4.MUHOKAMA
Asarda, ijtimoiy-tabiiy fanlar, tarix, falsafa, fiqh, din ta’limoti, tilshunoslik, jug`rofiya, tabiatshunoslik, bog`dorchilik va boshqalarga oid aniq va hanuzgacha o`z tarixiy va ilmiy ahamiyatini yo`qotmagan ma’lumotlar, ilmiy asoslangan xulosalar keltirilgan. Asarda bevosita Boburning o`zi lashkarboshi sifatida qatnashgan bir necha katta-kichik jang manzaralari mahorat bilan berilgan. O`sha davrdagi qo`shin tuzilishi, urush olib borish, jang usullari, qamal holatlari, qurol-yarog` turlari, qo`rg`onbuzar qurilmalar bilan bir qatorda asarda ko`plab harbiy-ma’muriy istilohlar ham uchraydi. Shuningdek, “Boburnoma”da temuriylar qo`shining tuzilishi, harbiy san’ati va boshqa haqida ham noyob ma’lumotlar bor. Bundan tashqari, Movaraunnahr, Afg`oniston, Xuroson va Hindiston o`tmishi va zamonaviy holati, xalqlari, qabilalari, ularning tili, madaniyati, kasb-hunari, urf-odatlari, rasm-rusumlari, an’anaviy tadbir marosimlari, shuningdek o`sha davr jamiyatiga xos ijtimoiy tabaqalarga tegishli ma’lumotlar bayon etiladi. Ayniqsa, Farg`ona, Andijon, Samarqand, Kobul, Hirot, Agra kabi yirik shahar viloyatlarning jug`rofiy-ma’muriy tuzilishi, madaniy hayoti, tumanlari, aholisi, qishloq xo`jaligi, daryo va suv havzalari, cho`l-adirlari, tog`-sahrolari, bog`-u rog`lari, tabiati, iqlimi, hayvonot va o`simliklar dunyosi, tabiiy boyliklari haqida mufassal ma’lumotlar beriladi. Xususan XV-XVI asrlarda Turkiston viloyatida yashagan qora qo`yluk qabilasining hamda Movarounnahrdagi turkmo`g`ul qabilalarining urf-odatlari, harbiy mahoratlari haqidagi ma’lumotlar, ayniqsa ilmiy jihatdan g`oyatda qimmatli bo`lib, ular o`zbek, qozoq, qirg`iz va boshqa turkiyzabon xalqlar etnik tarixini o`rganuvchilar uchun muhim ahamiyatga egadir.
NATIJA
“Boburnoma”da Farg`ona, Samarqand shaharlari va shu nomdagi viloyatlar, Ohangaron vodiysi, O`ratepa va uning atrofi, Mascho, Hisor, Chag`oniyon, Badaxshon, Kobul viloyati va boshqa joylar geografik jihatdan g`oyatda qiziqarli tavsif qilingan bo`lib, muallif o`zi yurgan yo`llar, o`zi bo`lgan shahar va qishloqlarni g`oyat darajada aniq tasvirlagan. “Boburnoma”da Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Shayxim Suhayliy, Husayn Ali Tufayliy, Osafiy, Binoiy, Muhammad Solih kabi o`nlab ijodkorlar, Xo`ja Ubaydullo Marvariy, Qul Muhammad Udiy, Husayn Udiy, Behzod, Shoh Muzaffar kabi ko`plab san’atkorlar tavsif etilib, ularning ijodiy faoliyatlariga xolis baho beriladi. Jumladan, Alisher Navoiy haqida shunday deyiladi: “Alisherbek naziri yo`q kishi erdi. Turkiy bila to she’r aytibturlar,- hech kim oncha ko`p va xo`b aytqon emas”. Ushbu asar, asosan, XV asrdan boshlab mufassal o`rganila boshladi. XVI asrdan esa yuqorida takidlanganidek dunyoning ko`p tillariga tarjima qilindi. O`zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach esa bu asarni o`rganish, unga bo`lgan qiziqishning ortishi yanada avj oldi. Xususan, mustaqillikning 11 yilligi arafasida Toshkentdagi “Sharq” nashriyotmatbaa aksiyadorlik kompaniyasida “Boburnoma”ning yangi nashri chop etildi. Yangi “Boburnoma” o`zbek olimlari Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev va Yaponiyalik boburshunos olim Eyki Mano nashrlari asosida filologiya3 fanlari doktori Saidbek Xasanov tomonidan qayta nashrga tayyorlandi.”Boburnoma”ning yangi nashri tahririyatida uch Andijonlik olim- Zokirjon Mashrabov, Sayfiddin Jalilov, Fathiddin Isxoqovlarning bo`lishi ham katta e’tiborga loyiq. Bu asarning chop etilishiga Andijondagi Bobur nomli xalqaro jamg`arma homiylik qildi. Yevropalik olimlardan esa Leyn Puul, Monstyuart Elfinston, Eduard Davson, Vilyams Rashbruk, Henri Elliot, Eduard Holden, Lan Jui Bakye Grammon, Annetna Beverij xonim va uning turmush o`rtog`i Henri Beverij yaratgan asarlarda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, hayoti va siyosiy mavqeyi turli ilmiy va badiiy darajada talqin etildi. Bundan tashqari Angliya, Amerika, Fransiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Afg`oniston, Turkiya, Yaponiya kabi o`nlab mamlakat olimlarining ilmiy tadqiqotlarida ”Boburnoma”ning insoniyat yaratgan o`lmas obidalar qatorida alohida o`rinda turishi ta’kidlanadi.”Boburnoma”ning jahonga mashhur bo`lishida, asosan ingliz sharqshunoslarining xizmati katta bo`ldi. Yevropadagina emas, balki jahonda to`liq nashrini 1826-yilda J.Leyden va V.Erskin amalga oshirdi. F.Talbot esa mazkur nashr asosida 2 marta uning qisqartirilgan nashrlarini chop ettirdi. 1921-yilda ingliz sharqshunosi A.Beverij ushbu asarni mustaqil suratda asl nusxadan qayta tarjima qildi. Birgina Angliyaning o`zida ”Boburnoma” tarjimalari 9 marta nashr etildi. Keyingi yillarda bu asarning V.Takston tomonidan AQSHda hamda ikki jild hajmda, mukammal so`zlik, ko`rsatkich va shahrizohlar bilan Yaponiyada ilmiytanqidiy matni nashr etildi. Ma’lumki, “Boburnoma” qo`lyozmalari matnida ba`zi yillar ( 1504-1505, 1509- 1518, 1520-1524) tafsiloti uchramaydi, 1508 va 1520 yil voqealari bayoni tugal emas. Mana shu uzilish bo`lgan o`rinlarni ingliz sharqshunoslari boshqa tarixiy manbalar asosida ma`lum darajada tiklaganlar. “Boburnoma” forschaga (1586), undan keyin Vitsen tomonidan golland tiliga (1705), A.Keyzer tomonidan qisqartirilgan holda nemis tiliga (1828), Pave de Kurteyl tomonidan to`la holda fransuz tiliga tarjima qilingan. Ushbu asarni tarjima qilish va tadqiq etishda, shuningdek Afg`oniston ( Abdulhay Habibiy), Pokiston ( Rashid Axtar Nadviy, Shoh Olam Mavliyot), Hindiston ( Mirzo Nasriddin Haydar, Muhibbul Hasan Rizviy), Turkiya ( R.R.Arat va N.I.Bayur) kabi mamlakatlar olimlarining xizmati ham katta. Rus sharqshunoslari (N.I.Pantusov, S.I.Polyakov, V.Vyatkin) ham»Boburnoma»dan parchalarni tarjima qilganlar. N.I.Ilminskiy bu asarni Qozonda nashr ettirdi.
XULOSA
Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da Samarqandning joylashish o‘rni haqida ma’lumot berar ekan uni “beshinchi iqlimdan”, “ramziy nujumiy”, “daraja va daqiqa” va boshqa bir qator istilohlar bilan belgilaydi. “Boburnoma”dagi Samarqand tasviriga e’tibor bersak: “Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Beshinchi iqlimdindur. Tuli ramzi nujumiy daraja va daqiqadur, arzi daraja va daqiqadur. Shahri Samarqanddur, viloyatini Movarounnahr derlar. Hech yog‘iy qahr va g‘alaba bila munga dast topmag‘on uchun baldayi mahfuza derlar”. Samarqand ta’rifiga alohida e’tibor bergan muallif odob saqlagan holda Yer yuzida ushbu shahardek boshqa shahar yo‘q demaydi, balki “kamroqdur” deya tasvirlaydi. Shahar aholisi haqida “Eli tamom sunniy va pokmazhab va mutasharri’ va mutadayyin eldur”, tarzida fikr yuritgan Bobur shahar ahlining islomiy aqidada sodiqligini, bu esa, jamiyatda tartib-qoida ustuvorligini ta’minlovchi asosiy mezon ekanini alohida ta’kidlaydi.
«Boburnoma»da Samarqand haqidagi tasvirlarda bu yerdan yetishib chiqqan va hayoti shu shahar bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab alloma va olimlar, shayxlar, tasavvuf ulamolari va muhaddislar haqida ham ma’lumot berilgan. Jumladan, Imom Buxoriy, Shayx Moturidiy, Abulqosim Hakim Samarqandiy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Abdulloh Ro‘dakiy Samarqandiylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ahamiyatlidir. Bobur temuriylar davlatining poytaxti bo‘lgan Samarqandga bir umr talpinib yashadi, bu yerda yashab o‘tgan aziz avliyolarni ma’naviy piri ustoz sifatida bilib e’tiqodda bo‘ldi. Bobur Imom Buxoriy haqida «Yana sohibi «Sahihi Buxoriy» Xoja Ismoil Xartanak ham Movarounnahrdindur» deya e’tirof etadi. “Boburnoma”ning o`ziga xos jihatlarini ochib berishda yaqin yillar ichida o`zbek, hind, afg`on olimlari, yevropalik, yaponiyalik tadqiqotchilar teran tadqiqotlar olib bordilar. Chunonchi, XX asrning 90-yillari ikkinchi yarmida Yaponiyada “Boburnoma”ning ilmiy-tanqidiy matni, izohlar va yapon olimi Eyje Mano qarashlari ifodalangan ilmiy-tadqiqot nashr ettirilgani buning yaqqol dalilidir. Shunday nashrlar ingliz tilida ham amalgam oshirildiki, bu Bobur ijodiga katta qiziqish va ehtirom ramzidir. Xulosa qilib aytganda "Boburnoma" asari oʻzbek xalqining faxridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |