www.ziyouz.com kutubxonasi
69
Tanbal kecha zargarlarni talatganini eslab, ko‘zlari bir bejo bo‘ldi. Ammo o‘zini osoyishta
ko‘rsatib:
— So‘zingiz to‘g‘ri, Mirzo hazratlari, — dedi. Biroq shuncha jangu jadal bilan olgan
shahrimizdan ozgina o‘ljador bo‘lishga nahotki haqqimiz yo‘q? Axir g‘oliblarning o‘lja
olishi ota-bobolarimizdan qolgan rusum-ku!
Tanbalning gapi navkarlar orasida turgan Xonqulibekka juda yoqib tushgani uning
kulimsirab bosh irg‘aganidan bilindi. Ko‘pchilik navkarlar ham Ahmad Tanbalni haq deb
bilar edi. Samarqanddan durust o‘lja ololmagan beklarning barchasi norozi bo‘lib yurgani
ma’lum edi.
Shu topda Bobur o‘zini ikki o‘t orasida qolganday sezdi. Beklaru navkarlarning ko‘ngliga
qaray desa, bu yoqda raiyyat ocharchilikdan o‘lyapti. Raiyyatni ochlik changalidan
qutqazay desa, beklaru navkarlar: «Bular nega bizning nasibamizga sherik bo‘ladi?»
deb dod soladi.
Bobur Qosimbekka umid bilan ko‘z tikdi-yu:
— Ocharchilikka faqat Boysunqur mirzo sababchimi?— dedi. — Agar biz shaharni yetti oy
qamal qilmasak, bu baxtsizlik bo‘lmasligi mumkin edi-ku!
Qosimbek Boburning Tanbal qarshisida yakkalanib qolishini istamadi-yu, munozarani
tezroq tugatishga tirishdi:
— Amirzodamning so‘zlari qulingizga sari toj bo‘lsin! Ertagayoq novvoylarga un berib,
ochlarga non yoptirib tarqatishni men o‘z zimmamga olurmen!
Bobur Qosimbekka minnatdorona ko‘z tashlab:
— Gap tamom, — dedi. So‘ng Javhariyga yuzlandi.— Qani endi sahhoflar* rastasiga
o‘taylik.
Javhariy ularni qing‘ir-qiyshiq bir ko‘chaga boshlar ekan, Ahmad Tanbal, qovoq-
tumshug‘i osilib, Boburning ketidan ergashdi. Keng bir sahnga chiqdilar. Yopiq turgan
sahhoflik do‘konlari ko‘rindi. Ikki do‘kon oralig‘idagi ikki tavaqalik darvoza ichidan avval
qandaydir shovqin eshitildi, so‘ng oyoq yalang, bosh yalang bir kampir dod solib chiqdi:
— Voy bolamni o‘ldirgan xudoning o‘zi o‘lsin! Och qolib shishib o‘lsin!
Kampirning ketidan o‘rta yashar ozg‘in bir erkak yugurib chiqdi-yu, otliqlarni ko‘rib,
qo‘rqqanidan bir lahza ag‘rayib turib qoldi. Kampir hamon bor ovozi bilan baqirib xudoni
qarg‘ardi:
— Xudoning o‘zi qamalda qolib o‘lsin! Iloyo mening bolamday ochdan o‘lsin! O‘lsin!!!
Javhariy otini erkak kishi tomonga burib:
— Mulla Qutbiddin, nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
Mulla Qutbiddin endi hushini yig‘ib, kampirga qarab chopdi. Ozg‘ingina, madorsiz
kampirni sudrab hovliga olib kirib ketdi-da, entikib qaytib chiqdi. Qo‘l qovushtirib otliqlar
tomonga kelar ekan:
— Afv etgaysizlar, — dedi. — Og‘amning zaifasi farzand dog‘idan telba bo‘lib qoldi.
Bechoraning o‘g‘ilchasi ochlikdan kunjara yegan ekan, shishib o‘ldi.
Og‘ir sukunatda Boburning:
— Yana bu sho‘rliklardan o‘lja olmoqchi bo‘lurlar!— degan kinoyali so‘zlari eshitildi-yu,
Ahmad Tanbal bilan Xonqulibekka o‘qday tegdi.
Mulla Qutbiddin Samarqandning taniqli sahhoflaridan edi. Mavlono kim kelganini
sahhofga sekin aytdi. Mulla Qutbiddin ko‘pdan beri ochilmagan do‘konini shosha-pisha
ochdi. Bobur otdan tushib, mavlono bilan birga do‘konga kirdi. Mulla Qutbiddin bisotida
bor eng nodir kitoblarni bir-bir olib, changlarini artib, Boburga ko‘rsata boshladi.
Qimmatbaho zarhal muqovalar ichida Mahmud Koshg‘ariy, Abdurahmon Jomiy...
Sharafid-din Ali Yazdiyning Behzod suratlari bilan bezangan «Zafarnomasi»...
Abdurazzoq Samarqandiy... Ha, mana. Navoiyning «Mezonul avzoni». Bu kitobni Bobur
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |