Quloq o‘smalari. Tashqi quloq sohasida xavfsiz (papilloma, gemangioma) va xavfli o‘smalar (rak, sarkoma) uchraydi. Shu sohada yaralar paydo bo‘lganda bemorni tekshiruvlardan (sitologik va gistologik) o‘tkazib, doimiy nazorat ostiga olish kerak. Xavflo‘smalarning ilk davrlarida jarrohlik eng samarali usul hisoblanadi. Agar tashqi quloq terisida qonaydigan hidli granulatsiyalar aniqlansa va bemor shunda og‘riq sezmasa, kasalliklari mavjudligidan darak beradi. Limfatik bezlarda metastazlar paydo bo‘lishi buning tasdig‘i hisoblanadi. O‘rta quloqning o‘smalaridan glomusli o‘sma (xemodektoma) uchraydi. U ko‘pincha timpanal glomusdan kelib chiqadi. Xemodektomada bemorni eshitish qobiliyati susayib, quloqda pulsatsiya sezish kuzatiladi. O‘sma kattalashganda o‘rta quloqning suyakli tizimlarini buzib, miya nervlarining V,VII,VIII juftlarini ham patologik jaryonga jalb etishi mumkin, og‘ir hollarda IX, X, XI juftlar faoliyati ham buziladi, o‘sma tez-tez qonab turadi.
Davolashning ilk bosqichlarida o‘smani radikal olib tashlash operatsiyasi qo‘llaniladi. Kechki og‘ir bosqichlarida jarrohlik usuli qo‘llanilmaydi.
SURDOLOGIYA VA ESHITISHNI PROTEZLASH
Surdologiya – audiologiyaning bir bo‘limi bo‘lib, karlikka olib keluvchi yoki sabab bo‘luvchi bir qator patologik holatlarni davolash va ularning oldini olish chora-tadbirlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi paytda quloq og‘irligi deganda eshitishning shunday pasayishi tushuniladiki, bunda kuchli ovozni ham eshitish qiyinlashadi, bunda odam hatto yonida gapirilsa ham eshitmaydi. Bu ikkala holatni kar-soqovlikdan farqlash kerak. Kar-soqovlik tug‘ma (eshituv analizatorining rivojlanmasligi tufayli) yoki orttirilgan bo‘lib, odatda, bolalikda boshidan o‘tkazilgan o‘tkir yallig‘lanish kasalligi yoki yuqumli kasalliklar oqibatida paydo bo‘ladi. Kar-soqov bolada nutq rivojlanmagan bo‘ladi. Ko‘pincha quyidagi sabablar quloq og‘irligiga olib keladi:
1. Markaziy nerv sistemasi kasalliklari;
2. O‘tkir yuqumli kasalliklar;
3. Mahalliy yiringli jarayonlar va o‘rta quloqning shamollashi hamda uning rinit bilan birga kelishi, burun shilliq qavatidagi distrofik jarayonlar, adenoidlar va yuqori nafas yo‘llarining boshqa patologik holatlar bilan qo‘shilib kelishi;
4. Ichki quloqdagi distrofik o‘zgarishlarga zo‘rayib boruvchi nevritga aloqador quloq og‘irligi, otoskleroz, Menyer kasalligi va boshqalar kiradi. Bular patologik jarayonlari bilan bir-biridan farqlanadi;
5. Travmalar: mexanik (ishlab chiqarish, maishiy, sport travmalari va h. k.), shovqindan, vibratsion, ruhiy, kimyoviy-toksik nurlanishlar, akustik, barotravma, medikamentlar, tug‘ish, yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga kelgan shikastlanishlar. Gapirish qobiliyati bo‘lgan odamdagi qulog‘i og‘irlik va karlik oqibatida nutq asta-sekin monoton, noritmik va boshqa ko‘rinishlarda o‘zgarib boradi. Bordi-yu, kasallanish bolalikda rivojlansa, ayniqsa, bola gapirishni o‘rganmagan paytda yoki hali yaxshi gapira olmaydigan bo‘lsa, u holda bunday bolada soqovlik paydo bo‘la boshladi. Bunday bolalar maxsus kar-soqovlar maktabida o‘qitilib, ular gapni harakatlar orqali tushunadilar va gapiradigan bo‘ladilar. Qulog‘i og‘irlik va karlikka olib keladigan kasalliklarning diagnostikasi tegishli bo‘limlarda keltirilgan. Eshituv analizatori funksiyasini aniqlash topik diagnostikaga asoslanadi. Topik diagnostikadagi asosiy masala tovush o‘tkazish sistemasi zararlanishini tovushni qabul qilish sistemasi zararlanishidan ajrata bilishdan iborat.
Eshitish buzilishining oldini olish surdologiyaning asosiy vazifalaridan biridir. U faqat burun va uning atrofida joylashgan suyak kovaklari, o‘rta quloqdagi o‘tkir yallig‘lanish jarayonlari, bolalarning yuqumli kasalliklari va boshqalarni oldini olibgina qolmasdan, aholining kasbi va maishiy sharoitlarini sinchiklab o‘rganishni talab qiladi. Bu jihatdan qulog‘i og‘irroq bolalar va o‘smirlarni dispanserizatsiyadan o‘tkazishga katta ahamiyat beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |