BOLA HUQUQLARI
O`zbekiston - bolajon yurt, xalqimiz esa bolajon xalq. Mustaqillikning dastlabki yillarida O`zbekiston Respublikasi qo`shilgan ilk xalqaro shartnomalar qatorida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan so`ng aynan Bola huquqlari to`g`risida konvensiya turishi ham buning yaqqol isbotidir.
1992 yilda Bola huquqlari to`g`risida konvensiyani ratifakatsiya qilganidan buyon o`tgan davrda mamlakatimiz shaxsning, ayniqsa, bolalarning huquqlari keng ma'noda e'tirof etish usullari va vositalarini rivojlantirish hamda himoya qilishga da'vat etilgan ushbu muhim xalqaro huquqiy hujjatning barcha asosiy moddalariga to`liq amal qilib kelmoqda.
Yurtimizda bolalarga har tomonlama g`amxo`rlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog`lom avlodni kamol toptirish uchun eng yaxshi moddiy sharoit va axloqiy muhitni ta'minlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan. Bunda o`sib kelayotgan avlod haqida g`amxo`rlik qilish va ularning hayotini yaxshilashga yo`naltirlgan ijtimoiy dasturlar ustuvorligiga katta ahamiyat berilyapti. Istiqlol yillarida Inson manfaatlari yili, Oila yili, Ayollar yili, Sog`lom avlod yili, Onalar va bolalar yili, Mehr va muruvvat yili, Sihat-salomatlik yili doirasida qabul qilingan va hayotga keng tatbiq etilgan davlat dasturlari doirasidagi ulkan g`amrovli ishlar ayniqsa diqqatga sazovordir.
Bolalarga g`amxo`rlik, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi bilan nafaqat davlat tuzilmalari, balki ko`plab nodavlat, notijorat tashkilotlar ham shug`ullanayotganini ta'kidlash o`rinli, deb hisoblaymiz
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillikning dastlabki davridayoq nainki MDQ, balki dunyo miqyosida betakror oliy davlat mukofoti - "Sog`lom avlod uchun" ordeni ta'sis etildi. O`zbekiston Respublikasining 1993 yil 7 maydagi qonuniga muvofiq, bugungi kunda ikki darajadan iborat ushbu orden bilan onalik va bolalikni muhofaza qilishda, inson ekologiyasini yaxshilashda, jismonan va axloqan sog`lom avlodni tarbiyalashda katta xizmatlari singan hamyurtlarimiz, shuningdek, onalik va bolalik to`g`risida alohida g`amxo`rlik qiluvchi kishilar, nogiron va yetim bolalarning vasiylari, bolalar va onalikka nisbatan muntazam oliy xayr-ehson ko`rsatuvchi jamoat tashkilotlari, xo`jalik tuzilmalarining vakillari mukofotlanayotir.
Bolalarning ta'lim-tarbiyasi ham davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e'tiborida. Mamlakatimizda "Ta'lim to`g`risida"gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida yuzlab yangi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar barpo etildi, zamonaviy talablarga mos jihozlandi. Endilikda ana shu yangi turdagi ta'lim dargohlarida yoshlarimiz ta'lim-tarbiya olib turli kasb-hunar sirlarini puxta o`rganmoqda.
XXI asr dunyoda, shu jumladan, O`zbekistonimizda bola huquqlarini to`la ta'minlashga erishish asri bo`lishiga ishonchimiz komil. Mazkur metodik tavsiyanoma axborot-resurs markazlarida Bola huquqlari to`g`risida konvensiyani yoshlarga keng tushuntirish va targ`ib qilish ishlarini olib borishda mutaxassislarga yordam berish maqsadida tuzildi. Unda Bola huquqlari to`g`risida konvensiya to`g`risida umumiy ma'lumotlar, ayrim tavsiyalar, axborot-resurs markazlarida tashkil qilish mumkin bo`lgan tadbirlar turkumi va adabiyotlar ro`yxati berildi.
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUSIYASIDA BOLA HUQUQLARI
41-modda
Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
45-modda
Voyaga yetmaganlar, mehnatga layohatsizlar va yolg`iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.
64-modda
Ota-onalar o`z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarning vasiyligidan mahrum bo`lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o`qitishni ta'minlaydi, bolalarga bag`ishlangan xayriya faoliyatlarini rag`batlantiradi.
65-modda
Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |