oson so`zlarni ayta oladi.
Bolaning suyak sistemasi normal rivojlanganligi uning sut tishlari chiqishi bilan ham belgilanadi.Sut tishlari 6-7 oylikda chiqa boshlaydi va 1 yoshga to`lganida 8 ta tishi bo`lishi kerak.Bola boshning ensa va tepa suyaklari o`rtasidagi kichik liqildoq (bo`sh joy)-5-7 oyligida, peshona va tepa suyaklari o`rtasidagi katta liqildoq-10-12 oyligida bitadi. Bolaning boshini avaylab ushlash, biron narsaga urilishidan ehtiyot qilish kerak.
D vitamini yetishmasa bola suyaklarining shakllanishi buziladi, liqildoqning bitishi va sut tishlarining chiqishi kechikadi. To`sh, qovurg`a, qo`l-oyoq suyaklari yumshab egiluvchan bo`lib qoladi.
Chaqaloqning umurtqa pog`onasi tekis bo`ladi, ya`ni unda fiziologik egriliklar bo`lmaydi.U 8-10 haftalik bo`lganda, boshini tikka tuta boshlaydi va umurtqa pog`onasining bo`yin qismida oldinga tabiiy egilish hosil bo`ladi. Bola 5 oyligida o`tira boshlaydi va uning umurtqa pog`onasi ko`krak qismida tabiiy egilma hosil bo`ladi.Bir yoshga kirgan bola yura boshlaydi va uning bel umurtqasida oldinga tomon tabiiy egilma hosil bo`ladi.
Xalqimiz qadimdan ko`krak yoshidagi bolani beshikda boqqan. Buning ijobiy tomonlari shundaki, bola beshikda yotsa o`rni, kiyimi quruq, toza saqlanadi. Bu esa uni shamolashdan saqlaydi.Uning qo`l-oyoqlari va tanasini bog`lab qo`yish suyaklari, ayniqsa umurtqa pog`onasi to`g`ri o`sishi va shakllanishiga imkon beradi.Ammo shuni ta`kidlash kerakki, ayrim yosh, tajribasiz onalar bolani beshikka noto`g`ri belaydi.Ular bolani juda qisib bog`lashi natijasida uning nafas olishi qiyinlashadi, qo`l va oyoqlari og`riydi, natijada uyqusi buziladi. Shuning uchun tajribali onalar va buvilar yosh juvonlarga bolani parvarish qilish, beshikka belash qoidalarini o`rgatishlari kerak.
Maktabgacha tarbiya yoshi davri 2-6 yoshlarni o`z ichiga oladi. Bola 2 yoshligida jismoniy va ruhiy jihatdan tez rivojlanadi, tanasining og`irligi har oyda 200-250 g dan ortib boradi, bo`yi 1 sm dan o`sadi.Uch yoshli bola tanasining massasi 1 yilda 2-2,8 kg, bo`yi 7-8 sm ga ortadi.Bu yoshdagi bolalarning nutqi tez rivojlanadi va 3 yosh oxirida so`z boyligi 1000 tagacha yetishi mumkin. 2-3 yoshdagi bolalarning xarakterli xususiyati shundaki, ular juda harakatchan, tinib-tinchimas bo`ladi.Shuning uchun bu yoshdagi bolalarda shikastlanish, har xil kimyoviy moddalar, kattalar iste`mol qiladigan dorilar bilan zaharlanish hollari tez-tez uchrab turadi.Shu tufayli bu yoshda ularni bir daqiqa ham qarovsiz qoldirmaslik kerak.
4-5 yoshli bolalarning og`irligi har yili 1,5-2 kg.ga ortadi, bo`yining o`sishi bir oz sekinlashib, 1 yilda 4-6 sm ni tashkil etadi; 6-7 yoshda bo`yining o`sishi tezlashib, bir yilda 8-10 sm ga yetadi, massasi 2,5 kg ga ortadi.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar suyagining ko`p qismi tog`aydan iborat bo`lib, ular yumshoq, egiluvchan bo`ladi.Shuning uchun bolaning noqulay vaziyatda bo`lishi, ya`ni uzoq vaqt tik turishi, qimirlamay yoki qiyshayib o`tirishi, stol-stulning bo`yiga mos bo`lmasligi, to`shagining juda yumshoq, bo`lishi, og`ir yuk ko`tarishi kabilar uning umurtqa pog`onasi, ko`krak qafasi, chanoq va oyoq suyaklari egrilanib qolishiga, qad-qomatining buzilishiga sabab bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |