Boburning duosi
Voqif Sultonli (Ozarbayjon)
Tabib bemor yotgan chodirdan chiqib, ikki bukilgancha, Boburning huzuriga kirdi: hukmdor qo‘li bilan ishora qilgach, taxt qarshisidagi gilam ustiga tiz cho‘kdi. Garchi hali gap boshlamagan bo‘lsa-da, tabibning jim turishi, yuzlaridagi parishonlik ifodasi bemorning ahvolidan darak berib turardi.
Bobur tabibning taraddudidan sabrsizlandi:
– Mendan hech narsani yashirmasdan, borini gapir, – dedi.
Tabib ko‘zlarini hukmdordan olib qocharkan, arang tilga kirdi:
– A’lohazrat...
Bobur uning so‘zlarini shart kesdi:
– Ko‘zimga tik qarab gapir!
Tabib arang jur’atini to‘pladi:
– A’lohazrat, bemorning ahvoli og‘ir, ochig‘i nima deyishga ham hayronman. Bir qoshiq qonimdan keching, ammo... muolajadan naf chiqmas deb qo‘rqaman.
Yigirma ikki yoshli Humoyun Boburning to‘ng‘ich o‘g‘li edi. Hukmdor o‘g‘liga shu qadar bog‘lanib qolgandiki, nafaqat saltanat, balki o‘z kelajagini ham usiz tasavvur qilolmasdi. Humoyun xastalanib qolganidan beri, Boburning ko‘zlariga dunyo qorong‘i bo‘lib qolgan, hayot o‘z ma’nosini yo‘qotgandek edi. Mamlakatning turli hududlaridan taklif qilingan tabiblar xastaning dardiga davo topisholmadi. Himolayning baland qoyalari bag‘ridan terilgan giyohlar, gullardan tayyorlangan malhamlar ham foyda bermadi. Hakimlarning xatti-harakatlariga qaramasdan, Humoyunning ahvoli tobora og‘irlashar, bu esa Boburni yanada g‘amga botirardi.
Saroyda hamma narsa o‘z muvozanatini yo‘qotgan edi. Butun saroy ahli shahzodaning salomatligidan xavotirda, boshqa masalalar xususida hukmdorni bezovta qilishni xayoliga ham keltirmasdi. Zaharlanganidan beri, hatto eng yaqin odamlaridan ham shubhalanadigan bo‘lib qolgandi. Hakim chiqib ketgach, Bobur o‘g‘lidan xabar olish uchun uning chodiriga kirdi. Bemor so‘lg‘in nigohlarini bir nuqtaga tikkancha harakatsiz yotardi. Uzluksiz davom etayotgan isitma Humoyunni holdan toydirgan, uni tanib bo‘lmas holga solgandi. Bir paytlar yuz-ko‘zlarida hayot shavqi toshib turgan yigitdan nom-nishon qolmagandi.
Otasining kelganini payqab, Humoyun bir qimirlab qo‘ydi. Lekin boshini yostiqdan ko‘tarishga majol topmadi. Bobur o‘g‘lining yoniga tizzalab, uning qo‘lini kaftlari orasiga oldi, olov bo‘lib yonayotgan barmoqlarini uqaladi. Yigitning chala yumuq kipriklari orasidan ko‘z yoshlari sizdi. Hukmdor ipak dastro‘moli bilan o‘g‘lining yoshlarini artdi.
Bobur o‘g‘lining ko‘zlarida umidsizlik nishonalari ko‘rib, ichidan nimadir uzilgandek bo‘ldi. O‘g‘lining ahvoli Agraga kelgan ilk kunlarda bunchalik og‘ir emasdi. O‘sha kunlarda shahzodaning yuzlarida sog‘ayish umidi yaqqol sezilardi. Endi esa... Isitmaning ta’siridanmi, bemor tez-tez alahsirar, tushunarsiz gaplarni gapirar, ba’zan sovuq ter bosar, yuzi goh oqarib, goh ko‘karar, rang olar, bir muddat hushini ham yo‘qotardi.
* * *
Boburning ayoli Mohim begim ham o‘g‘lining boshidan bir qadam jilmas, kechayu kunduz bemorga o‘zi qarardi. O‘g‘lining ko‘z o‘ngida so‘nib borayotganidan o‘zini qo‘yarga joy topa olmay turgan hukmdor ayolining mute va umidsiz qarashlaridan battar ezildi. Faqat Mohim emas, qizlari Gulrang bilan Gulbadan ham ertayu kech akalarining boshi uzra parvona edilar.
Tushdan keyin Mohim begimning iltimosiga ko‘ra, saroyga Mir Abulqosimning kelganini eshitib, Bobur taxt tomon yurdi. Mir Abulqosim taniqli ulamo bo‘lsa-da, uning maslahatlari o‘g‘lining oyoqqa turishiga yordam berishiga unchalik ishonmasdi. Axir manaman degan tabiblar biror chora topolmagach, u nima ham qila olardi? Ammo, cho‘kayotgan cho‘pga tarmashadi, deganlaridek, u ham ozgina umid qilish mumkin bo‘lgan har qanday chorani qo‘llashga shay turardi. Qolaversa, o‘g‘lining g‘amida tunni kunga ulayotgan Mohim begimning ra’yini sindirishni ham istamadi.
Abulqosim shohning yuzidagi parishonlikni darhol payqamadi va gapni qisqa qildi:
– A’lohazrat, bemor oyoqqa turmog‘i uchun biror narsani tasadduq qilish kerak bo‘ladi.
Bobur nimanidir o‘ylayotgandek jim turganini ko‘rib, shayxulislom davom etdi:
– Sizda bir qimmatbaho olmos bor edi. Adashmasam, Ibrohim Lodi bilan urush paytida qo‘lga kiritilgan. Ana o‘shani tasadduq qilsangiz...
Bobur shu asnoda xazinabonni chaqirib, qimmatbaho olmos – Ko‘hinurni keltirishni buyurdi. Xazinabon ko‘p o‘tmay, oltin barkash ustidagi bejirim qutichani podshohga ta’zim bilan tutqazdi. Olmos quticha ichida, qizil baxmal parchasiga o‘rog‘liq edi.
Shoh qutichadan olmosni chiqardi. Keyin uni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Olmosdan taralayotgan ko‘kish nur butun saroyni yoritib yubordi. Bobur bir muddat toshga tikilib turdi-da, keyin befarqlik bilan yana qutiga joyladi.
–Shuni tasadduq qilishim kerakmi? – hukmdorning o‘tkir nigohlari qarshisida shayxulislom o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. “Shu bahona u olmosga ega chiqmoqchi” degan o‘y o‘tdi podshohning xayolidan. Ammo, o‘g‘li o‘lim bilan olishayotgan paytda u olmos uchun qayg‘uradigan ahvolda emasdi.
–Humoyun dunyo moliga ko‘z tikmagan bo‘lsa, uning uchun bu toshning qanchalik qimmati bo‘lsin?
Mir Abulqosim indamasdan ta’zim bajo etdi.
–Agar nimanidir tasadduq qilish kerak bo‘lsa, unda men o‘z jonimni o‘g‘limning sihati uchun sadqa qilganim bo‘lsin, – bir muddat jimib, yana ilova qildi: – Humoyunning mening jonimdan qimmatroq xazinasi yo‘q.
Mir Abulqosim hukmdorning bu qaroridan seskanib ketdi:
– Aslo, a’lohazrat, o‘z joningizni fido qilmang! Men shunchaki... nazr-niyozdan keyin shahzodamizning salomatliklari yaxshilanar, degan umidda aytgandim Axir, sizsiz bu ulkan mamlakatning ahvoli ne kechishini tasavvur ham qilolmasmiz.
Hukmdor og‘ir qo‘zg‘alib, o‘rnidan turdi:
–Men qaror chiqarib bo‘ldim. O‘g‘limning azoblariga boshqa chidolmayman, – u tez-tez yurib xonadan chiqib ketdi.
Bog‘da botayotgan quyoshning qizg‘ish shu’lasi kuzak barglarida aks etmoqda edi. Bobur bog‘ chetidan oqib o‘tuvchi ariq bo‘yida tahorat oldi. Boshidagi tojni shohsupa ustiga qo‘yib, oddiy kuloh kiydi. Egnidagi zarrin choponini ham oddiy yaktakka almashtirdi. Keyin o‘g‘lining yotog‘iga qaytib, uning boshidan uch marotaba aylandi va qo‘lini fotihaga ochib, nimalarnidir pichirladi. Keyin qibla tomonga qarab to‘shalgan joynamoz ustida ikki rakat namoz o‘qidi. Ikki tarafga salom bergach, yana qo‘lini duoga ochdi.
– Ulug‘ Tangrim! Sen bergan jonni o‘g‘limning tezda oyoqqa turib kelishi uchun tasadduq qilmoqchiman. O‘zing bu tasaddug‘imni qabul qil. Unga yuborgan har qanday azoblaringni menga ber.
Jigarbandimni bu og‘ir darddan O‘zing xalos qil. Yaratgan Egam, sengagina ibodat qilaman. Sendangina madad so‘rayman! O‘zing qudratingni ko‘rsat!
Bobur namozni tugatib, o‘rnidan turdi. Yelkasidan tog‘ qulagandek yengil nafas oldi. Uzoqdan eshitilayotgan musiqa ovozini eshitib to‘xtadi. Humoyun yotib qolganidan beri qulog‘iga bunday tovushlar kirmay qo‘ygandi.
Ovozidan yosh ekanligi bilinib turgan xonanda “Humoyun” qo‘shig‘ini kuylamoqda edi. Mirzo Mansur Tabriziy bastalagan bu maqomni u ilk marta bundan bir necha yil avval Qobulda tashkil qilgan bir ziyofatda eshitgandi. Keyinchalik bu maqomda Nasimiy va Navoiyning g‘azallariga bastalangan ko‘plab qo‘shiqlar ijro etildi. Bobur aynan “Humoyun” maqomini tinglash uchun Mirzo Mansurni o‘z guruhi bilan saroyga chaqirib, in’omlar bilan siylagandi.
Endi ustoz xonandaning bevaqt o‘limidan so‘ng ilk bor “Humoyun” maqomi yana shunday mahorat bilan ijro etilmoqda. Go‘yoki, bu ovoz o‘tmishdan, tarixning sirli so‘qmoqlari bag‘ridan chiqar, butun borliqni o‘z izmiga olgan, Yer yuzini dard-alamga burkamoqchidek bo‘lardi. Udning bo‘g‘iq sadosi xonandaning hazin ovozini bosib ketgandek bo‘lardi. O‘g‘li uchun bastalangan bu maqom nega buncha g‘amgin chiqqanini tushunmoqqa oshiqar, ichiga oqayotgan ko‘z-yoshlari selida cho‘kayotib, ohanglarning mavjida dunyoning tolei, kelajagi bilan bog‘liq, unga hali ma’lum bo‘lmagan allanimalar yashirinligini ko‘rardi.
Oy kechani kumush rangga bo‘yagandi. Bobur og‘ir qadamlar bilan Jamna qirg‘og‘iga tushdi. Oy yog‘dusida sokin oqayotgan daryo sathida oy parchalari ma’yus tebranadi. Hukmdor sohilda yassi xarsangtosh ustida o‘tirgancha, uzun muddat suvdan ko‘z uzmadi. U ko‘pincha mahzun damlarida shu yerga kelar, sokin mavjlar bilan jim sirlashardi. Ammo nazarida suv bugun butunlay boshqacha tusda, boshqacha ko‘rinishda edi.
Xayollar uni olis-olislarga olib ketdi. Samarqandni olish chog‘idagi kurashlar, Qobulning fath etilishi, Hindistonning egallanishi, Ibrohim Lodiy bilan jang – barcha barchasi ko‘z oldidan birma-bir o‘tdi. Vaqtning bu qadar tez o‘tishiga ishongisi kelmasdi. U ham mana hash-pash deguncha 47 yoshga kirib qo‘yibdi. Nazarida bu hodisalar ko‘z ochib yumguncha bo‘lib o‘tgandek edi.
* * *
...Tun yarmidan og‘ganda hukmdorning ahvoli yomonlashdi. Bobur hech kimga bildirmasdan, o‘z yotog‘iga yotishni istasa-da, og‘riqning zo‘ridan ko‘ziga uyqu kelmadi. Faqat butun shahar tunni qora choyshabiga butunlay o‘ragan chog‘da ko‘zlarini yumdi. Tushiga Humoyun kiribdi. Farishtalar uning atrofini aylanayotgan, qanotlari bilan o‘g‘lining yuz-ko‘zlarini siypalayotgan emishlar.
Tong yorishganda, erining ahvolidan xabar topgan Mohim Boburni ko‘rsatish uchun saroy tabibiga odam yubordi. Ammo, Bobur uni qabul qilmadi.
Shoh isitmaning haroratidan lablari titrab, Humoyunni so‘radi. O‘g‘lining ahvoli yaxshilanganini, duolari Yaratganga yetib borganini angladi. O‘sha kuniyoq hukmdor og‘ir xastaligiga qaramasdan, saroy ahlini to‘plab, Humoyunni valiahd deb e’lon qildi va saltanatni unga topshirdi.
Keyin unga tikilgan nigohlar ta’qibi ostida ahvoliga xos bo‘lmagan o‘ktam ovozda atrofdagilarga murojaat qildi:
–Meni Qobulda dafn etasizlar!
Hukmdorning ovozida allanechuk eminlik bor ediki, hech kim bir og‘iz gapirishga jur’at qilolmadi.
...Bu hodisalardan uch kun o‘tib, Bobur uni ziyorat qilish uchun kelgan o‘g‘li Humoyunning qo‘lida jon taslim qildi.
Buyuk xoqonning vasiyati oradan to‘qqiz yil o‘tgachgina amalga oshdi...
Do'stlaringiz bilan baham: |