www.ziyouz.com kutubxonasi
166
vodiy yo‘llarini ham tuman to‘sib qo‘yganini ko‘rdi-yu, soy bo‘yiga keldi.
Quyuq tuman dunyoni allanechuk tor va sovuq qilib qo‘ydi. So‘x soyining yuqori-pastlari
ham ko‘zdan yo‘qoldi. Tezoqar tog‘ daryochasining qayoqdan kelib, qayoqqa ketayotgani
endi faqat uning toshlarga urilib shovullashidan bilinar edi, xolos.
Boburning hozirgi qarorgohi mana shu soyning yaqinida — keng bir sayhonlikda edi.
Balandroq bir joyda uning qizil movut chodiri bor. Chodirning o‘ng yonida Qutlug‘ Nigor
xonimning sakkiz burchakli oq o‘tovi turipti. Qolgan yigirma-o‘ttizta o‘tov va chodirlar
ularning nari-berisiga o‘rnatilgan. Sovuq tuman ichida chodir va o‘tovlar go‘yo bir-
birlaridan uzoqlashib ketganday va hammasini mog‘or bosayotganday ko‘rinardi.
Bobur yo‘lida uchragan odamlarning ta’zimlariga indamay bosh irg‘ab o‘tdi-yu, Mamadali
kitobdorning o‘tovi tomonga burildi. Bu yerda Bobur doim o‘z ko‘chi bilan birga olib
yuradigan kitoblari saqlanar edi. Besh-olti tuyaga yuk bo‘ladigan nodir kitoblar qalin
charm qoplangan maxsus sandiq va qutilarga yog‘in-sochin o‘tmaydigan qilib joylangan
edi. Keksayib qolgan bo‘lsa ham hamma safarlarda Bobur bilan birga yuradigan zaxil
yuzli ellik besh yashar Mamadali kitobdor kitoblarni xuddi chaqalog‘ini avaylaydigan
onaday avaylab-asrar edi. U Boburga ta’zim qilib:
— Buyuring, amirzodam! — dedi.
Bobur tarixiy kitoblardan bir-ikkitasining nomini aytdi.
Mamadali kitobdor kitoblarga qo‘l urishdan oldin qo‘lini yaxshilab yuvadigan odati bor
edi.
— Siz muntazir bo‘lmang, qulingiz elturmen!
Bobur o‘tovdan chiqib o‘z chodiriga kirdi. Oradan ancha vaqt o‘tganidan keyin Mamadali
kitobdor aytilgan kitoblarni ipak matoga o‘ragan holda ikki qo‘llab ko‘tarib kirdi-yu,
to‘rdagi miz ustiga sekin qo‘yib, orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Bobur mashhur sarkardalar va shohlarning hayotlari haqidagi tarixiy kitoblarni varaqlar
ekan, murakkab jumlalar, jimjimador o‘xshatishlar, afsona va rivoyatlar orasidan
chinakam bo‘lgan va odamni ishontiradigan voqealarni izlardi. Lekin ko‘pchilik kitoblarda
nuqul g‘alabalar dabdabali uslub bilan kuylanardi.
Ehtimol, hozir Shayboniyxon haqida ham mana shunday dabdabali kitoblar
yozilayotgandir. Bobur Binoiyning yana Shayboniyxon tomoniga o‘tib ketganidan,
Muhammad Solih esa «Shayboniynoma» degan she’riy kitob yozayotganidan xabardor
edi. Ular Shayboniyxonning Bobur bilan olishuvlarini qanday yozisharkin? Mana bu
kitoblardagi kabi g‘olibni ko‘klarga ko‘tarib maqtashsa, Boburga bo‘lmagan ayblarni
taqib, uni yomonlashsa, keyin odamlar haqiqatni qayerdan biladi?
Bobur nuqul zafar tantanalarini kuylagan jangomalarni bir chetga surib qo‘ydi. So‘ng
o‘rnidan turib, o‘zining «Vaqoi’» deb atalgan xotira daftarlarini sandiqdan oldi.
Qiziq: so‘nggi marta daftarga Bobur o‘zining Samarqandni Shayboniyxondan qanday
tortib olganini yozganu keyin unga qo‘l urmagan edi. Demak, keyingi mag‘lubiyat va
sargardonliklarni uning o‘zi ham yozishni istamagan ekan! Ammo bular daftarga
yozilmagani bi-lan Boburning xotirasida muttasil takrorlanib yuribdi-ku. «Isitmani
yashirsang, ichga urar», deydilar. Bobur qilgan xatolarini daftaridan yashirgani bilan ular
har kuni ne-cha qayta yangi-yangi tafsilotlari bilan xayolidan o‘tib, qalb yarasini
tirnagani-tirnagan. Bundan ko‘ra hamma voqealarni rostgo‘ylik bilan mana bu daftarga
yozsa, balki o‘shanda isitma tashiga chiqib, dili xiyol yengillashar?
Bobur daftariga Saripulda qanday mag‘lub bo‘lganini, keyin qanday xo‘rliklar ko‘rganini
yoza boshladi.
U bu ishni go‘yo o‘zi uchun, o‘z vijdoni oldida hisob bergisi kelib qilardi. Shuning uchun
boya o‘qigan kitoblaridagi jimjimador, balandparvoz uslub bu yozuvlarga mutlaqo
yarashmasligini sezardi. Shu sezgi ta’sirida kitoblari orasida turgan Shomiyning
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |