3. ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Bobur ushbu asarida davlat arbobi va tarixchi, ajoyib shoir va harbiy sarkarda, geografik olim va ovchi sifatida gavdalanadi. Eski o`zbek tilida yozilgan ushbu asar mohiyati va mundarijasi jihatidan Gerodot asari kabi o`ziga xos bir insoniy xujjatdir. Bundan tashqari, “Boburnoma” muallifning o`zi ishtirok qilgan, yoki eshitgan tarixiy voqealarni o`ta halollik bilan aks ettiruvchi bebaho yilnoma hamdir. Boburni esa huddi mana shu sifati jihatidan jahonda»tarix otasi hisoblanmish Gerodotga qiyoslanadi. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” voqeiy-ilmiy-sarguzasht asari mumtoz adabiyotimizning eng nodir nasriy namunasi sifatida hayotni haqqoniy aks ettirgani, o`ziga xos uslubi bilan alohida qadrli. Navoiy nasriy asarlaridan so`ng “Boburnoma” turkiy tilda yaratilgan badiiy, ilmiy nasr javohiri sifatida bugungi kunda dunyodagi yuzlab yirik fan tadqiqotchilari diqqatini o`ziga tortib kelmoqda. “Boburnoma”ning XVI asrdayoq adabiyotchilar, tarixchilar, umuman, ilm ahli e`tiboriga sazovor bo`lgani ma`lum. Ushbu qomusiy asar hozirgacha dunyoning o`ttizga yaqin tiliga tarjima bo`lgan. Yaratilgan davrida forsiyga, XVII asrda golland tiliga, keyinchalik ingliz, fransuz, nemis, ispan, xitoy, hind, yapon, turk, rus, qozoq va boshqa tillarga o`girilgan. Boburnoma- jahon adabiyoti va manbashunosligidagi muhim va noyob yodgorlik, o`zbek adabiyotida dastlabki nasriy memuar va tarixiy-ilmiy asar. Bu asar “Boburiya”, “Voqeoti Bobur”, “Voqeanoma”, “Tuzuki Boburiy”, “Tabaqoti Boburiy”, “Tavorixi Boburiy” kabi nomlar bilan ham ma`lum. Boburning o`zi esa “Vaqoye”va “Tarix” degan nomlarni ishlatgan. Boburnomada Osiyo, Afg`oniston va Hindistonda sodir bo`lgan tarixiy-siyosiy voqealar yilma-yil o`ta aniqlik bilan bayon qilingan bo`lib, ular muallif hayoti va siyosiy faoliyati bilan bevosita bog`liqlikdir. “Boburnoma” o`zida bayon qilingan voqealar jarayoniga ko`ra 3 qismga: Boburning Movaraunnahr2 (1494-1504), Afg`oniston (1504-1526) va Hindiston (1526- 1529)dagi hukmronlik davriga bo`linadi. Birinchi qismda Boburning otasi temuriylarning Farg`ona ulusi hokimi Umarshayx Mirzo xususida hamda Boburning Farg`ona taxtiga o`tirishi, ammo temuriylar davlatida avj olgan taxt uchun kurash oqibatida o`z ulusidan mahrum bo`lishi, Samarqand uchun Shayboniyxonga qarshi olib borgan jang-u jadallarining behuda ketishi va nihoyat, toj-u taxtdan butunlay ajrab, Hisor tog`lari orqali tahminan 250 navkar bilan Afg`onistonga yuz tutishi haqidagi voqealar batafsil zikr qilingan. Ikkinchi qismda Boburning Kobulni zabt etgani, so`ng u yerda mustaqil davlat tuzgani, Eron shohi Ismoil Safaviyning yordami bilan Samarqandni yana ishg`ol qilgani, lekin Shayboniylardan yengilib, Kobulga qaytgani, keyin esa Hindistonni zabt etishga hozirlik ko`ra boshlagani xususidagi voqealar bayon etilgan. Uchinchi qism esa Boburning Dehli sultoni Ibrohim Lo`diyni mag`lub etib, shimoliy Hindistonni bosib olgani va Boburiylar davlatini barpo qilgani haqidagi ma`lumotlardan iborat. “Boburnoma”da keltirilgan barcha ma’lumotlar, xususan Farg’ona, Toshkent, Samarqand, Hisor, Chag`oniyon va shimoliy Afg`onistonning XV asr 80-90-yillari va XVI asr I choragidagi siyosiy ahvoliga doir xabarlar o`zining batafsilligi bilan boshqa adabiyotlardan tubdan farq qiladi. Shuningdek, asar muallifining muayyan tarixiy voqea haqida hamda o`zaro dushmanlik qilgan temuriylar- Umarshayx, Sulton Ahmad, Sulton Mahmud, Boysung`ur Mirzo, Sulton Husayn va boshqalarning xulq-atvori, tabiati xususida bildirgan fikr-mulohazalari bilan ham ahamiyatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |