Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi 1966 yil Xalqaro pakti
Bu paktda quyidagi huquqlar mustahkamlab qo’yilgan: yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik; qiynoqlar va inson sha`nini xo’rlaydigan g’ayri-insoniy munosabat va jazoga tortilmaslik; qullikni ta`qiqlash; o’zibo’larchilik asosida hibsga olinish va ushlashlarga yo’l qo’ymaslik; so’z, din, yig’ilishlar va uyushmalar, shu jumladan, kasaba uyushmalaridagi a`zolik; harakatlanish erkinligi va yashash joyini tanlash erkinligi; umumiy saylov huquqi tizimi asosida ovoz berish; odil sudlov; ozchiliklarning himoyasi.
1969 yilgi ijtimoiy progress va taraqqiyot Deklaratsiyasi
Deklaratsiya ijtimoiy hamkorlikning kompleks dasturidir. U o’zida odamning ijtimoiy mavqeiga yangicha munosabat va ijtimoiy doktrinalar qadriyatini aks ettiradi. Unda ijtimoiy progressning asosiy tamoyillari ifodalangan bo’lib, ularning asosiysi “barcha xalqlar va odamlar, ularning irqi, terisining rangi, jinsi, tili, diniy e`tiqodi, millati, etnik kelib chiqishi, oilaviy va ijtimoiy holati yoki siyosiy e`tiqodlaridan qat`iy nazar, inson sha`niga mos erkinlik sharoitida yashash va ijtimoiy taraqqiyot mevalaridan foydalanish huquqiga ega va o’z navbatida unga ko’maklashishlari lozim”.
Deklaratsiyada jamiyatning asosiy hujayrasi bo’lgan oilaga va uning barcha a`zolari farovonligi uchun, ayniqsa, bolalar va yoshlar uchun zarur bo’lgan tabiiy muhitga muhim o’rin ajratiladi. Deklaratsiyada belgilanganidek, har bir davlatning faoliyati milliy daromad va boylikni muntazam o’stirib borishga va ular jamiyatning barcha a`zolari o’rtasida adolatli taqsimlanishiga yo’naltirilishi lozim.
xuquqbuzarlarni ushlash va ular bilan muomala qilishga aloqador qoidalar
1955 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlar bilan muomala qilish bo’yicha birinchi Kongressi mahbuslar bilan muomala qilish va penitentsiar muassasalarni boshqarishning minimal standartlarini qabul qildi. 1971 yilda Bosh Assambleya penitentsiar va axloq tuzatish muassasalarini boshqarish bo’yicha ana shu qoidalarni samarali qo’llashni ta`minlash va ularni milliy qonunchiliklarga kiritish haqilagi masalani ko’rib chiqish to’g’risida tavsiyalar berdi.
Birlashgan Milllatlar Tashkilotining atrof-muhit to’g’risidagi 1972 yilgi dasturi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining insonni o’rab turuvchi muhit muammolariga bag’ishlangan, 1972 yilda Stokgol’m shahrida o’tkazilgan konferentsiyasi har bir inson sog’lom atrof-muhit huquqiga egaligi va atrof-muhitni kelgusi avlodlar uchun saqlash va yaxshilash bo’yicha mas`ulligini e`lon qildi.
Keyinroq Bosh Assambleya Birlashgan Millatlar Tashkilotining atrof-muhit holatini kuzatish va ekologik xavfsiz faoliyatni rag’batlantirish bo’yicha Dasturini ta`sis etdi. 1989 yilda xavfli chiqindilarni chegaralar orqali tashish va yo’q qilish to’g’risida Bazel konventsiyasi ishlab chiqildi. Atrof-muhitni saqlash bo’yicha muhim xalqaro shartnomalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1992 yilda atrof-muhit va rivojlanish bo’yicha konferentsiyasida qabul qilindi, ular Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim o’zgarishi to’g’risidagi konventsiyasi va biologik turli-tumanlik to’g’risidagi Konventsiyasidir.
Ayollarga nisbatan diskriminatsiyaning har qanday shakllarini yo’q qilish to’g’risidagi 1979 yil konventsiyasi
Konventsiyaning 1-moddasida ayollarga nisbatan diskriminatsiya tushunchasiga quyidagicha ta`rif beriladi: “Ayollar tomonidan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik yoki boshqa har qanday sohadagi inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan foydalanishini yoki amalga oshirilishini zaiflashtirish yoki yo’qqa chiqarishga yo’naltirilgan har qanday farqlash, istisno qilish va cheklovlar”.
Bu konventsiyaga a`zo davlatlar tegishli barcha usullar yordamida ayollarga nisbatan diskriminatsiyani yo’q qilishga qaratilgan siyosatni zudlik bilan amalga oshirishga rozilik bildiradilar va shu maqsadda quyidagi majburiyatlarni oladilar:
a) erkaklar va ayollar teng huquqligi tamoyilini, agar kiritilmagan bo’lsa,o’zlarining milliy konstitutsiyalari yoki boshqa tegishli qonunlariga kiritish, qonun va boshqa tegishli vositalar yordamida bu tamoyilning amalga oshishini ta`minlash;
b) ayollarga nisbatan har qanday diskriminatsiyani ma`n qiladigan tegishli qonunlar va tadbirlarni, shu jumladan, sanktsiyalarni ham zarur bo’lgan holatlarda qabul qilish;
v) ayollar huquqini erkaklar bilan teng asosda yuridik himoya qilishni belgilash va uni vakolatli milliy sudlar va boshqa davlat muassasalari yordamida ayollarni har qanday diskriminatsiya qiluvchi holatlardan muhofaza qilish;
g) har qanday shaxs, tashkilot yoki korxona tomonidan ayollarga nisbatan diskriminatsiyalarni tugatish uchun tegishli choralar ko’rish;
d) ayollarga nisbatan diskriminatsiya qilish ifodalangan barcha qonunlar, qarorlar, urf-odatlar va amaliyotni tegishli tartibda o’zgartirish yoki bekor qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |