17-mavzu .Ijtimoiy-pedagogik amaliyotni o’tkazish bo’yicha tavsiyalar.
Reja:
Ijtimoiy-pedagogik amaliyotning moxiyati va mazmuni.
Amaliy ta`limni tashkil qilish
Kasbiy ko’nikma va malakalar.
Amaliyot natijalarini baholash.
Amaliy seminarlar va amaliyotni yakunlash. “Beg’amlikka berilmang, o’zingizni g’aflatga qo’ymang! xali yosh ekansiz, kuchingiz, g’ayratingiz bor ekan yaxshilik qilib charchamang”.
A. P. Chexov
(qo’llanmaning mazkur bo’limi V. L. Simonovich va L. E. Niki- tinalar ishlanmalariga asoslanib tayyorlangan).
Ushbu qo’llanmaning o’ziga xos xususiyatlaridan biri uning amaliyotga yo’naltirilganidir. Ijtimoiy pedagog va ijtimoiy soha mutaxassisini ta`lim muassasasi devorlari ichida o’tirib tayyorlash mumkin emas. qo’llanmaning ko’pchilik mashg’ulotlari so’nggida amaliy vazifalar keltirilgan, chunki ijtimoiy soha xodimining professional vakolatligining muhim belgisi o’z bilimlarini amaliy faoliyat maqsadlari, shart-sharoitlari va usullariga moslab qo’llay bilishidir. Ijtimoiy pedagog, ijtimoiy soha xodimi kasbini faqatgina individual-shaxsiy darajada egallash mumkin, shuning uchun ham mutaxassislar tayyorlashni uning shaxsini shakllantirishga yo’naltirish lozim. Ijtimoiy soha xodimlarini tayyorlash dasturlarida amaliyotga muhim o’rin ajratiladi, bu jarayonda ular mutaxassisning real faoliyatiga doxil bo’ladilar, mijozlar bilan, ijtimoiy soha muassasalari hal qiladigan muammolar bilan; jamoat birlashmalari, davlat va tijorat tuzilmalari bilan; o’zlari ishlaydigan ish sharoitlari bilan tanishadilar. Ular, shuningdek, amaliyotda o’zlarining bilim va ko’nikmalarini sinab ko’rish, tashkilotning rasmiy va norasmiy tuzilmalari bilan tanishish, o’zlarining kuchli va zaif tomonlarini anglash imkoniyatiga ega bo’ladilar.
Amaliyot o’quv yurtida olingan bilimlarni sinash, ularni bir butun tizimga jamlash imkonini beradi. Amaliyot, shuningdek, mana shu tizimdagi eng muhim bo’g’inlarni ajratish imkonini ham beradi.
Amaliyotning maqsadlari :
jamiyat va mijozlarning ijtimoiy muammolari mohiyati, tasnifi, xususiyatlari hamda ularni davlat va shaxsiyat darajasida hal qilish usullari to’g’risida bilimlarga ega bo’lish;
mijozlar bilan ijtimoiy-pedagogik ish olib borishning kasbiy bilim va ko’nikmalarini egallash;
tanlagan kasbga ruhiy jihatdan moslashish;
bo’lg’usi professionalning o’zini-o’zi tarbiyalashi;
nizom maqsadlari ijtimoiy-pedagogik xususiyatlarga ega bo’lgan jamoat birlashmalarining faoliyatlarida volontyor sifatida ishtirok etish;
turli genezislar tufayli kelib chiqadigan qiyinchiliklarni umumlashtirish, o’quv-tarbiya jarayonini korrektsiya qilishga yo’naltirilgan takliflar kiritish bilan qo’shilib ketadigan o’z-o’zini refleksiyalash.
Murabbiy-pedagoglar muhim kasbiy ko’nikma va malakalarni: kommunikativ (mijoz bilan muloqotga kirishish va bu muloqotni davom ettirish layoqati); instrumental (mijoz manfaatlarini himoya qilishning yozma va og’zaki usullarini) va tahliliy (eng muhim narsani ajrata bilish, muammoni ko’ndalang qo’yish, gipotezani olg’a surish, tegishli axborotni to’plash, harakat rejasini ishlab chiqish, uni amalga oshirish va natijalarini baholash) layoqatini shakllantirishga ko’maklashadilar.
Talabalar ijtimoiy xizmat faoliyati bilan, xodimlarning ichki tartibi va xizmat vazifalari bilan; mijozlar: oilalar, maktablar, ijtimoiy ta`minot muassasalari, ruhiy shifoxonalar va h.k. bilan tanishish imkoniyatiga ega bo’lishlari lozim. o’quvchilar, shuningdek, mijozlar tushib qoladigan turli vaziyatlar bilan tanishadilar, ularni bir butun holda idrok qilishga o’rganadilar; ular mijozlar bilan bevosita ishlashni ko’rishlari, tajribali mutaxassislar faoliyatini kuzatishlari va ko’rganlarini o’zlarining pedagog-murabbiylari bilan muhokama qilishlari, ishga faol kirishishlari, o’zlari orttirayotgan tajribani tahlil qilishlari va umumlashtirishlari, bu jarayonda amaliyot vakillarining yordamidan foydalanishlari; faqatgina o’zlarining pedagog-murabbiylaridangina emas, balki ularning hamkasabalaridan ham o’rganishlari lozim.
Nazariya va amaliyotning, ta`lim vazifalari va muayyan faoliyat turiga tayyorlashning vazifalarini o’zaro muvofiqlashtirish maqsadlar, yondashuvlar va baho mezonlari turlicha bo’lgani uchun doimo qiyin kechadi. Ijtimoiy soha muassasalari o’zlariga kerak bo’lganday mutaxassislarni tayyorlamayotgani uchun o’quv yurtlariga e`tiroz bildiradilar. o’quv yurtlari esa, o’z navbatida amaliyotchi-talabalardan maqsadli foydalanilmayapti, deb hisoblaydilar. Ijtimoiy ishda nazariya va amaliyot o’rtasidagi tafovut boshqa har qanday sohadagiga nisbatan kuchliroq seziladi va ko’pincha bu holat mazkur kasbiy faoliyatning institutsional tuzilmasi xususiyatlari bilan bog’liq bo’ladi. Mazkur tafovutni nazariya va amaliyotni integratsiyalash, kasbiy ta`limni amaliyot talablariga moslashtirish nuqtai nazaridan bartaraf etish yo’llari keng muhokama qilinmoqda.
Ijtimoiy xodimlarga amaliy ta`lim berish faqatgina barcha ishtirokchilar mazkur jarayonda o’zlarining rollarini samarali ijro etganlari taqdirdagina muvaffaqiyatli amalga oshadi. Mana shu muhim shaxslar tomonidan o’z vazifalariga vijdonan yondashmaslik, ular tomonidan etarli ko’mak berilmasligi yoki ularda tegishli qobiliyatlarning yo’qligi amaliy ta`lim uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |