www.ziyouz.com kutubxonasi
280
xonasida xastalarday shiftga tikilib yotgan edi. Yo‘lda issiqdan terlab-pishib kirgan
nevarasiga yonidan joy ko‘rsatdi-yu, majolsiz bir ahvolda o‘rnidan turib o‘tirdi.
Nevarasining bo‘g‘riqqan yuzlariga qarab hol-ahvol so‘rashdi. Yoz bu yil har yilgidan
ham issiq kelganini aytdi.
— Fotihlar issiqqa bardosh berolmay o‘layotgani rostmi? — deb so‘radi.
— Birda-yarim o‘layotganlari bor, — dedi Bahodir.
— «Hindistonda turmaymiz, salqin joylarga qaytib ketamiz» deyayotganlari-chi?
— Podshohlari ketgani qo‘ygaymi? Ko‘pchilik uning izmidan chiqmas ekan. O‘zi ham juda
gapga usta notiq odam ekan. «Ketamiz», deb yurganlarni saroyga to‘plab, shunday bir
gaplashdiki, hammasi jim bo‘lib qoldi.
— Sen otangning qotilini... maqtayapsanmi?
Bahodir eshikka xavotirli ko‘z tashlab qo‘ydi. U o‘zi bilan birga kelgan hamrohlaridan
xavotirda edi. Buni sezgan malika ovozini pasaytirib so‘radi:
— Ketingga odam qo‘yganlarmi?
— Ha, hech kim bilan yakkama-yakka gaplasholmayman. Hamisha yon-verimda
qo‘riqchilar... Yomonlasam, darrov yetkazadiganlar ko‘p.
— Qo‘rqma, bu xonada faqat biz ikkalamiz... Ilgari bizga xizmat qilgan odamlardan
saroyda hech kim bormi?
— Otamning vaziri Malikdod Koroniy bor... Ke-yin... bizning kutubxonada ishlagan to‘rtta
olim ham xizmatga olindi. Bilishimcha, Bobur hindistonliklarni o‘ziga el qilmoqchi, ularni
ishonchini qozonmoqchi. Shuning uchun otamning barcha oshpazlarini saroyga to‘plab,
to‘rttasini o‘zi uchun tanlab olibdi.
— Shu bizning oshpazlar pishirgan ovqatlarni Bobur ham yermishmi?
— Ha, ko‘rganlardan eshitdim. Bobur hindistoniy taomlarni yeyish bilan ham o‘zini
bizning elga yaqin ko‘rsatmoqchi bo‘lsa kerak.
Malika ilgari o‘zining itoatida bo‘lgan o‘sha to‘rtta oshpazdan birortasini qo‘lga olish
mumkinligini o‘yladi-yu kutilmagan bir bardamlik bilan o‘rnidan turib ketdi. Uning qalbini
o‘rtab yurgan qayg‘u-alamlar endi birdan yangi yo‘l topganday bo‘ldi. Zo‘r intiqom
tuyg‘usi uning xayollarini bir nuqtaga to‘plab, vujudiga kuch-quvvat berganday bo‘ldi.
«Agar Bobur o‘ldirilsa, uning odamlari bu yerda turolmaydi: ketadi, mamlakat yana
o‘zimizga qoladi!» degan o‘y ham uning oshpazlarini qo‘lga olish haqidagi qarorini
mustahkamladi. Malika og‘zini nevarasinnig qulog‘iga yaqinlashtirib so‘radi:
— O‘sha oshpazlarni sen ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim.
— Ularning orasida Ahmad choshnagir yo‘qmi?
Bahodir buvisining avzoyi o‘zgarganidan allanechuk cho‘chib:
— Yo‘q, — dedi. — Ahmad choshnagir Agradan Atovaga ketgan.
Malika Bahodirning eshikka yana xavotir bilan ko‘z tashlab qo‘yganini ko‘rdi-yu,
kinoyaomuz iljaydi: «Bu nevaram bo‘shroq, ayg‘oqchisi ham ko‘p ekan, sir berib qo‘ysa
juvonmarg bo‘ladi, men ham niyatimga yetolmayman», dedi o‘zicha va ko‘nglidagi qaltis
niyatni unga bildirmay gapni boshqa yoqqa burdi:
— Bizga shunchalik sodiq ko‘ringan odamlar hozir dushmanlarimizga xizmat qilyapti-ya!
E, bevafo dunyo! Malikdod Koroniy ham, oshpazlar ham hammasi sotilgan! Lekin sen...
dushmanlar bilan til uchida murosa qilu dilingni otangga sodiq tut!
— Hali ham shunday, buvijon! — pichirlab dedi Bahodir.
Do'stlaringiz bilan baham: |