www.ziyouz.com kutubxonasi
285
Xo‘ja Kalonbek e’tirozga so‘z topolmay tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi va dasturxonda
turgan limu sharbatiga qo‘l cho‘zdi.
Ular Dehlaviy haqida ilgari ham ko‘p so‘zlashgan edilar. Laxo‘r, Dehli va Agrada
Dehlaviyning hind tilida bitgan qo‘shiqlarini musulmonlar ham, otashparast va
budparastlar ham to‘yu tomoshalarda kuylab yurganlarining guvohi bo‘ldilar. Dehlaviy
Boburdan ikki yuz yil oldin o‘tgan bo‘lsa ham uning g‘azallari, kuylari, qo‘shiqlari xuddi
bugun bitilganday yangi va ta’sirli edi. Bobur Dehlaviyning Hindistondagi barcha ellarni
ahillikka da’vat etib ketganini, agar bu mamlakat dinu millat nizolaridan baland tursa va
tarix maydoniga yakdilu yaktan bo‘lib chiqsa, jahonning eng ulug‘ qit’asiga aylanishi
mumkinligini ayta boshladi.
Boburning bu gaplarni aytishdan maqsadi — Xo‘ja Kalonbekni Hindistonda olib qolish
edi. Lekin Xo‘ja Kalonbek do‘stlari davrasida chog‘ir ichib o‘ltirganda: «Shu bu yil
Hinddan ketmasam yuzim qora bo‘lsin!» — deb qasam ichgan edi. Endi u qasamxo‘r
bo‘lib qolmaslik uchun ham Hindistondan ketishga intilmoqda edi. U Boburning nutqi va
mantiqi juda zo‘rligini yaxshi bilar, Bobur keltirgan kuchli dalillarga jim turib quloq solar,
lekin e’tiroz uchun qulay payt poylar edi.
— Hindning qadimiy madaniyatini Beruniy qanchalik ulug‘lab yozganini bilursiz, —
so‘zida davom etdi Bobur. — Bu elda iste’dodu salohiyat konlari hozir ham beadad.
Faqat inqirozli davrlar bu konlarni berkitib ketmishdir. Biz bu konlarni qaytadan
ochmog‘imiz mumkin. Hunarmandlar behisob. «Ish topib bersangiz qilg‘aymen», deb
muntazir turgan qurur-qurur* zahmatkashi bor. Xazinalarini o‘zingiz ko‘rdingiz. Aholisiyu
boyligining ulkanligini yana shundan bilsa bo‘lurki, bizda yo‘q raqamlar bularda bor. Yuz
qurur — bir arb*. Yuz arbni qarb derlar. Yuz qarbni nil* derlar. Yuz nil — padam*.
Birgina Dehli viloyatidan har yili davlat xazinasiga tushadigan daromad uch qururu
oltmish to‘qqiz laku ellik ming tangadan ortiq. Bunday viloyatlar Hindistonda ozmi? Siz
shu viloyatlardan qaysi birini ma’qul ko‘rsangiz, shunisini beraylik.
— Hazratim, menga G‘aznini inoyat qilsangiz, marhamatingizdan umrbod minnatdor
bo‘lur edim.
— Yana G‘azni deysiz-a! G‘aznida nechog‘lik tangdastlik bilan kun kechirganlarimiz
esingizdan chiqdimi? Mahmud G‘aznaviyning buzilgan bandini tiklaymiz deb, uddasidan
chiqolmagan edik. Odam topsak, mablag‘ topilmas edi, mablag‘ topsak, yana biron
narsa yetishmas edi. Bu yerda hammasi bor. Kuchu qudrat ummonday cheksiz!
— Lekin bu ummon mendek... musofirni nom-nishon qoldirmay yutib yuborishidan
qo‘rqamen!
Xo‘ja Kalon «mendek musofirni» deb faqat o‘zi haqida gapirayotganday ko‘rinsa ham
aslida u Bobur bilan kelgan barcha vatandoshlarini nazarda tutmoqda edi. «Bu ulkan
mamlakatga bir urvoq ham bo‘lolmaymiz, katta xalqqa aralashib yo‘q bo‘lib ketamiz,
undan ko‘ra oladigan o‘ljamizni olib, shimolga tezroq qaytib ketaylik», deb yurgan beklar
yolg‘iz Xo‘ja Kalon emas edi. Bobur shuni o‘yladi-yu:
— Maqsad nom-nishon qoldirish bo‘lsa, — dedi,— odam shu maqsadga o‘zini fido qila
bilishi kerakmi yo‘qmi? Biz o‘rgangan salqin bog‘lar, ravon ariqlar bu yerda yo‘q. Uzum
yo‘q, qovun yo‘q, yax yo‘q. Yaxshi ot yo‘q. Sulton Ibrohimdek podshoning saroyida
shamu shamdon ishlatilmas ekan. Yuz-ikki yuz charog‘bon davtiylar tirik shamdon bo‘lib
xizmat qilar ekanlar. Chap iliklariga sepoya bor chirog‘ni tutib, o‘ng iliklariga yog‘
solingan kaduni ko‘tarib, ulug‘lariga chirog‘ kerak bo‘lganda o‘trularida shamdonga
o‘xshab turar ekanlar... Men buyurdimkim, hunarmandlarga bizning shamdonlaru
qandillarni ko‘rsatib, shundaylarini yasatsinlar. Bir oy o‘tmay saroyga yetgulik shamdonu
qandil tayyorlandi. Shamgarlik ham joriy etildi. Tok ektirdim, nasib qilsa hind uzumini
ham yermiz. Bugun ko‘rib kelgan bog‘imizning o‘rni qanchalik besafo yerlar bo‘lganini
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |