Konsulxona xodimlarining immuniteti funksional prinsipga asoslanadi. Immunitetni belgilash maqsadida konsulxona xodimlari uchta toifaga ajratiladi:
konsullikning mansabdor shaxslari konsullik vazifasini bajaruvchi shaxslar;
konsullik xodimlari ma’muriy yoki texnik vazifalarni bajaruvchi shaxslar;
xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar.
Konsullikning mansabdor shaxslari shaxsiy daxlsizlikdan foydalanadi, ular qamoqqa olinishi yoki dastlabki tergovda qamoqda ushlab turilishi mumkin emas. Og‘ir jinoyat sodir etish hollari bundan mustasnodir. Lekin bunday hollarda ham kuchga kirgan sud qarori asosidagina ularning shaxsiy erkinligi cheklanishi mumkin. Konsullikning mansabdor shaxsiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan taqdirda, u tegishli vakolatli organlarga borishi zarur. Bunday hollarda va mansabdor shaxs qo‘lga olingan taqdirda qabul qiluvchi davlat ma’murlari konsullikni zudlik bilan xabardor etadi.
Mansabdor shaxs va xodimlar xizmat vazifasini bajarish vaqtida sodir etgan harakatlariga nisbatan mahalliy yurisdiksiyadan immunitetga egadir. Ushbu qoida uchinchi tomon transport vositasi bilan yetkazilgan zarar uchun qo‘zg‘atgan fuqarolik da’vosiga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Konsulxonaning xizmat ko‘rsatuvchi xodimlari guvohlik ko‘rsatmalari berish uchun sudga chaqirilishi mumkin. Konsullik xodimlari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar sudda ko‘rsatma berishdan bosh tortishi mumkin emas. Agar konsullikning mansabdor shaxsi sudda ko‘rsatma berishdan bosh tortsa, unga nisbatan hech qanday majburlash choralari qo‘llanilmaydi.
Konsullikning mansabdor shaxslari va xodimlari, shuningdek ularning oila a’zolari barcha soliq va yig‘imlardan ozod etiladi. Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish haqiga solinadigan soliqlardan ozod etiladi. Konsullikning mansabdor shaxslari bojxona to‘lovlari va ko‘rigidan ozod etiladi. Mansabdor shaxslarning yuklari orasida olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan narsalar borligi yuzasidan jiddiy asoslar mavjud bo‘lgan holatlarda ko‘zdan kechirilishi mumkin. Bunday hollarda yukni ko‘zdan kechirish konsullik mansabdor shaxsi huzurida amalga oshirilishi shart.
Davlat konsullik xizmatchisining immunitetidan voz kechishi mumkin. Konsullik xizmatchisining suddagi fuqarolik da’vosi uni qarshi da’voga nisbatan immunitetiga murojaat qilish huquqidan mahrum etadi. Sudlov immunitetidan voz kechish sud qarori bo‘yicha ijro harakatlariga nisbatan immunitetdan voz kechish, degani emas.
O‘zbekistonda konsullik munosabatlariga oid barcha masalalar 1996- yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining konsullik ustavi bilan tartibga solinadi.
Diplomatik va konsullik vakolatxonalarining imtiyozlari va daxlsizliklari. O‘zbekiston Respublikasida diplomatik xizmatning huquqiy asoslari.
Avvalambor, diplomatik xizmatga oid eng muhim masalalar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bilan tartibga solinadi. Konstitutsiya:
birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy prinsiplarini mustahkamlagan (17-modda);
ikkinchidan, xalqaro huquqning umum e’tirof etgan prinsiplari va normalari milliy qonunchilikdan ustunligini e’tirof etgan (Muqaddima);
uchinchidan, O‘zbekistonning tashqi aloqalar olib boruvchi organlari tizimini o‘rnatgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda tashqi siyosat va diplomatik huquqqa oid bir qator maxsus qonunlar qabul qilingan. Bular quyidagilar:
«Diplomatik darajalar va martabalarni o‘rnatish to‘g‘risida»gi (1992-y.) va «O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlarda diplomatik vakolatxona boshliqlarini tayinlash va chaqirib olish to‘g‘risida»gi (1992-y.) qonunlari.
Ushbu qonunlar ichida «O‘zbekiston Respublikasining chet dav- latlardagi diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash hamda chaqirib olish tartibi to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya daraja va martabalari belgilash to‘g‘risida»gi qonunlar O‘zbekistonda diplomatik xizmatni tashkil etishning huquqiy asoslarini tashkil etadi.
Agar birinchi qonun O‘zbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash hamda chaqirib olish tartibini
«Diplomatik munosabatlar to‘g‘risida»gi 1961-yildagi Vena konven- siyasiga hamda boshqa umum e’tirof etgan xalqaro huquqiy normalar va qoidalarga muvofiq belgilab bersa, ikkinchi qonun esa, O‘zbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya darajalari va martabalarini belgilab bergan.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatiya vakolat- xonasining boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan tayinlanadi va chaqirib olinadi. Bu lavozim nomzodligiga doir taklifni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tegishli idoralar bilan kelishgan holda kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti ma’qullagan diplomatiya vakolatxonasi boshlig‘ining nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vakolatxona joylashgan mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga (yozma) taqdim etib, uning roziligini (agreman) so‘raydi.
O‘zbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasining boshlig‘ini tayinlash vakolatxona joylashgan mamlakatning rasmiy roziligi olinga- nidan keyin amalga oshiriladi. Vakolatxona joylashgan mamlakatdan javob olingunga qadar diplomatiya vakolatxonasining boshlig‘i lavozimiga nomzod xususidagi ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi.
Favqulodda va muxtor elchi yoki favqulodda va muxtor vakil tayinlangan mamlakatga jo‘nab ketgunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi unga boradigan davlatining rahbariga topshirishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzolagan hamda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vaziri imzosi bilan tasdiqlagan ishonch yorlig‘ini tayyorlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining ishonchli vakiliga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining qabul qiluvchi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi nomiga yozilgan maktubi beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |