www.ziyouz.com kutubxonasi
73
oldida darhol non kavshashdan o‘zini tutdi. Faqat nonning hididan mast bo‘lganday
ezma-lanib gapira boshladi:
— Nonday aziz bo‘ling, uka. Biz ko‘rgan kunlarni hech ko‘rmang. Qo‘ldan berganga qush
to‘ymas. Jotib jesang bu non ikki kunga ham jetmaydi. Lekin men shuning kuchi bilan
qishlog‘imga jetib olaman. Ana u tovning orqasida og‘a-inilarim bor. Biz o‘zbekning
qo‘yanquloq urug‘idanmiz. Qishlog‘imga jetib borsam, bir-ikki qop g‘alla tovib kelaman.
Lekin bo‘sh qop tik turmas ekan, uka. Bitta cho‘bir otim bor edi, kuzda so‘yib jeb
qo‘ydik. Piyoda ketay desam, och odam tovda jig‘ilib sovuqda qotib o‘laman, deb
qo‘rqdim. Mana en-di qo‘rqmasam bo‘ladi...
— Men sizni qayerdan topamen? — dedi Tohir unga avvalgi va’dasini eslatib.
— Ko‘nchilik guzarida uyim bor. Mamat polvon desangiz, hamma biladi. Bir vaqtlar
polvon edik, uka. Mana endi gavdamizni zo‘rg‘a ko‘tarib juribmiz.
— Esingizda bo‘lsin, qizning oti Robiya.
Mamat polvon bu nomni bir-ikki takrorlab xotirasiga joylagach:
— Agar xabari chiqsa, sizni qayerdan tovaman? — dedi.
— Qosimbekning navkarimen. Otim Tohir.
— Xo‘p, Tohirbek, men sizni qidirib tovamen. Bizning odamlar sizga jamanliq qilgan
bo‘lsa, siz menga jaxshiliq qildingiz. Bu jaxshilig‘izni albatta qaytaraman. Xayr!
Tohir uning orqasidan qarab qoldi. «Quvada ukasining balchiqqa botib o‘lganiga men
sababchi bo‘lganimni bilsa nima qilarkin?» deb o‘ylandi.
Mamat esa nariroqqa borib shosha-pisha qo‘yniga qo‘l tiqdi-yu, issiq nondan bir burda
uzib olib, tez og‘ziga soldi.
4
Andijonlik bek va navkarlar «Samarqandni olsak hamma mushkullarimiz oson bo‘ladi»,
deb o‘ylagan edilar. Biroq eng katta ishkalliklar Samarqand olingandan keyin boshlandi.
Uch ming kishilik qo‘shinning besh-olti ming ot-ulovi bor. Qahraton qishda qamaldan
abgor bo‘lib chiqqan shaharda na ochlarni to‘ydirib bo‘ladi, na qo‘shinga oziq-ovqat
yetkazib bo‘ladi, na otlarni yem-xashak bilan ta’minlab bo‘ladi. Shahar darvozalari
ochilgan, bu yog‘i O‘ratepagacha, bu yog‘i Qarshigacha barcha tomonlarga tuya
karvonlari jo‘natilgan, bozor va rastalarni tiriltirish uchun turli choralar ko‘rilayotgan
bo‘lsa ham poytaxtda hayot hali-beri izga tushadiganga o‘xshamas edi. Samarqand
so‘nggi yillarda ko‘p marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, dahshatli talon-torojlardan
qashshoqlanib qolgan edi.
— Bu mushkulotlar ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketgay,— deb, mashvaratlarda
Boburning ustozi Xo‘ja Abdulla andijonlik beklarni sabr-qanoatga chaqirar edi:— Bahor
yaqin, pishiqchilikka yetsak, og‘ir kunlarni ko‘rmagandek bo‘lib keturmiz. Tanqisliklar
o‘tur, ammo bu yog‘i Qarshiyu Shahrisabzgacha, u yog‘i O‘shu O‘zgangacha — shunday
ulug‘ mamlakat qolur. Tangrim bizga shunday katta kishvarni inoyat qilgani uchun, biz
Samarqandday olamshumul dorussaltanaga muyassar bo‘lganimiz uchun shukronalar
aytmog‘imiz kerak. Bobur mirzoning orzulari shulkim, Movarounnahr yana Ulug‘bek
davridagi kabi birlashsa, poytaxt asliga qaytsa, hamma viloyatlar hamjihatu obod bo‘lsa.
Amirzodamning bu orzulari sizu bizning muqaddas maqsadimizdir. Ilohi omin,
parvardigori olam bizni bu maqsadimizga ham yetkazsin!
Bu gaplar Xonqulibek va Ahmad Tanbalga o‘xshagan beklarning g‘ashiga tegsa ham,
ular mashvaratga to‘plangan boshqa beklar qatori:
— Ilohim omin! — deyishib, yuzlariga fotiha tortadilar. Chetdan qaragan odam buni
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |