Ta’lim muassasalaridagi jismoniy tarbiya. Bolalar bog’chasi va yaslidagi jismoniy tarbiya jarayoniga mudir rahbarlik qiladi. Jismoniy tarbiya ishini tarbiyachi olib boradi, u mashg’ulotlarni musiqachi, shifokor bilan birgalikda rejalashtiradi. Shifokor tarbiyachiga jismoniy mashqlarni tanlashga, ularning me’yorini aniqlashga yordam beradi.
Yasli va bog’chalarda jismoniy tarbiya jarayonini amalga oshirish uchun o’quv tipidagi mashg’ulotlar ertalabki gimnastika, jismoniy tarbiya daqiqalari, chiniqtiruvchi muolajalar, harakatli o’yinlar, ekskursiyalar, sayohatlar, bayramlar, yakkama-yakka va mustaqil mashg’ulotlar tarzida uyushtiriladi. Bulardan tashqari musiqa darslarida ham jismoniy tarbiyaning vazifalarini hal qiladigan jismoniy mashqlar, o’yinlar va raqslardan vosita tarzida foydalaniladi.
O’quv tipidagi jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish mashg’ulotlari bolalarni harakatga o’rgatishda asosiy rol o’ynaydi. Bu mashg’ulotlar yasli va bog’chalarning hamma guruhlarida o’tkaziladi. 1 yoshgacha bo’lgan bolalarda har bir bola bilan ayrim jismoniy mashqlar uqalash bilan qo’shib olib boriladi.
1-3 yoshgacha bo’lgan bolalar guruhlarida haftada 1 marotabadan, 3-7 yoshdagi bolalar guruhlarida haftada 3 marta jismoniy tarbiya mashg’ulotlari o’tkaziladi. Yosh ortgan sari mashg’ulotlarning davomiyligi 10-45 daqiqagacha oshirilib borilaveradi. Mashg’ulotlar 4 qismdan - kirish, tayyorlov, asosiy, yakuniy qismlardan iborat bo’ladi va ularning har birida aniq vazifalar hal qilinadi. Jismoniy mashqlar osonlashtirilib, harakatli va syujetli (O’rmonga sayohat va boshqa) shakllarda olib boriladi. Tarbiyachi oldin jismoniy mashqlarni tanlab, so’ngra syujet tanlaydi. Yurish, yugurish, to’siqlardan oshish, suzish va ochiq havoda bo’lish ob-havoga hamda jihozlarga qarab o’tkaziladi.
Ertalabki gimnastika yasli va bog’chalarda ertalabki ovqatlanishdan oldin, bolalar uylarida esa uyqudan turgandan keyin o’tkaziladi. Yaslilarda 2 yoshgacha bo’lgan bolalar bilan ertalabki gimnastika individual yoki 5-10 kishiga bo’lingan guruhlarda, kattaroq yoshda esa bolalarning barchasi bilan birgalikda umumiy o’tkaziladi. ertalabki gimnastika xilma-xil yurish, yugurish va turli mashqlar bajarish hamda sakrash bilan olib boriladi. Ayrim hollarda mashq syujetiga, ritmiga moslashtirilgan qo’shiqlar bilan o’tkaziladi.
Tizimli o’tkazilgan jismoniy mashqlar, asosan, bolalarning kuchini, egiluvchanligini mustahkamlaydi, nafas olish, qon aylanish va yurak-tomir tizimi ishlarini, organlardagi modda almashinuvi jarayonini yaxshilaydi. Bundan tashqari, ertalabki gimnastika uyushgan holda yaxshi kayfiyat bilan boshlansa, jismoniy mashqlarning ta’sir kuchi qomatni tutish va jismoniy mashqlarning sog’liqqa foydasi haqidagi dastlabki elementar bilimlarning shakllanishiga olib keladi.
Kichik yoshdagi bolalarning jismoniy mashqlari kimlarga yoki nimalargadir taqlid qilish asosida hayotda uchraydigan syujetlarni o’z ichiga olishi kerak. Mashqlar 3 dan 6 gacha, yosh ulg’aygan sari 8 tagacha bir kompleksga birlashtirilib, bir haftaga mo’ljallab tuziladi va 3-4 kundan so’ng murakkablashtiriladi. Ular 7-12 daqiqa davomida o’tkaziladi. 6-7 yoshdagi bolalarga esa maktab dasturi materialiga yaqin bo’lgan jismoniy mashqlar tavsiya qilinadi. Jismoniy mashqlar me’yori ularni bajarish og’irligiga qarab belgilanadi. Elka va bo’yin mushaklari mashqlari 6-12 marta, qorin va bel mushaklari mashqlari 4-8 marta takrorlanadi.
Chiniqtiruvchi muolajalarga yasli va bog’chalarda bolalarni kundalik va hayotiy chiniqtirishdan tashqari, maxsus havo va quyosh nurlarida, suvda cho’miltirish orqali chiniqtirishlar kiradi. Bulardan tashqari, yana ayrim muolajalar borki, ular jismoniy mashqlar bilan qo’shib olib borilgandagina samara beradi*.
O’yinlar ertalab soat 1000-1200 larda va tushlikdan so’ng o’tkaziladi. Ularning maqsadi bolalarda bizga ma’lum bo’lgan jismoniy sifatlarni rivojlantirishdir.
Jismoniy tarbiya daqiqalari rasm mashg’ulotlarida, plastilin bilan ishlash paytida hisob, nutqni rivojlantirish mashg’ulotlari davomida o’tkaziladi. Bu mashg’ulotlar uchun 2-3 ta jismoniy mashq tanlanib, ular turgan, o’tirgan holda bajariladi.
Harakatli o’yinlarni tanlashda bolalarning jismoniy tayyorgarligi, maydon va undagi sharoitga e’tibor beriladi. Tarbiyachi o’yinni tanlab olgandan so’ng, uni qo’llash usuliyatini puxta o’ylab, so’ngra o’tkazadi. Bola uchun notanish o’yinlarni o’ynatish ancha qiyinchiliklarga sabab bo’ladi. Katta yoshdagilarga esa mustaqil vazifalar beriladi. O’yinlar 7-15 daqiqagacha davom etadi va 5-7 marotaba takrorlanadi. Sayohat haftada 1-2 marotaba, 2 yoshgacha bo’lganlarda ham 1-2 marotaba uyushtiriladi. Unda oldindan boradigan joy, mashg’ulot ssenariysi tuzilib, sharoiti hisobga olinishi va lozim bo’lgan jihozlar tayyorlanishi shart. Yoshiga qarab sayohat muddatini 20 minutdan 1,5 soatgacha davom etkazish mumkin.
Jismoniy madaniyat bayramlari bayram kunlari (Yangi yil, Navro’z, Mustaqillik, Konstitutsiya kunlari)ga bag’ishlab yoki bog’chadan maktabga kuzatish, bitiruv kechasi va boshqalar tarzida o’tkaziladi. Har xil o’yinlar, raqslar, musiqa bilan bajariladigan jismoniy mashqlar bayram dasturi ssenariysiga kiritilishi mumkin.
Jismoniy mashqlar bilan individual shug’ullanish mashg’ulotlari vrach yordamida bolalar jismoniy tayyorgarligini hisobga olgan holda o’tkaziladi. Bu mashg’ulotlarda tana tuzilishida yoki yurak-tomir tizimida nuqsoni bo’lgan, surunkali kasal bolalar bilan shug’ullanish uchun qulay imkoniyatlar bor. Uning davom etish muddati kasallarning jismoniy tayyorgarligi darajasiga bog’liq. Mashg’ulotlar davomida shifokor maslahati asosiy rolni o’ynaydi.
Jismoniy mashqlar bilan mustaqil shug’ullanish mashg’ulotlari bolalarga o’zlari yaxshi ko’rgan jismoniy mashqlar bilan mashg’ul bo’lish imkoniyatini beradi. Buning uchun tarbiyachi ularga jihozlangan gimnastika shaharchasi yoki maxsus bolalar maydonchasi, suzish havzasi, sport jihozlari va anjomlarini tayyorlab qo’yadi.
Mashg’ulot paytida tarbiyachining bolalarga rollarni ajratib qo’yishi lozim bo’lgan samarani beradi.
Yasli va bolalar bog’chasida umumiy ish rejasi tuzilib, unda jismoniy tarbiya tadbirlari belgilanadi. Bu bo’limda jismoniy tarbiyaning asosiy maqsadi yoritiladi va uni bajarish uchun aniq vazifalar belgilanadi. Vazifalar har xil bo’lishi mumkin: suzishni o’rgatish, velosiped, samokat, rolikli konkida uchishni o’rgatish va boshqalar. Buning uchun tarbiyachilar oldindan maslahatlashib, basseyn to’ldiriladi yoki yaxmalak uchish joyi tayyorlanadi. Tarbiyachi dasturni kvartal, oylar va haftalarga bo’lib reja tuzadi va o’sha reja asosida jismoniy tarbiya jarayonining borishini boshqaradi. Rejalashtirishda bolalarning jismoniy tayyorgarligi e’tiborga olinishi shart. Yasli va bog’chada yiliga 3-4 marta bolalar jismoniy tayyorgarligining tizimli hisob-kitob ishlari olib boriladi va jismoniy sifatlarining rivojlanishi nazorat qilinadi. Shunga asoslanib, tarbiyachi maktabga yo’llanma olgan bola haqida hisobot yozadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |