Nutqiy rivojlanishga til qobiliyatlarini - til elementlari va ular bilan operatsiyalar o’tkazish qoidalarini o’z ichiga oluvchi harakatchan, funksional tizimlarni shakllantirish sifatida qaraladi. Bu til umumlashtirmalari negizida yaratiladigan individual til tizimidir. Turli yosh bosqichlarida turli til vositalarini, ya'ni: nutq tovushlari, leksik-grammatik materiallar va boshqalarni o’zlashtirishda bolalar nutqida individual farqlar kuzatiladi. Shuningdek, bolalar nutqi shakllanishining asosiy bosqichlarida ham individual farqlar kuzatiladi.
Bolalar tili nafaqat kattalar tilining dastlabki bosqichi, balki o’z xususiy qonunlariga bo’ysunadigan to’la mustaqil tuzilmalar hamdir.
Bola nutqi - bolaga oid bo’lgan o’ziga xos submadaniyatning qimmatli ovozidir. Nutqni rivojlantirish nafaqat bolani atrof-olam bilan tanishtirish tomoni, balki umumiy psixik rivojlanish ustuni hisoblanadi. Bola nutqining rivojlanishi umuman shaxsni va shu bilan birga barcha psixik jarayonlarni shakllantirish bilan bog’liqdir. «^Tilni egallash jarayoni - bu faqat va shunchaki bilimlar, mahorat hamda ko’nikmalarni berish jarayoni emas. Bu eng avvalo tarbiyadir. Qalbni tarbiyalash, aqlni tarbiyalash, fikrlar tuzishni shakllantirish, inson ruhiy qiyofasining eng nozik qirralariga chidam bilan ishlov berishdir» (K.D.Ushinskiy).
Bola nutqiy rivojlanishining, bir tomondan, tashqi ta'sirlar bilan belgilanishi, ikkinchi tomondan esa uning to’satdan yuz berishi, «o’z-o’zidan harakatga kelishi» bilan tavsiflanishini tushunish nutq ontogenezi haqidagi zamonaviy tasavvurlarga xos holatdir. Nutqni rivojlantirishning ana shu qonuniyatlari va mexanizmlarini tushunib yetish ularni batafsil ko’rib chiqishni talab qiladi.
Qayd etish lozimki, olimlar fikriga ko’ra, o’z-o’zini rivojlantirish jarayonlari nafaqat nutqda, balki mutlaqo bolalar faoliyati bo’lmish o’yinlar va bolalar qiziquvchanligi jarayonida ham yorqin namoyon bo’ladi (N.N.Podyakov) hamda u kattalar rolini inkor etmaydi: kattalar bolalarning faolligiga javob beradi, bolaga e'tiborini qaratgani holda uni faoliyatga, muloqotga chorlaydi.
So’nggi yillarda nutq rivojlanishidagi ayrim bosqichlarni o’rganishga katta e'tibor qaratilmoqda. Ma'lumki, har bir inson butun umri mobaynida til boyliklarini egallagani holda o’z nutqini takomillashtirib boradi. Har bir yosh bosqichi uning nutqiy rivojlanishiga biron-bir yangilik olib kiradi. Nutqni egallashdagi eng muhim bosqich maktabgacha yoshga to’g’ri keladi.
Verbal bosqichgacha bo’lgan davrni (yoki tayyorgarlik bosqichini) psixologik tahlil qilish tadqiqotchilarni nutqning muhim omillari aynan ushbu davrda shakllanadi, degan xulosaga olib kelmoqda. Zero, mazkur davrda muloqotga ehtiyoj shakllanadi, atrofdagi kattalar bilan emotsional aloqa o’rnatiladi, ovoz munosabatlari, nutq-harakat apparati, fonematik tinglash qobiliyati, kattalar nutqini faol qabul qilish va tushunish rivojlanadi. Ushbu omillarning shakllanishi - rivojlanishning nutq bosqichiga o’z vaqtida o’tishning muhim shartidir.
So’nggi yillarda olingan faktlar bolaning o’z vaqtida va to’g’ri tashkil etilgan kattalar bilan bevosita-emotsional muloqotining bolaning kattalar nutqini qanday tushuna boshlashini, uning qachon faol so’zlay boshlashini va kelgusida uning nutqi qanday sur'atda rivojlanishini aniqlashda hal qiluvchi ahamiyatga egaligidan dalolat bermoqda.
Ilk bolalik davri chegaralari bilan tutash bo’lgan nutqning shakllanish bosqichi turli soha olimlarini, jumladan: psixologlar, pedagoglar, lingvistlarni eng avvalo bu nutq rivojidagi o’ziga xos alohida davrligi bilan qiziqtirib keladi. Buning o’ziga xosligi shundaki, u nutqni rivojlantirish uchun sentiziv hisoblanadi; mazkur davrda nutq muloqot vositasi sifatida paydo bo’ladi va takomillashadi; uning rivojlanishi shunday tez sur'atlarda amalga oshadiki, keyin u kelgusidagi barcha ontogenez mobaynida boshqa kuzatilmaydi. K.D.Ushinskiy shunday qayd etgan edi: «bola^ ikki-uch yoshida shunchalik yengil va tez o’zlashtirib oladiki, keyin yigirma yil qunt bilan o’qiganida ham uning yarmini ham o’zlashtira olmaydi».
Ilk yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish masalalari ko’p yillar mobaynida ishlab chiqilgan. Ushbu davr tadqiqotchilarni nutq rivojlanishining nafaqat muayyan davrda, balki bolaning kelgusi rivojida ham katta rol o’ynaydigan tomonlari bilan o’ziga jalb qiladi. Nisbatan katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishdagi nuqsonlar va kechikishlarni keltirib chiqaruvchi sabablarning ko’pchiligi ko’pincha ilk bosqichlarda bola nutqi shakllanishining o’ziga xos jihatlariga bog’liq bo’ladi. Ushbu jihatga Ye.I.Tixeyeva ham e'tiborni qaratgan. Ilk yoshlardagi bolalar nutqini o’rganish ishiga Ye.I.Tixeyeva, N.M.Shelovanov, V.I.Fradkina, N.M.Aksarina, G.M.Lyamina, V.A.Petrova kabi taniqli olimlar, amaliyotchi pedagoglar va metodistlar sezilarli hissa qo’shdilar.
Bolaning faol nutqqa o’tishi paytida uning nutqini rivojlantirishga oid ko’p sonli tadqiqotlar natijalarini umumlashtirib, ushbu asosiy qoidalarni bayon qilamiz.
Ilk yoshda nutqni rivojlantirish ikki yo’nalish bo’yicha olib boriladi: bola nutqini takomillashtirish va uning o’z faol nutqini shakllantirish. Ilk yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish chog’ida nutqning talaffuz jihatlarini shakllantirish muddati va sur'atlaridagi individual farqlar juda sezilarli bo’ladi, odatda faol nutq 2-2,5 yoshlarga kelib paydo bo’ladi. Bolaning o’z yaqinlari bo’lgan kattalar bilan muloqotga ehtiyoji nutqni o’z vaqtida va to’g’ri rivojlantirishning hal qiluvchi sharti hisoblanadi. Kommunikativ funksiya nutqning birlamchi vazifasidir.
Ushbu davrda nutq bolani ijtimoiy tajriba bilan tanishtirish, uning faoliyatini kattalar tomonidan boshqarishning eng muhim vositasiga aylanadi, nutq ta'siri ostida barcha psixik jarayonlar qayta quriladi. Bolaning kattalar bilan amaliy hamkorligiga oid vaziyatlarda faol nutqdan foydalanishi nutq shakllanishining uchinchi bosqichiga - uni muloqot vositasi sifatida takomillashtirish davriga o’tishning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Nutq ontogeneziga oid ko’p sonli tadqiqotlar aynan shu bosqichga bag’ishlangan.
90-yillarning oxiridan boshlab A.S.Vo‘gotskiy, A.A.Leontyev, F.A.Soxin, A.M.Shaxnorovich, Ye.I.Negnevitskaya va boshqa olimlar tomonidan yaratilgan qoidalarga tayangan holda R.M.Qodirovaning ilmiy rahbarligi ostida ona tilida va shu bilan birga chet tillardagi nutq ontogenezi qirralarini tadqiq qilish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, D.Babayeva tomonidan maktabgacha yoshdagi katta bolalarni atrof-olam bilan tanishtirish jarayonida ularda nutqni (ona tili - o’zbek tilida) rivojlantirish, N.Nurmuhammedova tomonidan ikki tillilik sharoitida bilingv bolalarda ravon nutqni (rus tilida) rivojlantirish, Sh.Sharipova tomonidan maktabgacha yoshdagi katta bolalarda vaziyatli o’yinlar asosida nutqiy muloqot (rus tilida) madaniyati ko’nikmalarini tarbiyalash masalalari bo’yicha tadqiqotlar o’tkazilgan.
TIlga o’rgatish, nuqtni rivojlantirish nafaqat lingvistik sohada (bolaning til ko’nikmalarini - fonetika, leksika, grammatikani egallab olishi), balki bolalarning o’zaro hamda kattalar bilan muloqotini shakllantirish sohalarida ham ko’rib chiqilmoqda. SHundan kelib chiqqan holda, e’tiborga molik vazifa nafaqat nutq madaniyatini, balki muloqot madaniyatini ham shakllantirishdan iborat bo’ladi.
Fanning turli yo’nalishlari vakillarining asarlari to’g’ri yo’lga qo’yilgan kommunikatsiyaning nutqni rivojlantirishda qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini isbotlab bermoqda.
Maktabgacha yoshdagi bola nutqini rivojlantirishning asosiy vazifasi bola tomonidan ona tilining har bir yosh bosqichi uchun belgilangan normalari va qoidalarini o’zlashtirilishi hamda uning kommunikativ qobiliyatlarini rivojlantirishdan iboratdir. Qayd etish lozimki, bir xil yoshdagi bolalarning nutqiy darajasi bir-biridan mutlaqo farq qilishi mumkin.
Maktabgacha yoshda nutqni rivojlantirish (ona tilini egallash) o’z tabiatiga ko’ra ko’p qirrali jarayon hisoblanadi. U aqliy rivojlanish bilan uzviy bog’langan, chunki insonning rivojlangan tafakkuri - bu nutqiy, til, so’z-mantiqiy tafakkurdir. Nutqiy rivojlanish, tilni egallash va aqlni, bilishni rivojlantirish o’rtasidagi o’zaro bog’liqlik tafakkurni rivojlantirish uchun tilning qanchalik muhim ahamiyatga egaligidan dalolat bermoqda.
Shu bilan birga nutqiy (til) va intellektual rivojlanishdagi o’zaro bog’liqlikni teskari yo’nalishda - intellektdan tilga qarab ham ko’rib chiqish zarur. Bunday yondashuvni shartli ravishda intellektning til (lingvistik) funksiyasini tahlil qilish, ya’ni intellekt, fikrlash faoliyatining tilni egallashdagi ahamiyatini aniqlash sifatida ham belgilash mumkin (F.A.Soxin).
Ayniqsa, ravon nutqni, ya’ni mazmunli, mantiqiy, izchil nutqni shakllantirishda nutqiy va intellektual rivojlanish o’rtasidagi uzviy aloqa yanada aniqroq ko’rinadi. Biron-bir narsa haqida tushunarli qilib so’zlab berish uchun hikoya ob’ektini (predmet, voqeani) aniq tasavvur qilish, tahlil qila olish, asosiy xususiyat va sifatlarni tanlab olish, predmet bilan hodisalar o’rtasida turli nisbatlarni (sabab-oqibat, vaqt) o’rnata olish lozim. Bundan tashqari, ushbu fikrni ifodalash uchun eng maqbul so’zlarni tanlay olishni, oddiy va qo’shma gaplarni tuzishni bilish, alohida gaplar va fikrlarning bo’laklarini bog’lash uchun turli vositalardan foydalanish zarur.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishda erishilgan asosiy natijalar tengdoshlar bilan muloqot asosiy o’rin egallaydigan muloqot sohasidagi chuqur o’zgarishlar bilan bog’liq. Bola katta yoshdagi odamdan ko’ra o’z tengdoshini afzal ko’ra boshlaydi. Birga o’ynayotgan o’rtog’iga qaratilgan nutq kattalar bilan bo’lgan nutqdagiga nisbatan mazmunliroq bo’lib boradi. SHerik bilan dialog muvofiqlashtirilgan predmetli va nutqiy harakatlar tusiga ega bo’ladi. Bola endi qo’shnisining e’tiborini o’ziga jalb qilishni biladi, uning o’zi o’rtoqlarining ishlari va fikrlari bilan qiziqadi.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqining funksiyalari ko’p qirralidir. Bunda bola nutqdan atrofdagilar bilan muloqot o’rnatish, o’ziga, o’z ishlari va kechinmalariga e’tiborni jalb qilish, bir-birini tushunish, sherigining xulqiga, fikr va hissiyotlariga ta’sir qilish, o’z faoliyatini yo’lga qo’yish, o’zining va birga o’ynayotgan o’rtoqlarining harakatlarini muvofiqlashtirish uchun foydalanadi. Nutq atrofdagilar haqidagi bilimlarning muhim manbai, tabiat, narsalar va kishilar olami haqidagi tasavvurlarni qayd etish vositasi, bilish faoliyatining vositasi bo’lib xizmat qiladi. Maktabgacha katta yoshdagi bola uchun nutq ob’ektiv munosabatlarning alohida sohasi bo’lib, bola ularni so’zlar, tovushlar, qofiyalar, ma’nolar bilan o’ynash orqali anglab yetadi.
Bola o’zining amaliy, bilish va shaxsiy ehtiyojlarini qondirish uchun o’zida mavjud bo’lgan barcha vositalardan va noixtiyoriy vaziyatlarda fikr bildirishdan, nonutqiy vositalardan (imo-ishoralardan, mimika va harakat) va bevosita nutqning o’zidan foydalanadi. Nutqning barcha turlari va shakllari til shaxsining takrorlanmas individual portretini hosil qilgani holda o’zaro birgalikda mavjud bo’ladi.
Jaranglayotgan nutqqa bo’lgan qiziqishning shiddat bilan rivojlanishi, til borlig’ini eng oddiy anglashning shakllanishi maktabgacha katta yoshdagi bolalar erishgan eng muhim yutuq hisoblanadi. So’zga nisbatan lingvistik munosabat tovushlar, qofiyalar, mazmunlar bilan to’satdan boshlangan o’yinlar, so’z mazmuni, ularning jaranglashi va mazmuni haqidagi masalalarda ko’rinadi. Til borlig’ini anglash uning barcha - fonetik, leksik, grammatik tomonlarini qamrab oladi. Nutqqa nisbatan ongli munosabat lug’atni takomillashtirishga (antonimlar, sinonimlar, ko’p ma’noli so’zlarni tushunishga), nutqning tovush madaniyatini (tovush talaffuzi, talaffuz, tinglay olish qobiliyati, ohang ifodaliligi) rivojlantirishga, nutqning grammatik to’g’riligini (morfologiya, so’z hosil qilish, sintaksisni) shakllantirishga, ravon nutqni rivojlantirishga ta’sir qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |