www.ziyouz.com kutubxonasi
66
ulkan va salobatli bino — to‘rt qavatli Ko‘ksaroy edi. Ko‘ksaroyda juda ko‘p fojialar
bo‘lgan, talay shahzodalar shu yerda o‘ldirilgan. Shuning uchun Samarqandning so‘nggi
tojdorlari Ko‘ksaroyda turmas edilar, faqat mashhur Ko‘ktosh ustiga chiqib, tantana bilan
taxtga o‘tirish marosimini o‘tkazar edilar. Bobur ham arkning o‘ng tomonida joylashgan
Bo‘stonsaroyga tushdi.
Oqshom Bo‘stonsaroyda qandillar yondirilganda Bobur o‘tirgan xonai xosga No‘yon
Ko‘kaldosh kirib keldi. Zar bilan naqshlangan bu xona juda sovuq edi. Ular ikkovi
po‘stinlarini va telpaklarini yechmasdan ko‘rpacha ustida o‘tirib gaplasha boshladilar.
No‘yon Ko‘kaldoshning ovozida iliq bir hayajon sezildi. Bobur podshoh bo‘lganidan beri
ulug‘ beklar atrofini o‘rab olib, No‘yon Ko‘kaldoshday tengdoshlari ancha chetga chiqib
qolgan edi. Bugun oralari yana ilgarigiday yaqin bo‘lib qolganidan quvongan No‘yon
to‘lqinlanib so‘zlay boshladi:
— Amirzodamning nomlaridan oltin bilaguzuklar, asl matolar, subhoni o‘riklar*,
lavzinalar* olib bordik. Ulug‘ xolangiz Mehr Nigor xonim peshvoz chiqdilar...
Bobur o‘z onasini esladi. Mehr Nigor xonim — Qutlug‘ Nigor xonimning tug‘ishgan opasi
va Sulton Ahmad mirzoning katta xotini edi. Oyisha begimning onasi yoshligida o‘lib
ketgan, uni farzandsiz Mehr Nigor xonim tarbiyalab o‘stirgan, hozir ham unga ona
o‘rnida g‘amxo‘rlik qilar edi. Shuning uchun Mehr Nigor xonim Boburga ham xola-yu,
ham bo‘lajak qaynona edi.
— Ozib ketibdilar, — deb davom etdi No‘yon. — Oshliqdan* juda qiynalmishlar.
«Qahatchilik bo‘lib, pulga oshliq topilmay qoldi», deydilar. «Zog‘ora nonga ham zor»
bo‘ldik, deb yig‘lab yubordilar. O‘tin-cho‘plari ham yo‘q ekan. «Sovuqda diydirab
o‘ltiribmiz» deydilar.
— Boysunqur mirzo shu qadar noinsoflik qilibdirmi, a?
— Mirzoning o‘zi ham oxirgi paytlarda qorni to‘yib taom yemagan bo‘lsa kerak,
amirzodam. Yetti oy qamalda yotish osonmi? Ko‘chalarda ochdan o‘lgan odamlarning
o‘liklari yotibdi. Faqiru bechoralar ochdan o‘lmaslik uchun eshak go‘shtini, it go‘shtini
yeyishgacha yetib bormishlar... Biz bundan bexabar ekanmiz. Dar-hol qaytib kelib,
Qosimbek qavchinga uchradim. Bir arava un, guruch, bir arava o‘tin, o‘nta qo‘y oldik.
Ke-yin hammasini yana o‘zim eltib topshirdim. Shunda meni ichkari uyga taklif qildilar.
No‘yon Ko‘kaldosh sirli kulimsirab, bir lahza taraddudlanib turdi. Bobur uning hozir
Oyisha begim haqida gapirmoqchi ekanini sezib, sabrsizlandi:
— So‘zlang, No‘yon, so‘zlang!
— Tillakori uyda Oyisha begim yuzlariga oq ipak parda yopib qarshimdan chiqdilar... —
No‘yon bir to‘xtab oldi. Oyisha begim uning ko‘ziga juda kichkina, norasida o‘smir
qizchadek ko‘ringan edi. U buni Boburga aytishga jur’at etmadi. — Juda nozik ko‘rindilar.
«Xush kelibsiz», dedilar. Ovozlari shunday mayin, shunday sof.
Bobur Andijondan Oyisha begimni o‘ylab kelib, endi ko‘risholmasligi, balki sabrsizlik
qilgan kabi qiz tomonni ham ranjitishi unga bedavo bir dard bo‘lib tuyuldi.
No‘yon Ko‘kaldosh bu dardga dori topmoqchiga o‘xshab qo‘yniga qo‘l soldi-yu, jajjigina
oq ipak xaltacha oldi.
— Oyisha begimning nomidan sizga buni Mehr Nigor xonim berib yubordilar.
Bobur xaltachani qo‘liga olganda ichida hech narsa yo‘qday tuyuldi. Bog‘ichini ochib
xaltachani kaftiga sekin ag‘dargan edi, ikki dona gavhar tushdi. Har biri guruchdan sal
kattaroq, ammo xiyla salmog‘i bor. Jilosi nafis va ulug‘vor.
— Sirtiga ham qarang, — dedi No‘yon.
Nozik munchoqlar bilan bezatilgan xaltachaning sirtiga kashtaga o‘xshatib tikilgan
chiroyli ipak yozuvni Bobur endi ko‘rdi. «Najotkorimizga» degan birgina so‘z unga butun
bir muhabbatnomadek shirin tuyuldi. Oyisha begim bu ipak yozuvni oldindan tika
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |