www.ziyouz.com kutubxonasi
63
— Nahot? — dedi Bobur ham birdan xavotirga tushib.
— Egachingiz sizni jondan aziz ko‘rurlar, Mirzo hazratlari, so‘zingizni ikki qilmaslar, —
dedi Do‘st-bek.— Volidai muhtaramangiz bilan ikkalamiz sizdan iltimos qilgani keldik.
Xonzoda begimni huzuringizga chorlab, nasihat qiling. Davlatingizning manfaatlari uchun
egachingiz rizolik bermoqlari kerak. Sulton Ahmadbek oraga odam qo‘ygan. Butun
urug‘lari bilan sizning marhamatingizga muntazir. Rad javobi ularni sizdan... sovitib
qo‘yishi mumkin. So‘ngra, agar Xonzoda begim rizo bo‘lmay, yana uch-to‘rt yil uyda
o‘ltirib qolsalar, «kuyov topilmabdir, qari qiz bo‘libdir», deb yog‘iylaringiz malomat
qilurlar. Bunday gaplar podshoh oilasining sha’niga mutlaqo to‘g‘ri kelmas. Agar
Xonzoda begim sizga yaxshilik istasalar, rizo bo‘lmoqlari kerak. Buni endi begimga faqat
siz tushuntirursiz, Mirzo hazratlari!
Bobur boshini changallab bir lahza jim qoldi. Bunday nozik, bunday chigal ishga umrida
birinchi duch kelishi. Begona bo‘lsa ham bir sari edi, gaplashishi osonroq bo‘lardi.
O‘zining jonajon opasi. Bobur Xonzoda begim bilan bu to‘g‘rilarda gapirishishdan ham
iymanadi. Lekin bu yoqda onasi mushkul ahvolga tushib, yordam kutib o‘tiribdi. Bu
yoqda opasi joniga qasd qilmoqchi emish.
— Mayli, — dedi Bobur onasiga ma’yus ko‘z tashlarkan, — begim kelsinlar, o‘zim bir
so‘zlashay.
Qutlug‘ Nigor xonim tez o‘rnidan qo‘zg‘alib:
— Hozir... hozir borib ayttirib yuborurmen, — dedi va chodir eshigiga yo‘naldi.
Do‘stbek yirik tishlarini ochib mamnun kulimsiradi-yu, chodirdan orqasi bilan yurib chiqa
boshladi. Eshik oldida ta’zim qildi-da:
— Amirzodam, siz shohsiz, sizning hukmingiz vojib,— deb Boburni dadilroq bo‘lishga
undab ketdi.
_______________
* «V a q o i ’» — «Chindan yuz bergan voqealar», demakdir. «Boburnoma» eng avval shunday deb atalgan.
* * *
Bobur qator shamlari lipillab yonayotgan ikkita oltin qandil oralig‘ida sadaf bilan
bezatilgan bejirim mizga ko‘kragini tirab kitob varaqlab o‘ltirganda Xonzoda begim
chodir eshigidan sekin kirib keldi. Egnida sidirg‘a sariq atlas ko‘ylak. Hazin tovush bilan
salomlashib, Bobur taklif qilgan zarbof ko‘rpacha ustiga xastalardek bo‘shashib o‘ltirdi.
Uning qovoqlari shishinqiraganini ko‘rgan Bobur:
— Muncha g‘amginsiz, begim? — dedi.
— Amirzodam, men huzuringizga najot izlab keldim!
Xonzoda begimning so‘lg‘in yuziga ko‘zlaridan yosh sirg‘alib tushdi. Bobur yaqindagina
yayrab-yashnab yurgan opasini hozir bu ahvolda ko‘rib, yuragini bir narsa timdalab o‘tdi.
Onasi uning zimmasiga yuklab ketgan vazifa qanchalik mushkul ekanini u endi astoydil
his qildi. Taqdir uning boshiga solayotgan mushkulotlar ozmidi, ustiga bu ham qo‘shildi?
Bobur kuyunib gapira boshladi:
— Men o‘zim bu falakning dastidan najot izlaymen, begim. Yechilmas muammolar biri
ustiga biri qo‘shilur. Shu asnoda nahotki siz ham mening mushkullarimni
ko‘paytirmoqchi bo‘lursiz?
Xonzoda begim ukasining o‘zi chindan ham yordamga muhtojligini, yoshiga nomunosib
ishlar uni juda qiynab yuborganini sezdi-yu, ko‘zini tez artdi. Boyagidan tetikroq ohang
bilan gapira boshladi:
—Amirzodam, men bir gap eshitdim. Rostmikin?
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |