109
Bugungi kunda zamonaviy ma’lumotlarga tayangan holda parodont
patogenezini 4 etap-davrga bo`lishi mumkin.
Birinchi davr-bunda bakteriyalar, ayniqsa Streptococcus mutans va
zamburug`lar pellikkula bilan qoplangan tish yuzasiga juda jips yopishib
koloniyalar hosil qilishadi. Shundan so`ng boshqa mikroorganizmlar qo`shilishi,
ularning o`sib ko`payishi, tish karashning hajmini har taraflama oshishi, shu
jumladan tish ildiziga qarab siljib ko`payishi kuzatiladi. Milk suyuqligi o`sish va
xemotaksis faktorlari aerob va anaerob mikroorgnizmlarni milk-tish egatchasiga
migratsiyasini (initilishini) ta’minlaydi. Bu mikroorganizmlar tish bo`yin qismi
sathiga, cho`ntaklar epiteliysiga yopishib olib, milk suyuqligini oqishiga to`sqinlik
qila boshlashadi.
Ikkinchik davr-mikroblar invaziyasi davri bo`lib, bunda patogenlashgan
infeksiya yoki ular toksini milk shilliq qavatiga botib kirib, xatto alveola suyak
usti pardasigacha yetib borishadi.
Uchinchi davrda-bu patogen mikroblar ular toksinlari ta’sirida to`qima
hujayralarining o`limi, parchalanishi bilan tavsiflanadi. Bu davrda ikki xil
mexanizm ishga tushishini hisobga olmoq lozim: a) mikroorganizmlar yoki ular
hayot foliyati natijasida ajratgan mahsulotlarning bevosita ta’siri; b)
organizmning umumiy reaktivligidan kelib chiqqan bilvosita ta’sirotlar. Bevosita
ta’sir bu-ekzotoksinlar va gistolitik fermentlar (bakterial kollagenaza) ta’sirida
to`qimaning erishi va destrukiyasidir. Bundan tashqari baktriyalar ishlab chiqqan
vositalar organizmda toksik mahsulotlar ishlab chiqilishiga va ular ta’sirida ham
to`qimalar parchalanishi, o`limi, sodir bo`lishi mumkin. Misol uchun, tish
karashlari bakteriyalari ajratadigan ekzotoksinlar makrofaglar faollashuviga turtki
bo`lib, natijada ular kollagenaza fermentini ishlab chiqarishadi va to`qima erib,
parchalana boshlaydi.
To`rtinchi davr-to`qimalarning tiklanish davri. Parodont shilliq pardasi
tiklanib, epitilizatsiya jarayoni faollashadi. Bu davrda gistologik va klinik
ma’lumotlar parodont yallig`lanishi davrida o`tkirlashuv va yaxshilanish fazalari
bir necha bor almashinuvi mumkinligini ko`rsatadi. Tuzalish (remissiya) fazasida
yallig`lanish kamayishi, milk, to`qimasini kollagen tolalar yordamida tiklanishini
(fibroz milk), shu bilan bir qatorda alveolyar suyak ustida rentgan tasvirlarda
suyak to`qimasining me’yoriy buzilishlari, strukturalar soyasida o`zgarishlar
mavjudligi seziladi.
Parodont yallig`lanishi patogenezidagi yuqorida zikr etilgan davrlarni har
doim aniq ajratib bo`lmaydi. Sababi:
a) mikroorganizmlarning karashlar ustida koloniya hosil qilishi barcha
davrlarda davom etadi; b) mikroorganizmlar invaziyasi va to`qimalar
parchalanishi bir vaqtda davom etishi mumkin; v) mikroblarni to`qimaga botib
kirishini ta’minlovchi faktorlar (milk o`tkazuvchanligini oshishi) parodontit kelib
chiqishida muhim o`rin tutsa kerak. Parodont to`qimasining tiklanish davri
boshqalardan aniq ajralib turadi va to`qimalar strukturasini buzilishi davridan
so`ng sodir bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: