www.ziyouz.com kutubxonasi
71
uchrab qolar?»
Tohirning boshida tulki telpak, egnida pochapo‘stin, so‘nggi oylarda mudom otliq yurib,
qadam olishi xiyla o‘zgargan. Uzangiga o‘rganib ketgan oyoqlari yerda avvalgiday ravon
odimlay olmaydi. Ammo qo‘llari chavandozcha bir chaqqonlik bilan qopga tez tushib-
chiqadi.
Ko‘zlari lo‘q ochlar Tohirning o‘zini emas, non ulashayotgan qo‘llarini ko‘rishadi, xolos.
Ularning ko‘pi imillab, kichik-kichik qadam tashlab juda sekin harakat qilishadi. Yo‘llarida
kichkina ariq yoki do‘nglik uchrab qolsa, o‘tolmay to‘xtab qolishadi. Baquvvatroqlari
suyab, ko‘maklashib o‘tkazib qo‘yishadi.
Tohir odamlarning har birini sinchiklab ko‘zdan kechiradi. Nahotki ularning orasida
Robiyani ko‘rgan-bilgan birorta odam bo‘lmasa?
Ana, bir ayol to‘n yopinib, yarim o‘girilib turibdi. Tohir uning yonidagi kampirga qarab:
— Xolalar, oralaringda andijonlik yoki quvalik ayollar bormi? — deb so‘radi.
Kampir tojikcha talaffuz bilan:
— Undoqlar yo‘q, aylanay, — dedi.
Tohir yuzlab marta aytgan so‘zlarini takrorlab:
— Singlimni izlab yuribman, — dedi. — Sulton Ahmad mirzoning askarlari Quvadan olib
qochib ketganiga to‘rt yil bo‘ldi.
— Bechora! — deb qo‘ydi kampirning yonidagi ayol.
Nariroqda nonga ko‘z tikib turgan bir kishi sabr-sizlanib yo‘taldi. Tohir non ulashishda
davom etar ekan, o‘ttiz besh yoshlardagi, siyrak malla mo‘ylovli novcha bir kishining
qarshisida to‘xtadi.
— Siz ilgari navkar bo‘lganmisiz?
Yuzi shishinqiragan bu odam xavotirli tovush bilan:
— Ha, — dedi.
— Qachon?
— Ko‘p jil bo‘ldi.
— Andijonga borganmisiz?
— Jo‘q... berirog‘idan qaytkanmiz.
Bu odamning talaffuzi o‘shanda Robiyani qopga solib olib ketgan «jo‘q»chi yigitlarni
eslatdi-yu, Tohirning vujudi qaltirab ketdi. Ehtimol, bu o‘sha bosqinchilarning biridir?
Tohir orqasiga o‘girilib, novvoyxona tomonda turgan sherigini chaqirdi. Qopning tagida
qolgan nonlarni unga berdi-yu, malla mo‘ylovli kishini bilagidan olib bir chetga boshladi.
U odam qo‘rquvdan bo‘shashib, kalovlanib, to‘xtab qoldi:
— Ukajon, men bir bechora odamman! Meni qo‘yib jubaring! Nong‘a kelib edim...
Nong‘a!...
Tohir kalavaning uchini shu odam topib berishi mumkinligini sezib, muloyimroq
gapirishga tirishdi.
— Non olasiz. Sizga ko‘proq non beramen. Menga rostini ayting. Sulton Ahmad mirzoga
navkar bo‘lganmisiz?
— Bo‘g‘anmen.
— Andijondan beridagi Quvaning ko‘prigidan o‘tganmisiz?
— Qaysi ko‘prik? Sinib ketib, bizni xarob qilg‘an ko‘prikma?
— Xuddi o‘zi! — dedi Tohir g‘azab aralash quvonch bilan. Mana, o‘sha bosqinchi! Tohir
unga hozir xanjar ursa bir alamdan chiqar edi. Ammo Robiya nima bo‘ladi? Buni o‘ldirsa,
Robiyani kimdan so‘roqlab topadi?
Tohir malla mo‘ylovli yigitni yoqasidan olib qahr bilan silkitdi:
— Robiya qani? Ayt tezroq!
Ochlikdan darmoni ketib, zo‘rg‘a yurgan yigit Tohirning siltalashidan to‘kilib, parchalanib
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |