www.ziyouz.com kutubxonasi
61
— Quvada g‘alabani tangrim o‘zi bizga in’om qilgan, mavlono! — dedi Qosimbek.
Bu gapga qarshi chiqib bo‘lmas edi.
— Albatta, bularning ko‘ngliga shu ishni xudo o‘zi solgan. Lekin o‘shandagi jasorati
uchun yog‘iylar Tohirga nayza sanchib, uni og‘ir yarador qildilar. Jiyanim naq bir
o‘limdan qoldi, janob Qosimbek!
— Shundoqmi? — deb Qosimbek endi Tohirga iliqroq nazar bilan qaradi. —
Samarqanddagi yog‘iylarimizda qasding bormi, yigit?
— Ha, o‘chim bor.
Qosimbek ketida sukut saqlab turgan tavochiga o‘girildi:
— Bu yigitni Chilmahram tog‘i etagida askariy mashq o‘tkazayotgan navkarlar qatoriga
qo‘shing! — So‘ng u mulla Fazliddinga izoh berdi. — Jiyaningizning mashqi yetilsin,
harbiy muomalani o‘rgansin. Undan so‘ng amirzodam lozim ko‘rsalar, xos navkarlari
qatoriga olurlar.
Tohir mavlono Fazliddin bilan quchoqlashib xayr-lashdi-da, otiga mindi va tavochining
ketidan Chilmahram tog‘iga qarab yo‘l oldi.
_______________
* U l u f a — maosh va turarjoy.
7
Beklarning mashvaratida Samarqand yurishini ramazon oyida boshlashga, tayyorlik
ishlarining asosiy qismini O‘shning o‘zidayoq bitirib ketishga qaror qilindi.
Bobur onasining so‘zini yerda qoldirganidan xijolat bo‘lib, Qutlug‘ Nigor xonimning
ko‘ziga tashlanmaslikka tirishardi. Safar tayyorgarliklaridan bo‘shagan paytlarda o‘z
chodirida yolg‘iz o‘tirib kitob o‘qirdi.
Bugun namozigar kechroq Bobur «Vaqoi’»* nomli daftarga otasining o‘limi haqida
yozayotgan edi, yasovul kirib, Qutlug‘ Nigor xonim bilan Ali Do‘stbekning chodirga
kirishga ijozat so‘rayotganlarini aytdi. Bobur daftarini yopib, onasini eshik oldida qarshi
oldi va to‘rga o‘tqazdi.
Qutlug‘ Nigor xonimning rangi xiyol o‘chgan. Uning peshonasidan yuqorida — sochining
farq ochilgan jo-yida Bobur bir tutam oqargan soch tolalarini ko‘rdi. Endi qirq yoshga
kirgan onaizor kampirlardek odmi kiyinar va qaddini egibroq yurar edi. Bobur onasiga
allanechuk rahm qilib past tovush bilan gapirdi:
— Onajon, so‘zim yerda qoldi, deb kuyunmang. Nasib bo‘lsa, Samarqanddan qaytganda
hamma aytganlaringizni qilurmen.
— Xudoning xohishi shunday bo‘lsa, biz bandalar qanoat qilgaymiz. Iloho, yaxshi
niyatlaringizga yeting, shoh o‘g‘lim!
Ali Do‘stbek baquvvat qo‘llarini fotiha uchun ochib:
— Ilohi omin! — dedi.
So‘ng katta-katta panjalarini qop-qora silliq yuziga, soqolsiz uzun iyagiga surtdi.
Yuzi mo‘g‘ulcha bo‘rtgan bu chayir ko‘sa odam Boburning buvisi Eson Davlat begimga
amakivachcha bo‘ladi. Shu sababli o‘z nomiga «tog‘oyi» degan so‘zni unvondek qo‘shib
aytadi va Qutlug‘ Nigor xonimga akalarcha mehribonchilik ko‘rsatib yuradi. Hozir ham
ko‘rpachalar ustiga o‘tirganlaridan keyin Ali Do‘stbek Qutlug‘ Nigor xonimga «Gapni
ochaymi?» deganday bir qarab oldi. Xonim tasdiq ma’nosida bosh irg‘agach, Ali Do‘stbek
tomoq qirib, siporish bilan so‘z boshladi:
— Amirzodam, volidangiz ikkovimiz nozik bir muammoda sizning maslahatingizni olgani
keldik. Muhtarama egachingiz Xonzoda begim hozir yigirma yoshdalar. Ayni uzatiladigan
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |