www.ziyouz.com kutubxonasi
70
ko‘pdan beri so‘roqlab yurgan edi. U oltinga topilmaydigan ajoyib kitoblarning ko‘pligini
ko‘rib, afsonaviy xazinaga kirib qolganday hayajonlanar, nuqul:
— Yana ne bor? Yana? — deb so‘rardi.
Mulla Qutbiddin ham biri-biridan noyob kitoblarni uning oldiga qalashtirib tashladi.
Mashhur xattotlar katta pullar evaziga ko‘chirgan, har bir varag‘iga nafis bezaklar
ishlangan bu qo‘lyozma kitoblarning har biri bir necha ming dinor turishini Boburning
yonida turgan Qosimbek ham bilar edi. U Samarqand xazinasi shipshiydam ekanini,
Andijondan olib kelingan oltinlar esa ko‘pga bormasligini o‘ylab qarab turardi. Nihoyat,
Bobur ajratib olgan kitoblar o‘ndan oshganda, Qosimbek sekin shipshidi:
— Amirzodam, hozir xizonachi yo‘q...
Kitoblardan boshqa narsani unutgan Bobur Qosimbekning shamasini tushunmadi.
— Xizonachini yuborurmiz, — dedi va tanlagan kitoblarini sahhofga ko‘rsatdi: —
Hammasini hisoblab qo‘ying. Kitobdor bilan xizonachi pulini to‘lab olib keturlar.
Mulla Qutbiddin qo‘l qovushtirib:
— Bosh ustiga! — dedi-yu, ammo uning nimanidir aytolmay taraddudlanayotgani
Boburga sezildi.
— Ne tilagingiz bor, mullo? Ayting, tortinmang. Kitoblaringiz bebaho!
Bobur bu kitoblar uchun mol-dunyosini ayamaydiganday ko‘rindi. Sahhof dadillanib:
— Mirzo hazratlari, — dedi. — Hozir pulga oshliq topilmaydi. Bolalarim, «non» deb
yig‘lab, har kuni yurak-bag‘rimizni ezurlar. Agar iloji bo‘lsa, ozgina un...
Boburning ko‘z oldiga boyagi telba kampir keldi-yu, sahhofning muhtojligini oldinroq
sezmagani uchun o‘zidan koyindi. Qosimbekning novvoylik rastasidagi e’tirozlari esiga
tushib, unga hech nima demadi. Yana beklarning jinini qo‘zg‘amaslik uchun sahhofga
kerakli narsani saroy oshpazidan berib yuborishni ko‘ngliga tugdi. Sahhofga past tovush
bilan:
— G‘am chekmang, — dedi. — Tilagingiz amalga oshur. Xayr!
Bobur tashqariga chiqdi. Ahmad Tanbal hamon otidan tushmay o‘shshayib turar edi.
Shu kuni shomda kitoblarni olib ketishga kelgan kitobdor va savdarlar sahhofga so‘ragan
pulini berishdi-yu, uning uyiga bir qop un va bitta semiz qo‘y tushirib ketishdi.
Ertasi kuni novvoylik rastasiga Qosimbekning navkarlari bir arava un olib kelganliklari,
qor tagida sovib yotgan tandirlarga o‘t qalanib, issiq non hidi atrofga taral-gani, otliq
jarchilar podsho nomidan ochlarga non ulashilishini e’lon qilgani hammaning qulog‘iga
borib yetdi. Novvoylik rastasiga kelib, xushbo‘y bug‘doy nonining ta’midan ko‘zi
charaqlab ochilayotgan ochlar Boburdan nechog‘liq mamnun bo‘lsalar, tamagir bek va
navkarlar: «Bizning og‘zimizdan olib, avboshlarga berdi!» — deb, yosh podshohdan
shunchalik norozi edilar. Samarqanddagi ochlik va tanqislikdan bezgan bir qism
jangchilar Andijonga qaytib ketishga intila boshladilar.
___________
* S a h h o f — muqovachi. Kitob savdosi bilan sahhoflar shug‘ullangan.
3
Tandirdan uzilgan nonlarni qopga solib chiqib ochlarga ulashayotgan navkarlardan biri —
Tohir edi. Avval u ham: «Menga nayza sanchib, onamning o‘limiga sabab bo‘lgan
yog‘iylarga xizmat qilgani kelganmi men?!» deb achchiqlandi-yu, lekin uvada kiyingan,
bo‘yinlari qiltiriqday bo‘lib qolgan och o‘smirlarga, chollarga, ayollarga ko‘zi tushganidan
keyin hovuri bosildi. Ichkaridan ola qopda issiq non ko‘tarib chiqar ekan: «Balki bu
ayollarning orasida Robiya ham bordir?— deb o‘ylandi. — Yoki Robiyani ko‘rgan-bilganlar
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |